1 959
“Nima haqqingiz bor mening ovozimni cheklashga?” — moliya vaziri deputatning “Tashabbusli budjet” bo‘yicha taklifini qat’iy rad etdi
Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Qonunchilik palatasi yalpi majlisida “Adolat” partiyasining ikki deputati moliya vaziri Timur Ishmetovdan “Tashabbusli budjet”da ovoz berishni murakkablashtirishni talab qildi. Xususan, deputat Gulbahor Saidg‘aniyeva fuqarolarning o‘z hududidan tashqaridagi loyihalarga ovoz berishini cheklashni ilgari surdi. Ishmetov bu taklifga keskin e’tiroz bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 31 may kungi yalpi majlisida moliya vaziri Timur Ishmetovning davlat budjeti bo‘yicha hisoboti tinglandi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, hisobot doirasida “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘yicha ham fikrlar yangradi.
“Adolat” partiyasi deputati Muhammadjon Valiyev loyiha doirasida sun’iy ovoz yig‘ish, til biriktirish yoki ta’lim sohasi xodimlarini jalb qilish kabi holatlar bo‘lganini aytib, vazirdan bular takrorlanishining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilayotganini so‘radi.
Ishmetov bu fikrga qo‘shilmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” loyihasida o‘tgan yili 1,1 mln nafar, bu yil esa 6,7 mln nafar fuqaro ishtirok etgan.
“Mazkur raqamlarning o‘zi ko‘rsatadiki, odamlarda qanchalik darajada muammolar ko‘p, mana shu muammolarni esa ular o‘zlari hal qilishga harakat qilishga tayyor. Bu yerda aytilgan ayrim gaplarga, men uzr so‘rayman, qo‘shilmayman. Nimagadir shu “Adolat” partiyasi bu masalani bir “tilamchilik” deydi, bir yana nimadir yoki “til biriktirish” deydi. “Xalq uchun dolzarb bo‘lmagan loyihalar berilyapti”, deydi. Men bu jarayonlarda til biriktirish degan narsani tushunmayman.
Ko‘p joylarda ko‘rganmiz, ayrim mahallalarda ham. Mahallada fuqarolar soni kam bo‘lgani uchun har bir mahalla o‘zining loyihasi uchun ovoz berib, arzimagan son bilan tumanda loyiha yutmagandan ko‘ra, odamlar bir-biri bilan gaplashib: “Qo‘yinglar, bir gal shu atrofdagi mahallalardan biri bizning loyihaga ovoz bersin, keying safar biz ularning loyihasiga ovoz beramiz”, deb harakat qilishadi. Mana bizning o‘zbek xalqi qanchalik sabrli, yuragi keng. “Mayli, bizning muammo keyingi yil hal bo‘lsin, bu gal yana bir yil kutamiz”. Lekin mana hal bo‘lsin deganda qo‘llanayotgan taktika va strategiyalar. Men uzr so‘rayman, chunki men bu jarayonni sun’iy ovoz yig‘ish yoki qandaydir til biriktirish deb hisoblamayman.
Albatta, kamchiliklar bor. Qayerdadir turli xil taktikalarni qo‘llab, kimdirlar 2 ming so‘mdan pul yig‘gan, boshqa qilgan. Lekin bularni qilgan tashabbuskorning ishini shu jarayonda qatnashgan barcha odam qilishi mumkin. Ular ham shu ishni qilsa bo‘ladi, imkoniyat hamma uchun bir xil.
Biz o‘tgan yilgi natijalardan qoniqmaganimiz uchun deputatlarga, OAV, taniqli blogerlarga murojaat qildik: “Mana shu davlatning loyihasini targ‘ib qilishga yordam beringlar, odamlar ishonmayapti”, deb. Hammaning fikrini eshitdik, shunga qarab ovoz berish, ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarini soddalashtirdik. O‘tgan yilgi ovoz berish qiyin bo‘lgan jarayonlarda 1 milliondan ziyod odam qatnashgan bo‘lsa, soddalashtirish hisobiga 6 mln 700 nafar fuqaroni qamrab oldik.
Bundan tashqari, biz mana shu ochiq “Tashabbusli budjet” jarayonlarini muhokama qilishga yig‘ilamiz, bunda OAV katta yordam beradi. Kun.uz, Gazeta.uz, bir-ikkita taniqli blogerlar: Xushnudbek Xudoyberdiyev, Davletov, iqtisodchi Otabek Bakirov deganlari. Ular shu Moliya vazirligiga kelib, aholidan tushayotgan taklif, e’tirozlarini olib kelishadi, biz shularni doimiy ravishda muhokama qilib boramiz. Agar mana shunday muhokamani lozim deb topsangiz, sizlarni ham taklif qilamiz. Barcha takliflarni shu masalani yechimi uchun muhokama qilib, ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlaymiz”, dedi Moliya vazirligi rahbari.
Gulbahor Saidg‘aniyeva / UzReport TV efiridan kadr
“Adolat” partiyasining yana bir deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva yana shu masalada savol berdi. U 2 ming aholisi bor hududlarda 10 mingdan ortiq ovoz yig‘ish holatlari kuzatilganini aytib, “bu sun’iy ovoz berishdan boshqa narsa emas” dedi.
“O‘sha kunlari hududda mobil operatorlarning sotiladigan sim-kartalari qolmagan. Men shulardan kelib chiqib oldingi yig‘ilishlarimizda ham takliflar bergandim. “One ID” tizimiga o‘tish, bitta fuqaroning ellikta sim kartasi bo‘lsa ham, u bir martadan ortiq ovoz bera olmasligi bo‘yicha tizimga o‘zgartirish kiritish va bitta hududda yashaydigan fuqaroni boshqa hudud uchun ovoz bera olmasligi bo‘yicha takliflar bergandim”, dedi Saidg‘aniyeva.
Ishmetov deputatning bu taklifi unga yoqmaganini yashirib o‘tirmadi.
“Fuqaroning boshqa hududdagi loyihaga ovoz berishini cheklash mumkin emas. Nima haqqingiz bor sizning mening ovozimni cheklashga? Men o‘zimning Mirobod tumanimda bironta loyihaga ovoz bermaganman, lekin [Qoraqalpog‘istonning] Mo‘ynoq tumanidagi bitta loyihaga ovoz berganman. Mening ovozim! Siz meni hudud bo‘yicha cheklashga haqqingiz yo‘q”, – dedi u.
G‘olib deb topilgan loyihalardan namunalar / Openbudget.uz saytidan skrinshot
Eslatib o‘tamiz, 1 fevraldan 22 fevralgacha fuqarolardan joylarda budjet mablag‘lari taqsimoti bo‘yicha takliflar yig‘ilgan, 5 martdan 1 aprelgacha ovoz berish jarayoni o‘tkazilgandi.
Yakunda 2354 ta taklif g‘olib deb topilib, ularni amalga oshirish uchun 1,2 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.
Takliflarning aksariyati ijtimoiy ob’ektlar: maktablar, bog‘chalar va yo‘llar ta’miriga oid. Joylarda loyiha g‘olibi bo‘lgan mahallalar g‘alabani katta xursandchilik bilan karnay-surnaylar va o‘yin-kulgi bilan qarshi oldi. Faollar bu loyiha aholining budjet taqsimotidagi sezilarli faolligini ko‘rsatganini e’tirof etdi.
Hududlarda mahalliy faollar budjet mablag‘ining bir qismini taqsimlash bo‘yicha ovoz yig‘ayotgan paytda, “Adolat” partiyasi saytida maqola e’lon qilinib, bu jarayon “tilanchilik” deb atalgandi.
“Meni va men kabi ko‘pchilik boshqa yurtdoshlarimizni XXI asrda o‘ylab topilgan yangicha bir kashfiyot e’tiborimizni qaratmoqda – “tilanchilik”. Bu tilanchilik o‘zlariga qadrdon bo‘lgan tashkilot, maktab, bog‘cha va hokazolar uchun davlatning mablag‘ ajratilishi uchun tilanchilikdir”, deya yozgandi bu partiyaning markaziy apparati boshqarma boshlig‘i Gulniso Saidova o‘zining “Tilanchilikni yangicha ko‘rinishi(mi?!)” sarlavhasi maqolasida.
“Adolat” SDP avvalroq TikTok'ni butkul bloklashni taklif qilgani, hokimiyat vakillarining talabiga bo‘ysunmaslikka da’vat qilishni Jinoyat kodeksiga kiritishni qo‘llab-quvvatlagani bilan e’tibor tortgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)