1 108
Ta’lim sohasi korrupsiyadan butunlay tozalansagina jamiyatda haqiqiy o‘zgarishlar boshlanadi
Har qanday mamlakatning taraqqiyoti ilm-fan va ta’limga qaratilgan e’tibor, yaratilgan sharoit va bu sohalarga ajratilayotgan sarmoyaga bog‘liq. Buni har sohada yuksak darajaga yetgan Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur singari davlatlar tajribasi ham ko‘rsatib turibdi. Bugungi kunda yurtimizda ta’lim, ilm-fan sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor zamirida ham ayni shu haqiqatlar turibdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida faoliyatini boshlagan vaqtidagi ilk uchrashuvi ham aynan ilm-fan sohasi vakillari bo‘lmish olimlar va akademiklar bilan bo‘lganligini ham alohida qayd etib o‘tish joiz.
So‘nggi yillarda oliy ta’limga yoshlarni qamrab olish miqdori bir necha barobarga oshirildi. Ta’limning sirtqi, kechki, masofaviy shakllari tashkil etildi.
Ta’limdagi islohotlarni birgina Surxondaryo misolida oladigan bo‘lsak, besh yil oldin vohada bitta, ya’ni Termiz davlat universitetigina mavjud edi. Qabul kvotasining kamligi, bitta oliy o‘quv yurti ehtiyojni to‘la qamrab ololmasligi sababli ko‘plab yoshlarimiz uzoq poytaxtga ilm olish uchun ketishar edi. Voha ziyolilari, minglab ota-onalar Surxondaryoda ham boshqa oliy o‘quv yurtlari ochilishini orzu qilishar edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi o‘laroq qisqa muddatda bir qator OTMlar tashkil etildi. Ayni paytda vohada oltita oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bo‘lajak talabalarimiz, yoshlarimiz uchun bu katta imkoniyatdir.
Yana bir islohotlardan biri, professor-o‘qituvchilarga yaratilayotgan keng sharoitlardir. Ularning maoshi o‘rtacha 3,5 barobarga oshirildi (3 million so‘mdan 10 million so‘mgacha). Qolaversa, ilmiy darajaga ega bo‘lganlarning faoliyatiga qarab, qo‘shimcha 30 va 60 foizgacha ustamalar berish tartibining joriy qilinishini ham e’tirof etish lozim.
Oliy ta’lim sohasidagi eng muhim islohotlardan biri bu shubhasiz, qabul jarayonlarining onlayn tarzda tashkil etilganligi. Test va ijodiy imtihonlar olish tartibi yanada shaffoflashdi. O‘qishni ko‘chirish va tiklash jarayonlari ham onlayn bo‘lib o‘tmoqda. Bu ota-onalar, talabalar uchun qulay imkoniyatlarni yaratish bilan birga, ortiqcha sarf-xarajat, sarsongarchilik va qog‘ozbozlikdan xalos bo‘lishni ta’minladi. Eng muhimi, bu jarayonlarda inson omili ishtirok etmayapti. Abituriyent o‘z smartfonidan istalgan joyda turib arizasini topshira olyapti.
Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida 2022-2023 o‘quv yili uchun magistraturaga qabul hamda o‘qishni ko‘chirishda yangi tartib joriy qilindi.
Unga ko‘ra,
– davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi;
– davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta — avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi.
Bunda:
1) avgust oyidagi qabul — navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;
2) yanvar oyidagi qabul — dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuningdek, yuqoridagi qaror bilan davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat berildi:
– talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
– davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
Ushbu tartiblar joriy qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ular orasida bu tartibni qo‘llab-quvvatlovchilar ham, unga qarshilar ham bor. Albatta, har qanday islohot, o‘zgarishlarni jamiyat birdaniga qabul qilishi qiyin. Bu ma’lum bir vaqtni talab qiladi.
Har bir sohada dunyo ilm-fanining so‘nggi yangiliklaridan xabardor kadrlarga talab yuqori. Buning uchun esa xorijiy tillarni talab darajasida bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Magistr bevosita ilmiy izlanishlarida dunyo ilm-fanining eng so‘nggi natijalaridan foydalanishi uchun xorijiy tillardan eng kamida bittasini mukammal bilishi lozim.
Qolaversa, xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli va bakalavr diplom ballining o‘rtachasi o‘qishga qabul qilishga asos bo‘ladi. Ya’ni, talabgor hech qanday imtihonga kirmaydi. Bu esa o‘qishga qabul qilishda ochiqlik, adolat, shaffoflikni ta’minlaydi, inson omili ishtirok etmaydi. Eng muhimi, bu sohada jamiyatimizning eng illatli “kasalligi” bo‘lgan korrupsiya balosiga chek qo‘yildi.
2022-2023 o‘quv yilida Termiz davlat universitetiga magistratura bosqichiga 32 ta yo‘nalish bo‘yicha 340 ta kvotaga 109 ta abituriyentdan hujjatlar qabul qilindi. Shundan 76 tasi o‘qishga qabul qilindi. Bu jarayonga yangi tartib bo‘yicha hech qanday imtihon o‘tkazilmadi. Ularning xorijiy tillarni bilish bo‘yicha xalqaro sertifikatlari va bakalavr diplom ballarining o‘rtachasi asos qilib olindi. Yanvar oyigacha talabgorlarga yana imkoniyat bor. Xorijiy tillar bo‘yicha yana sinovlarda ishtirok etib, xalqaro sertifikatlarini olib, yanvar oyida hujjat topshirishlari mumkin.
Xorijdan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha esa 2946 ta hujjat qabul qilindi. Bu abituriyentlarning test imtihonlari ham DTM tomonidan o‘tkazildi.
Jamiyatimizda illat darajasiga yetgan pora, zamonaviy tilda aytganda korrupsiya balosi taraqqiyotimizning kushandasi bo‘lib kelmoqda. Yillar davomida bu illat avj olib bo‘lgandi. Buning gunoh ekanligi ham unutildi. Zero, muqaddas dinimizda va alloma, mutafakkirlarimizning asarlarida pora harom qilinganligi haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, pora olish Qur’on, sunnat hamda ijmo’ga ko‘ra harom hisoblanadi.
Bugun korrupsiya balosiga qarshi jiddiy kurash boshlandi. Prezidentimizning ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibori natijasi o‘laroq, majburiy mehnat batamom bu sohadan begonalashtirildi.
Ochig‘ini aytish kerak, yaqin o‘tmishimizda ayrim nopok kimsalar evaziga tizim ta’na-dashnomlar girdobida qoldi. Bugungi kunda o‘qishga qabul, o‘qishni ko‘chirish hammasi ochiq, shaffof va adolatli bo‘lmoqda. Qabul bilan bog‘liq barcha jarayonlar OTMlardan ajratildi. Ijodiy imtihonlar ham shaffof, ochiq, keng jamoatchilik guvohligida o‘tkazilmoqda.
Ammo, shu holatlarni ko‘ra-bila turib ham ayrim abituriyent va ularning ota-onalari firibgarlar aldoviga uchrab qolmoqda.
Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bu narsani anglamaslik, tan olmaslik jamiyatimizda korrupsiya balosidan butkul qutulishga imkon bermaydi. Farzandining bilimi, intilishi yaxshi, repititorga qatnaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da ota-onasi qing‘ir yo‘llarni qidira boshlaydi. Kimningdir aldoviga, firibgarga uchrab, keyin o‘zini jabrdiyda ko‘rsatib yuradi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda har birimiz, keng jamoatchilik hamjihatlikda kurashsakkina, o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Avazjon MARAHIMOV,
Termiz davlat universiteti rektori, professor.Ⓣ
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Termiz davlat universiteti rektori, professor.Ⓣ
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi