11:20 / 22.08.2022
1 234

Sizlarni sog‘inib

Sizlarni sog‘inib
TARIX. Aslida, Aslxon o‘g‘li Bobur Shokirovning kurash va o‘ylari, ming bir azoblarga yo‘g‘rilgan hayoti bir sobit musulmonning, Allohning jannatlariga doxil insonning porloq taqdiri sifatida hali tarixga aylanmagan. Uning hayoti nafaqat kechagi kunimiz, ayni paytda bugunimizni ham o‘zida aks ettiradi. Zero, u orzu qilgan imon halovatlariga, insoniy erkinliklarga hali-zamon erishganimizcha yo‘q. Bobur, eng avvalo, inson ruhan erkin, ozod bo‘lishini, shundan keyingina jisman qullikdan xalos bo‘lishi mumkinligini sovetning zulmxonalaridan turib yozgan edi.

Rosti ham biz ruhan ozod odamlarmizmi? Axir ruhimizni avval boshda o‘z xonlarimiz, amirlarimiz, keyinchalik oq va qizil bosqin chilar, undan keyin esa yana o‘zimizdan chiqqan kommunistlar sindirib, yakson qilib yubormadimi?! Yana ham bu turkiy millatning zuvalasi pishiq ekan, u hamon yashamoqda... Va u to qiyomatgacha yashaydi, inshaalloh. Chunki bu millat kuchli, imoni baquvvat millat. Tut daraxti misoli qancha kallaklansa, shuncha ko‘p qayta shoxlaydi.
* * *
“...Uvays aka, Siz nazarimda har bir yozgan xatingizda menga go‘yoki, bir savol bergingiz keladi-yu, ammo akalik mehringiz bunga yo‘l qo‘ymayotganday. Tushunaman, chunki Siz meni avaylaysiz, ikkimizning hayotdagi holatimizni hisobga olasiz: “qamoq” va “ozodlik”.

Nazarimda, “Seni shunday qaltis harakat qilishga nima majbur qildi?” demoqchi bo‘lasiz. Gohida kechalari bu savolni o‘zimga ham beraman.

Meni uyga qaytishdan, ko‘pchilik qatori hayot kechirishdan to‘sgan narsa: shaxsiy maslagim va dunyo qarashimdir. Mana savolingizga qisqacha javob. Uni sharhlashga ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylayman. Dunyo harakat bilan obod, undagi eng ulug‘ ne’mat ozodlik ekanini chuqur his qilaman. Qolaversa, Vatan va millat ozodligi yo‘lida qayg‘urish, jonbozlik ko‘rsatish bizning orimiz, nomusimiz, qolaversa, qismatimizdur. Bobomiz bunga ibrat bo‘lur...

Sizlarni sog‘inib Bobur, Saransk shahri, 12 yanvar 1974 y.” “Toshkentdagi barcha qarindoshlarimga, Oltin bobomga, mehribon ota-onam, aka-uka, singillarimga salomimni yo‘llayman.

Bu yerda men 12 yillik umrimni o‘tkazishdan oldin bir umid va maqsadni tasdiqlab olib, borliq ruhiy va jismoniy qiyinchiliklarni yengishga bel bog‘lamoqchi edim. 12 yil, bu – 1 yoki 2 yil emas, bir inson umrining beshdan bir qismi. Xo‘p, ming xil bahonalar bilan o‘zimni oqlarman. Lekin ota-onam, qarindosh-urug‘larim oldida ojizman. Shuning uchun sizlardan bir so‘z eshitib, 12 yillik yosh umrdan kechay demoqchiman. Bu yerda hayot juda arzon, men uchun bo‘lsa undan ham arzon.

Achchiq qora non, ruhiy oziqsizlik, umidsizlik hayotning narxini yanada tushiradi. Shu sababli, har bir jon tashqaridan keladigan ruhiy madad bilan tirik. Agar shunday ruhiy madad, kuch bo‘lmasa, 10–15 yil ichida ularning hayoti nima bo‘lishi sizlarga ma’lum. Shuning uchun bu yerda o‘tirgan har bir kishi 10–15 yilni o‘tkazishdan oldin, o‘zining ruhiy va jismoniy kuchini tarozida tortib ko‘radi, vazni arzisa umrini beradi, arzimasa undan kechadi, xolos. Men ham umrni berishdan oldin shuni bilmoqchiman.

Yuqorida aytilgan ruhiy kuch va madad, asosan, bu yerda o‘tirganlarning ota-onasi, oilasi, xotini va bola-chaqasidan bo‘lar ekan... Agar sizlar meni tushunib, kechirolsanglar, men uchun bu uzoq tutqinlik kunlarini o‘tkazishimda bir tayanch vazifasini bajarar edi. O‘z maslagim, maqsadim va dunyoqarashimni yaqinlarimning mehri, his-tuyg‘ulari, himmat va qa rorlaridan ustun qo‘ydim... Bu qilmishim uchun ulardan ko‘p martalab kechirim so‘rayman. Sizlarni sog‘inib:

Bobur, Potma, Mordoviya, 15 avgust 1971 y.”.

(davomi bor)
Yoqubjon Xo‘jamberdiyevning “Sog‘uniy” kitobidan olindi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sizlarni sog‘inib