date

Gvardiola: “Futbol o‘zgarmoqda, lekin mohiyati hamon o‘sha”

Gvardiola: “Futbol o‘zgarmoqda, lekin mohiyati hamon o‘sha”

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola so‘nggi yillarda futbol uslubida kuzatilayotgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ispaniyalik mutaxassisning fikricha, futbolda ayrim taktik jihatlar o‘zgarsa-da, o‘yinning asosiy mohiyati hamon o‘sha holicha qolmoqda.

So‘nggi mavsumlarda Premer-liga klublari autdan to‘pni o‘yinga kiritishni hujum quroli sifatida keng qo‘llayapti. Bu usul ayniqsa “Brentford” va “Liverpul” jamoalari misolida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Gvardioladan jurnalistlar bu taktikani futbol sifatiga ta’sir ettirmadimi, deb so‘rashdi.

“Futbol — bu shunchaki futbol. Hamon 11 ta futbolchi 11 taga qarshi maydonda to‘p surmoqda, maydonning o‘zi ham o‘zgarmagan. Faqat o‘yin evolyutsiya qilmoqda, bu tabiiy jarayon. Ha, jamoalar autlarni burchak to‘pidek ijro etishmoqda, jarima maydoniga o‘nta futbolchini jamlab, raqibni bosim ostida qoldirishmoqda.

Biz “Brentford”ga qarshi shunday usul bilan qiynalgan edik. Hatto “Liverpul” ham bu uslubga qarshi o‘ynaganda ancha qiyin holatga tushdi. Zamonaviy futbol ana shunday yo‘nalishga kirib borgan.

Standart vaziyatlar doimo xavfli bo‘lgan va bo‘lib qoladi. Biz bu jihatni jiddiy o‘rganamiz, har bir burchak to‘pi yoki aut ortida raqib uchun imkoniyat borligini bilib turibmiz. Menda shunday his borki, agar o‘yinni yaxshi nazorat qilsak, raqiblar uchun bunday imkoniyatlar ancha qisqaradi”, — dedi Xosep Gvardiola.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, zamonaviy futbolda har bir mayda detal g‘alabani hal qilishi mumkin. Shu bois “Siti” jamoasi raqibning har bir harakatini tahlil qiladi va har bir standart holatga oldindan tayyorgarlik ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, “Manchester Siti” bugun Liga kubogi doirasida “Suonsi Siti”ga qarshi muhim bahsda maydonga tushadi. Bu bellashuv Gvardiolaning taktik yechimlari va jamoaning yangi usullarga moslashuvini sinovdan o‘tkazuvchi navbatdagi imkoniyat bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola: “Futbol o‘zgarmoqda, lekin mohiyati hamon o‘sha”