11:57 / 21.08.2018
3 272

Jahon tajribasi

Jahon tajribasi
Agar davlat biror tovarni, masalan bug'doyni import qiladigan bo'lsa, mamlakat aholisi qancha bug'doy iste'mol qiladi va buning qanchasini o'z mahsuloti bilan qondiradi, buni hisob-kitob qiladi va o'rganadi. Chuqur tahlillardan keyin yetmay qolgan qismni chetdan keltiradi. Chunki kerakligidan ortig'ini olish davlat «cho'ntagi»ga zarar va eng asosiysi strategik mahsulot borasida birovga qaram bo'lmaslik.

Bu holatni o'zimizga, ro'zg'or qilishimizga ham tatbiq etishimiz mumkin. Chunki hech kim o'zida bor narsani birovdan olmaydi. O'zida borning ko'zi to'q bo'ladi, qo'shninikiga havas qilmaydi.

Endi buni ma'naviy boyliklarimizdagi misolida ko'rib chiqsak. Biz ming yillik mafkuramizga, hayot haqidagi tasavvur va tushunchalarimizga egamiz. Boshqalardan ustun odob-axloqimiz bor. Taraqqiyot cho'qqisiga chiqqan paytlarimizda, dunyoga dars o'qigan davrlarimizda ana shu tasavvur, tushuncha, ma'rifat va mafkuramiz sababli shu darajalarni egallaganmiz. Qolaversa o'sha paytdagi «tovarlarimiz» bilan ko'ngil aynir darajada faxrlanamiz, ya'ni chin dildan ularning kuchini tan olamiz.

Shunday ekan, o'zimizda, uyimizda shunchalik ulkan boyligimiz, «o'z mahsulotimiz» bo'la turib, nega endi buni chetdan import qilamiz? Birovniki, qo'shniniki biznikidan sifatsizligi va arzonligi ko'rinib turgan bo'lsa-da, nega o'zimizning sifatli va qimmatbaho mahsulotimizga diqqat qilmaymiz? Agar birimiz uning qadrini bilmayotgan bo'lsa, qolganlarimiz nega unga bildirmaymiz?

To'g'ri, yuqorida aytganimdek, bug'doyning yetmaydigan qismini import qilish kerak. Bo'lmasa, taqchillik va ocharchilik yuzaga keladi. Bu halokat. Biz ham o'zimizda yo'q mahsulotlarni keltiraylik. Bilim, ishchanlik, g'ayrat, taraqqiyot mahsul va vositalari, mantiq va ko'plab o'zimizda taqchil «mahsulot»larni import qilinishini biz ham yoqlaymiz.

Faqat o'zimizda «achib» yotgan tovarlarni bizga tiqishtirmang. Borimizdan unumli foydalanishga yo'l bering. Jahon tajribasi mana shu.
Mubashshir AHMAD

Manba: Аzon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Jahon tajribasi