15:01 / 15.08.2021
4 395

ISHID lagerlarida ulg‘aygan Abdulloh hikoyasi

ISHID lagerlarida ulg‘aygan Abdulloh hikoyasi
ISHIDning Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi talato‘plari minglab qurbonlar keltirishi bilan birga, yana minglab bolalarning bolaligini o‘g‘irladi. Afsuski, ular orasida o‘zbeklar ham yo‘q emas.

Bugun biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz Abdulloh 17 yoshda, u Eronda tug‘ilgan. Onasi Andijon viloyatidan. U 1999 yilda ish topish maqsadida O‘zbekistondan Eronga ketadi va o‘sha yerda turmushga chiqadi. Oila bir necha yil muqaddam pul topish uchun avval Turkiyaga, keyinchalik Iroqning ISHID ishg‘ol qilgan hududiga borib qolgan.

2019 yilning may oyida O‘zbekiston hukumati uyushtirgan “Mehr-1” operatsiyasida qaytarilgan o‘smir o‘zi, ota-onasi va Iroqdagi hayoti haqida so‘zlab berdi.

O‘qlar yomg‘iri, majruh bolalar va Iroq lagerlaridagi hayot
— Oilada uch singlim va men – 4 farzandmiz. Shu yoshimga qadar maktabda o‘qimaganman. O‘qish-yozishni, hisob-kitobni ham bilmaganman. Ota-onamdan meni o‘qitishlarini so‘rardim.

Hech qachon bir xil sharoitda yashamaganmiz. U yerda vaziyat juda og‘ir – ba’zida yomg‘irday yog‘ilgan o‘qlar... Bombalardan bolalar tanasi parchalanadi, onalar bolasining ko‘z oldida jon beradi. Urush boshlanganda jonni asrash uchun qochishga to‘g‘ri keladi. Shu qoch-qochlarda onalar bolalarini yo‘qotib qo‘yishadi.

Yozning issig‘ida, qishning sovug‘ida palatkalarda yashashga majbur bo‘lganmiz. To‘xtovsiz janglar, tushadigan bombalar tufayli havo zaharlangan, shuning uchun har xil kasalliklar tarqaladi.

Urush ancha og‘ir pallaga kirgach, Iroq hukumatiga taslim bo‘ldik. Hozir ota-onam Iroq hukumati qo‘lida qolgan. U yerda hamma millatdan bor. Ular hammasi qattiq pushaymon.

Ota-onam hozir aniq qayerda ekanini bilmayman. Chunki Iroqdagi lagerda bizni ajratishgan. O‘shanda otamni oxirgi marta ko‘rdim. Onam hayot ekanini bilaman, xolos.

Lagerda 50-80 kishi bitta xonada yashashga majbur bo‘lganmiz. Tiqilinch, yotishga joy topish muammo. Ikkita matrasda 5 kishi joylashishi kerak. Boshida matras ham yetishmagan, betonda yotishimizga to‘g‘ri kelgan.

“Kasal singlimni qo‘yib yuborayotib, onam qattiq yig‘ladi”
— Bizga O‘zbekistonga ketishimiz haqida xabar kelganda, 1,5 yashar kenja singlim og‘ir kasal edi. Onam uning o‘lib qolishidan qo‘rqardi. Iroq harbiylari uning qo‘lidan singlimni tortib olishganda, onam qarshilik qilib ulardan singlimni qaytarib oldi. Shunda onamdan singillarimni menga ishonib topshirishini, o‘zim ularga yaxshi qarashimni aytdim – onamni ko‘ndirdim. Shunda onam juda qattiq yig‘ladi. Bizdan ajralishi qiyin bo‘lgan.

Emizikli singlim juda qiynaldi, samolyotda yig‘ladi. Lekin hamma bizga yordam berdi. Hozir o‘sha singlim bog‘chaga boradi, she’rlar yodlaydi, shunaqa quvnoq qiz bo‘lgan. Singillarimning baxtli ekanidan juda xursandman. Chunki ularning baxti – mening baxtim. Qachondir onam kelganida ham mendan faxrlanishini istayman.

Bizga yaratilgan sharoitlar, mehr va e’tibor uchun singillarim nomidan prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman. O‘zbekistonga kelganimizdan juda baxtiyormiz.

“O‘zbekistonni bunchalik yaxshi deb tasavvur qilmasdim”
— O‘zbekistonni bunchalik darajada deb tasavvur qilmagandim. U yerda onamdan, boshqa millat vakillaridan O‘zbekiston haqida juda yaxshi gaplar eshitardim va bu maqtovlar sababini tushunmay hayron bo‘lardim. Keyin uch nafar singlim bilan [“Mehr” operatsiyasi doirasida] bizni bu yerga olib kelishdi.

To‘g‘risini aytsam, Toshkentga kelganimizda xuddi gulzorga tushib qolganday bo‘ldim. Umrimda birinchi marta bunaqa e’tiborni ko‘rishim: bunaqa yaxshi sharoitlar, oppoq joylar, yaxshi taomlar, o‘qish-yozishni o‘rganish. Bular juda hayratga soldi bizni.

Hozir Andijondagi bolalar shaharchasida yashaymiz, 9-sinfni a’lo baholarga tamomladim. Ota-onam bilan o‘zbek tilida gaplashardik, bundan tashqari turk, arab, fors tillarini bilar edim. Hozir ingliz tilini chuqur o‘rganishga kirishdim. Kelajakda tarjimon bo‘lmoqchiman.

Bo‘sh vaqtlarimda sportning sambo, jiu-jitsu, dzyudo yo‘nalishlari bilan muntazam shug‘ullanaman. Kombat aikido bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rin sohibi bo‘ldim.

“U yerdagi hayotni hech kimga ravo ko‘rmayman”
— O‘zbekistonni ko‘rganimdan keyin, onam bu yerdan ketgach unga qanchalik qiyin bo‘lganini tushunib yetdim. Buvim onamni ko‘rmaganiga, onam onasini ko‘rmaganiga necha yillar bo‘ldi, hasratda qiyinchiliklarga chidab keldi. Onamning qaytishini, o‘zimizning diyorimizda mana shu biz bilan birga baxtiyor bo‘lib yashashini judayam xohlardim.

U yerdagi hayotni hech kimga ravo ko‘rmayman. Birovga tavsiya ham qilmasdim u yerlarga borishni. O‘z ona yurtida yashashga hech narsa yetmaydi. Tinchlikning qadriga yetib yashash kerak.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » ISHID lagerlarida ulg‘aygan Abdulloh hikoyasi