08:00 / 17.05.2021
3 718

Bemor ziyorat qilishning odoblari


Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Musulmonning musulmon ustidagi haqi beshtadir:
1. Salomga alik olish;
2. Kasalni borib ko‘rish;
3. Janozaga ergashish;
4. (Taom yoki boshqa biror narsaga) chaqirganga javob qilish;
5. Aksa urganga javob qaytarish», dedilar. (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar. Alloh taolo Qiyomat kuni: «Ey odam bolasi, kasal bo‘ldim, meni ko‘rgani bormading», deydi.

Shunda u kishi: «Ey Rabbim, qanday qilib seni ko‘rgani boraman? Sen olamlarning Rabbi bo‘lsang», deydi. Alloh esa: «Bilmaysanmi, falonchi bandam kasal bo‘ldi, lekin uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda huzurimdan uni topar eding», deydi.

Alloh: «Ey odam bolasi, sendan ovqat so‘radim, menga uni bermading», desa, u kishi: «Ey Rabbim, qanday qilib seni ovqatlantiraman? Sen olamlar Rabbi bo‘lsang», deydi.

Alloh esa: «Bilmaysanmi, falonchi bandam sendan ovqat so‘radi, lekin sen unga taom bermading. Agar unga ovqat berganingda huzurimdan uni topar eding», deydi.

Alloh: «Ey odam bolasi, sendan suv talab qildim. Lekin meni suv bilan siylamading», desa, u kishi: «Ey Rabbim, nechuk seni suv ila siylayman? Vaholanki, sen olamlar Rabbi bo‘lsang», deydi.

Alloh esa: «Falonchi bandam suv talab qildi. Sen unga suv bermading. Bilmaysanmiki, agar suv bilan siylaganingda, uni mening huzurimdan topar eding», deydi. Imom Muslim rivoyatlari. (Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy. www.ziyouz.com kutubxonasi)

Kasal ko‘rishning ham o‘z odoblari bor. Mashhurlari ushbulardur:
1. Odobda bo‘lishlik. Masalan, eshikni asta qoqish, xonaga kirgach hammayoqqa alang-jalang qilib razm solmaslik.
2. Ziyorat uchun bemorga qulay bo‘ladigan vaqtni e’tiborga olishlik.
3. Bemorga tabassum salom berishlik. Qo‘l berib ko‘rishiladi. Agar bemor xavfli yuqumli kasallik bilan og‘rigan bo‘lsa, quchoqlashilmaydi. Shirinsuxanlik va samimiyat bilan suhbat quriladi. Ziyoratchi bemordan hol so‘rashi, o‘zining umidbaxsh so‘zlari bilan uning dardini yengillatishga, diliga shodlik olib kirishga harakat qilmog‘i lozim. Uni bezovtalantiradigan, kayfiyatini tushiradigan noxush narsalardan gapirmasligi kerak.
4. Bemor o‘rnidan turolmaydigan kasal bo‘lsa, bosh tomonida o‘tirib, qo‘lini uning peshonasiga qo‘ygan holda, hol-ahvol so‘raydi.
5. Ziyoratchi kasaldan “tuzukmisiz?”, “ahvolingiz qanday?”, “o‘zingizni qanaqa his qilyapsiz?” kabi savollar bilan hol so‘rashi ham mashru’dir.
6. Kasal ko‘rgani kelgan kishi bemorga Fotiha, Ixlos, Falaq va Nos suralari suralar bilan dam solib, uning haqqiga duo qilish.
7. Ziyoratchi bemorning huzurida juda uzoq o‘tirib qolmasligi lozim. Ammo bemorning o‘zi ziyoratchini yaxshi ko‘rganidan, u bilan ko‘proq suhbatlashgisi kelganligidan yana biroz qolishini iltimos qilsa sharoit taqozosi bilan uzoqroq o‘tirsa bo‘ladi.
8. Ziyoratchi bemorning sog‘ayishga bo‘lgan umidini kuchaytirishi, ushbu musibatida sabr bilan bezanishga chorlashi va umidsizlikdan qaytarishi lozim.
9. Bemorga taskin berishi, albatta sog‘ayib ketishi va Alloh xohlasa hali ko‘p yashashi haqida gapirib ko‘nglini ko‘tarishi lozim.
10. Ziyoratchilar bemor huzurida shovqin-suron ko‘tarmasliklari, bir-birlari bilan talashib-tortishmasliklari lozim.
11. Yuqumli kasalga mubtalo bo‘lgan kishi boshqa birovni – xoh u bemor bo‘lsin, xoh sog‘lom bo‘lsin – ziyorat qilishdan saqlanishi lozim.
12. Imkoni bo‘lsa qo‘lidan kelganicha sovg‘a-salom qilishlik.
13. Bemordan o‘z haqqiga duo qilishini so‘ramoqligi ham mustahab amallardan sanaladi.

H.Sotvoldiyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bemor ziyorat qilishning odoblari