20:35 / 25.08.2022
1 172

Tibbiy sug‘urta konstitutsiyaga kiritilmoqda. Bu fuqarolarga qanday foyda keltiradi?

Tibbiy sug‘urta konstitutsiyaga kiritilmoqda. Bu fuqarolarga qanday foyda keltiradi?
O‘zbekistonda bepul tibbiy xizmatdan foydalanish uchun mamlakatning barcha aholi qatlamiga teng huquqlar berilgan. Bu konstitutsiyada ham nazarda tutilgan. Ammo bu imtiyoz har doim ham bizni qoniqtiravermagan. Tibbiy xizmat bepul taqdim etilishi barcha muammolarimizni, kasalliklarimizni qamrab ololmagan. Tekin tibbiyotdan qachon to‘liq ko‘nglingiz to‘lgan? Aniq ayta olasizmi? Yo‘q albatta.

Odatda davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish xizmatlari birinchi navbatda profilaktika, tez yordam ko‘rsatish, birlamchi yordam ko‘rsatish, tibbiy tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi. Vaziyat jiddiyroq kasalliklarga borib yetganda, pulli xizmatlar ishga tushadi. Og‘ir jarrohlik amaliyotlari, onkologik kasalliklar, operatsiyalar, intensiv davolanish talab qiladigan boshqa turdagi kasalliklar haqida gap ketganda katta pullar ko‘z oldimizga keladi. Bu yashiriladigan holat emas. Butun dunyoda shunaqa. Rivojlangan davlatlarning meditsina narxini biz bilan solishtirganda esa narxlar bir necha marotaba qimmatligini ko‘rganmiz.

Bugun xususiy klinikalarimizga tashrif buyurganimizda ham davo istab kelganlarning gavjumligini ko‘ramiz. Chunki ular ham yaxshi tushunishadi: bepul tibbiy xizmat bilan barcha kasalliklarni qamrab olib bo‘lmaydi va davolashning imkoniyati yo‘q. Aynan mana shu vaqtda haqli savol tug‘iladi. O‘z vaqtida so‘ralgan pulni to‘lashga qurbi yetmaydigan aholi qatlami nima qilishi kerak? Ilojsiz vaziyatdan qanday chiqib ketadi?

Tabiiyki, mavjud muammoni hal qilishning eng qulay yo‘li — tibbiy sug‘urta xizmatining yo‘lga qo‘yilishidir.

Xorijda tibbiyotning narxi qimmatligi haqida gapirdik. Ammo odatda bu aholi uchun ortiqcha boshog‘riq tug‘dirmaydi. Chunki barcha zarur xarajatlar bemorning tibbiy sug‘urtasi orqali, sug‘urta kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Bemor sug‘urta uchun to‘lagan (oyma oy yoki boshqacha ko‘rinishda) puli evaziga shifoxona xarajatlari hattoki to‘liq (ba’zida qisman) qoplanishi mumkin.

O‘zbekistonda bu tizim mavjud bo‘lmagan va yaqindan boshlab, sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida sinab ko‘riladigan bo‘ldi. Tizimning qanday natija berishiga qarab, kelgusida boshqa hududlarda ham qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Endilikda mazkur holatni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarda ham tibbiy sug‘urta tushunchasini norma sifatida kiritish ko‘zda tutilmoqda. Konstitutsiyaning 40-moddasi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini nazarda tutgan bo‘lsa, endilikda kiritilajak o‘zgarishlarga ko‘ra, unda tibbiy sug‘urtaning har qanday shakllari haqida norma va davlat uni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Istaymizmi yo‘qmi issiq jonning isitmasi, o‘ziga yarasha kasali bo‘ladi. Bu holatda har kim ham zarur davolanish muolajalarini moliyaviy jihatdan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Ana shunday vaziyatda tibbiy sug‘urta ko‘makka keladi va aholini sifatli tibbiy muolaja olishi, operatsiya, dori va boshqa tibbiy xarajatlarni qoplab berishi mumkin bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tibbiy sug‘urta konstitutsiyaga kiritilmoqda. Bu fuqarolarga qanday foyda keltiradi?