19:50 / 18.08.2022
2 765

“Bu ketishda Toshkent Jakartaning holiga tushadi” — Behzod Hoshimov

“Bu ketishda Toshkent Jakartaning holiga tushadi” — Behzod Hoshimov
Tadqiqotlarga ko‘ra, shaharlarda yo‘llar qancha kengaytirilsa, tirbandliklar ham shuncha ko‘payaveradi.
Jakarta, Indoneziya / Foto: fakta.news

Toshkent hokimi shaharni taqqoslagan Dubay shaharsozlik borasida namuna bo‘la olmaydi, deydi jamoatchilik faollari Behzod Hoshimov va Botir Qobilov. Ularning fikricha, Toshkent bu ketishda Indoneziya poytaxti Jakartaga o‘xshab qolishi mumkin, bu yerda “odamlar mashinasiga yostiqlar qo‘yib qo‘yishgan, chunki tirbandliklarda uxlashga ham to‘g‘ri keladi”.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 1994 yilgi Dubay bilan bugungi Toshkentni solishtirgani jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Jamoatchilik faollari – Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov va Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov o‘zaro suhbat-podkastida shu mavzudagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Behzod Hoshimov shu yil Dubayga borgani, u yerda shaharsozlik bo‘yicha qilingan xatolar tuzatilayotganini aytgan.

1988 yil bilan solishtirsak, bugun Toshkentda kishi boshiga avtomobillar soni 6 barobar ko‘proq. Oldin kishi boshiga nisbatan avtobus o‘rinlari ko‘proq edi. 1994 yilda Toshkent bundan 1,5 barobar yashilroq edi, jamoat transportida yuradiganlarning ulushi ham ko‘proq edi.

Dubay haqida aytadigan bo‘lsak, u yerda 2010 yilda zo‘rg‘a metro paydo bo‘ldi. Hali ham shaharsozlikning eng yomon namunalari borasida Dubaydan yomonroq misol topish qiyin. Balki undan yomoni Las Vegas bo‘lishi mumkin. Men borgan shaharlarning ichida urbanizatsiya nuqtayi nazaridan eng yomoni – Dubay. Ehtimol Las Vegasdan yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin Dubay – O‘rta Sharq Las Vegasi. Hozir hukumat yillar davomida qilingan xatolarni tuzatyapti. Va bu xatolarni tuzatish uchun juda qimmat to‘lashyapti. Chunki vaqt nuqtayi nazaridan bir joydan ikkinchi joyga borish juda qiyin bo‘lib qolgan.

Dubayda bormoqchi bo‘lgan masofangiz qisqa bo‘lishi mumkin, lekin u joyga yetib olishingizga juda ko‘p vaqt ketadi. Shaharning asosiy markaziy ko‘chasi – Shayx Zayd ko‘chasida turgan bo‘lsangiz, uning narigi tomoniga o‘tish uchun mashinada 4 km yurishingiz kerak. Bu xatolar ustida ishlar boshlangan. Bog‘lar, piyodalar uchun sharoitlar qilinyapti. O‘ylaymanki, Dubay keyingi 30 yilda normal holatga kelib qoladi. Lekin Dubay qilgan xatolarni qilishimiz shartmi?
” – deydi u.

Botir Qobilov esa Toshkentda qilinishi kerak bo‘lgan har qanday xatoning ikki barobari qilindi, deb hisoblaydi.

1988 yildagi Navoiy ko‘chasining rasmi bor va hozirgi bilan solishtira olaman. Birinchidan, jamoat transporti juda yomonlashdi, tramvay va trolleybus yakson qilindi. Agar 2005-2006 yillardagi hujjatlarni ko‘tarib ko‘rsangiz, tramvay va trolleybusni yo‘qotishning asosiy sababi sifatida uning rentabelligi va avtomobillarga xalaqit qilayotgani keltirilgan. Shahar aholisi, ya’ni jamoat muhokamasi eshitilmagan.

Siz aytgan yashil zonalar qisqardi – bu fakt, nafaqat daraxtlar kesildi, bog‘lar ham yakson qilindi. Ko‘pchilik bilmasligi mumkin: Toshkent shahrida yangi konservatoriya o‘rnida kichkina ko‘l va u yerda yashil zona bo‘lgan. O‘sha ko‘l ham quritildi. Yana Milliy bog‘, balki bir nechta ko‘llar, masalan “Rohat”, “Baxt” ko‘li, ariqlar, jarliklar betonlashtirildi. Shahar ichidan o‘tadigan ariqlarni nazarda tutyapman. Koreyadagi bitta shaharda ariqni yopib tashlab beton qilib yo‘l qilishgan, lekin mamlakatga yangi prezident kelganidan keyin ariqni qayta ochishdi. Aminmanki, Toshkent shahri rivojlanishining eng tubiga yaqinlashdik
”, – deydi u.

Qobilovning fikrlarini davom ettirar ekan, Hoshimov Dubaydagi cho‘l bahonasi Toshkentda bo‘lmagani, aksincha, poytaxt “Dubay” qilinganini aytadi.

Masalan, Toshkent bilan Dubay solishtirildi. Toshkent, Dubay va biz yuqoridagi aytgan Las-Vegasning o‘xshash jihati har uchalasida yo‘llarning ustidan qilingan piyodalar o‘tish yo‘lagining borligidir. Menimcha, bu narsani Dubay Las Vegasdan ko‘rgan, biznikilar esa Dubaydan. Bizga o‘sha didsizlikni olib kelishdi. Dubay bilan Las Vegasda cho‘lda qurilgan shahar degan bahonasi bor, lekin Toshkentda bundan 200 yil oldin ham odamlar yashardi, shahardan ariq o‘tardi, odamlar daraxt ekardi. “Skver”da kesilgan daraxtlarning ko‘plari 19-asr o‘rtalarida ekilgan. Dubayda daraxt eksa unadimi, degan masala turibdi, biz esa bor narsani Dubay qildik. Dubay qilishni yomon ma’noda aytmayapman, bu shaharni cho‘llashtirish, betonlashtirish nuqtayi nazaridan”, dedi Qobilov.

Suhbat davomida Qobilov kelajak avlodlar biz betonlashtirgan shaharga yashillikni qaytarish uchun qimmat to‘lov qilishini ta’kidlarkan, ular ko‘llar va jamoat transportini qaytarishiga, shahar markazidan o‘tgan, “Formula-1 uchun mo‘ljallangandek” ko‘rinadigan eni juda keng yo‘llar buzilib, shaharga oid har bir ish jamoatchilik bilan muhokama qilinishiga umid bildiradi.

Hoshimov Indoneziya poytaxti Jakarta shahrining bugungi ahvoli haqida gapirar ekan, bu ketishda Toshkent shu darajaga borishini taxmin qiladi.

Singapur va Jakartaning orasi – samolyotda 40 daqiqalik yo‘l. Jakarta ko‘p jihatdan Toshkentga o‘xshaydi. Ko‘chalari nihoyatda keng, lekin yo‘llar juda tirband. Odamlar mashinasiga yostiqlar qo‘yib qo‘yishgan: bir xil “probkalar”da uxlashga to‘g‘ri keladi. Shahar deyarli yurmaydi, ayniqsa ish kunlari.

Singapurda esa shahar markazidan aeroportga 15 daqiqada yetib olasiz, Jakartada bu 1 soat va qachon kelishingiz noaniq. Jakartada ham O‘zbekistondagi kabi benzinga subsidiyalar bo‘lgan. Bir necha yillar oldin mamlakatda aholi daromadlari juda tez o‘sgan, natijada odamlarda mashina olishga imkoniyat bo‘lgan va hamma mashina olishni boshlagan.

Garchi Jakartada mashina arzon, benzin arzon, shaharda mashinada yurish bepul bo‘lsa ham, aksar jakartaliklar qimmat Singapurni yaxshi ko‘rishadi. Vaholanki, Singapurda yo‘lda yurish qimmat (shahar markaziga kirish pulli). Ixtiyoriy jakartalikdan so‘rasangiz, Singapur yaxshimi yoki Jakarta deb, albatta Singapur deydi. Lekin o‘zlariga kelinglar unda, Singapurdagidek qilaylik, benzinga subsidiyani to‘xtataylik, desangiz, rozi bo‘lishi mushkul.

Aytmoqchimanki, bu ketishda Toshkent ham Jakarta bo‘lib, ikki soatlab tirbandlikda turish – bu kelajagimiz. Ancha qiynalganimizdan keyingina nimadir qilamiz
”, – dedi u.

Qobilov esa Jakartada harakatlanish haddan tashqari qiyinlashib ketgani sabab hukumat hatto poytaxtni ko‘chirish haqida o‘ylayotgani, ma’muriy binolar shahardan tashqariga ko‘chirilishi reja qilinayotganini aytadi. “Toshkentda ham hozir qancha ma’muriy binolar bog‘lardan ko‘ra ko‘proq joyni egallagan. Shu narsalar ham inobatga olinishi kerak, deb o‘ylayman”, – deydi u.

Hoshimovning fikricha, hozir Toshkentni “qutqarib turgan” narsa – kambag‘allik, ya’ni mashinalarga bojlarning balandligi, savdoga to‘siqlar. Iqtisodchi agar odamlarning daromadi o‘sib, bojlar olib tashlansa, shahar bundan-da yomonroq bo‘lishini taxmin qiladi.

Bojlar shundoq ham olib tashlanishi kerak, bu shart. Hozir shahar aholisining 30 foizida mashina bor deb tasavvur qilsak, bojlar olib tashlansa, 70 foizida mashina bo‘ladi deylik – Jakartaning taqdirini to‘laligicha takrorlaymiz”, – deydi u.

Qobilov Hoshimovning fikrlarini davom ettirar ekan, shahar infratuzilmasi borasida yozgan maqolalarining birida “Toshkent Dubay bo‘lishini xohlaysizlarmi?” deya savolni o‘rtaga tashlaganini eslaydi. “Demak, haqiqatan shaharni Dubay qilishmoqchi, agar maqsad shu bo‘lsa, oxirgi gaplardan keyin to‘g‘ri yo‘lda ekansiz, deb qo‘ydim”, deydi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Bu ketishda Toshkent Jakartaning holiga tushadi” — Behzod Hoshimov