12:08 / 14.04.2020
2 222

Yuliy Yusupov: «Vaziyatdan chiqishning asosiy yo‘li – eng avvalo ehtiyojmand oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar»

Yuliy Yusupov: «Vaziyatdan chiqishning asosiy yo‘li – eng avvalo ehtiyojmand oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar»
Foto: Xalqaro press-klub
Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Ground Zero tomonidan tashkil qilingan vebinar doirasida «Koronavirusgacha va undan keyingi jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston» mavzusida ma’ruza qildi hamda savollarga javob berdi.

­– Hozirgi pandemiyaning avvalgi epidemiyalar – qora o‘lat, vabodan farqi nimada?
– Joriy epidemiyani avvalgi qora o‘lat, vabo, ispan grippi kabi epidemiyalar bilan miqyosi, tarqalganlik darajasiga ko‘ra taqqoslab bo‘lmaydi. Biroq uning juda muhim o‘ziga xos jihati mavjud: u juda tez tarqaladi, gripp epidemiyasiga qaraganda [koronavirus sababli yuzaga keladigan] o‘lim darajasi nisbatan yuqori, unga qarshi hozircha vaksina yo‘q. Yana bir muhim jihati, kasallikning og‘ir davrida maxsus texnik vositalar kerak. Bu o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparati va malakali shifokorlar.

Pandemiyaning ana shu xususiyatlari joriy inqirozning o‘ziga xos jihatlari, jamiyatning epidemiyaga hozirgi munosabatiga sabab bo‘ldi. Chunki kasallikning og‘ir davri boshlanganida sog‘liqni saqlash tizimiga o‘ta og‘ir yuk tushadi, kerakli apparat, tibbiyot xodimlari bo‘lmagani uchun haqiqiy gumanitar falokat yuzaga keladi. Davolash kerak bo‘lgan odamlar ko‘p. Shuning uchun kimning yashashi yoki kimningdir yashamasligini tanlashga to‘g‘ri keladi.

O‘z-o‘zidan, hukumat [ikkitadan bittasini] tanlashi kerak bo‘ladi: yo gumanitar falokat, yoki iqtisodiy inqiroz. Ko‘pchilik hukumatlar hozirda bizga kamroq tuyulgan muammo – iqtisodiy inqirozni tanlamoqda. Tabiiyki, iqtisodiyotga katta zarar keltiradigan choralar kiritilmoqda. Hozir yuzaga kelgan inqiroz – sodir bo‘lishi muqarrar, u ongli tanlov.

- Inqirozning hajmi qanday?
- Hozir buni aytish imkonsiz. Chunki biz karantin qancha davom etishi va iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini bilmaymiz. Faqat taxmin qilish mumkin, lekin bu hisob-kitoblar shartli.

– Inqirozning O‘zbekiston uchun xavfi nimada?
– Vaziyat maoshdan maoshgacha yashaydigan kambag‘al kishilar uchun juda xavfli. O‘zbekistonda 1-3 oy davomida yashash imkonini beruvchi jamg‘armaga ega bo‘lmagan odamlar juda ko‘p.

Ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, O‘zbekistonda taxminan 5,7 million kishi rasmiy sektorda band. Bu mamlakat mehnat resurslarining 30 foizi. Bundan taxminan yarmi budjet sohasida ishlaydi. O‘ylaymanki, davlat o‘z ishchilari haqida qayg‘uradi. Qolgan yarmi xususiy sektorda faoliyat yuritadi. Bu yerda barqaror pul ishlash imkoniyati bo‘lmasligi ham mumkin. Faoliyat yuritayotgan va o‘z ishini davom ettiradigan, yopilsa ham tez orada ochiladigan korxonalar. Ko‘p tashkilotlar esa uzoq vaqtga yopilishi mumkin.

Taxminan 5,4 million kishi norasmiy sektorda faoliyat yuritadi. Bu yerda vaziyat undan ham yomonroq. Chunki bu odamlar haqida hech kim qayg‘urmaydi, ular o‘zlarini mustaqil band qilgan kishilar.

Yana 2,6 million kishi xorijda ishlaydi. Bu rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aslida [ko‘rsatkichlar] bundan ancha ko‘proq. Bu odamlar va ularning oilalari falokatli vaziyatga tushib qolishdi. Shuning uchun ham yalpi talab va yalpi taklif hamda ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlash choralari muhim. Ko‘plab mamlakatlar tajribalari shuni ko‘rsatyaptiki, vaziyatdan chiqishning asosiy yo‘li – bu eng avvalo ehtiyojmand oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar. Bu bir tarafdan oilalar qashshoqlik holatiga tushib qolmasliklari, ochlikdan o‘lmasliklari uchun bo‘lsa, boshqa tarafdan yalpi talabni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshiriladi.

Harakatlarning yana bir yo‘nalishi bu – biznesni qo‘llab-quvvatlash. Men biznesga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlarni amalga oshirish kerak deb o‘ylamayman. Chunki bizning vaziyatimizda to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlar ayrim «o‘g‘ri kompaniyalar»ga sarflanishi mumkin. Ishlab chiqarishi ana shunday to‘lovlarga muhtoj kompaniyalar esa ularni olmaydi. Keyin vaziyati og‘ir bo‘lgan tarmoqlar bor: restoran, mehmonxona biznesi. Ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar nima beradi? Mehmonxonada odam yo‘q, turistlar yo‘q. Shuning uchun ham biznesni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashda katta imkoniyat ko‘rmayapman.

Ishlab chiqarishi, faoliyati to‘xtagan sohalarni soliqlardan butunlay ozod qilish kerak. Agar ular ishlashni boshlasa, yoki ishlamasa ham xodimlariga maosh bersa, ularni soliqqa tortish yaramaydi. Hozir nafaqat inqiroz davri uchun, balki umuman soliq yukini kamaytirishga erishishning ayni vaqti. Masalan, daromad solig‘ini umuman bekor qilish varianti mavjud. QQSni to‘lash amaliyotini takomillashtirish kerak. Import uchun tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf qilish kerak. Biznes uchun ma’muriy to‘siqlarni qisqartirishda vaziyatdan foydalanish lozim. Hozirgi vaziyatda biznes xarajatlar qisqarishiga muhtoj.

Biroq davlat tomonidan qo‘llanadigan choralar birinchidan, shaffof, ikkinchidan, bozor iqtisodiyotiga mos ravishda, uchinchidan qonun doirasida amalga oshirilishi muhim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yuliy Yusupov: «Vaziyatdan chiqishning asosiy yo‘li – eng avvalo ehtiyojmand oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar»