Yevropa Markaziy banki: Stablecoinlar eski moliya xatarlarini keltirib chiqaradi

Yevropa Markaziy banki (ECB) Ijroiya kengashi aʻzosi Isabel Schnabel stablecoinlar tokenlashtirilgan moliya tizimiga eski moliya bozoridagi zaifliklarni olib kirishi mumkinligidan ogohlantirdi. Seulda oʻtkazilgan konferensiyada soʻzlagan Schnabel, ushbu aktivlar bank tizimidan mablagʻlarning chiqib ketishi va pul-kredit siyosati samaradorligining pasayishiga sabab boʻlishini taʻkidladi. Uning fikricha, markaziy banklar raqamli euro kabi vositalar orqali davlat pullarini modernizatsiya qilishi zarur. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Schnabel stablecoinlarni pul bozori fondlari bilan qiyoslab, ularning foydali innovatsiya ekanligini, ammo ommaviy sotuvlar (fire sales) va bank inqirozlariga moyilligini qayd etdi. Shuningdek, u stablecoinlarning ommalashishi USD valyutasining global ustunligini yanada mustahkamlashini aytdi. Hozirda muomaladagi deyarli barcha stablecoinlar dollarga bogʻlangan boʻlib, boshqa valyutalar bu bozorda juda kichik ulushga ega.
ECB ushbu vaziyatga javoban ikki yoʻnalishda ish olib bormoqda: chakana raqamli euro va ulgurji tokenlashtirilgan markaziy bank pullari. Mart oyida ECB Yevropaning tokenlashtirilgan moliya bozorlari uchun Appia yoʻl xaritasini taqdim etgan edi. 2026-yilning uchinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan Pontes loyihasi TARGET xizmatlari bilan blokcheyn texnologiyasi oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydi.
Markaziy banklar innovatsiyalarga qarshilik koʻrsatmasligi, aksincha, moliya barqarorligini saqlash uchun ularni nazorat qilishi kerakligi taʻkidlandi. Avvalroq ECB prezidenti Christine Lagarde ham stablecoinlar yevroning xalqaro rolini oshirish uchun eng yaxshi yoʻl emasligini, balki markaziy bank pullariga asoslangan infratuzilmani rivojlantirish lozimligini aytgan edi.
Ayni paytda Yevropa Komissiyasi kripto-aktivlar bozorini tartibga soluvchi MiCA qoidalarini qayta koʻrib chiqmoqda. Coinbase kabi yirik birjalar ushbu jarayonda ishtirok etib, stablecoinlar boʻyicha qoidalarni yanada raqobatbardosh qilishga chaqirmoqda. Mutaxassislarning fikricha, tartibga solish mexanizmlari moliya tizimidagi ishonchni saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!