
Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, sobiq “Kamolot” YOIH Markaziy kengashi raisi Bahodir G‘aniyev Kun.uz'ga bergan intervyusida hukumat tarkibida o‘zgarishlar kuzatilganiga qaramay unda nega “yangi yuzlar” yo‘qligi, mamlakatda professional boshqaruv sinfi shakllanmayotgani — kadrlar muammosi haqidagi savolga ham javob berdi.
Bahodir G‘aniyevga ko‘ra, u oxirgi olti yilda mamlakat kadr siyosatida tubdan o‘zgarish bo‘lishini kutgan.
“Kutgandim, professional kadr xizmati chiqishini, “Davlat xizmatchisi to‘g‘risida”gi qonun vaqtliroq qabul qilinishini, davlat xizmatchilari bo‘yicha tizim joriy qilinishini, davlat xizmati uchun kadr tayyorlovchi bir-ikkita muassasalar xalqaro standartda ishlaydigan muassasalarga aylantirilishini. Chunki bularning o‘rni juda katta.
Bizda davlat boshqaruvi uchun kadr tayyorlaydigan muassasalar yo‘q. Hatto yaqin-yaqingacha oliy ta’limda ham davlat boshqaruvi yo‘nalishi yo‘q edi. Oddiy misol, rivojlangan davlatlardagi har bitta universitetda davlat boshqaruvi yo‘nalishlari bor. Shuningdek, bu universitetlarda sohalar bo‘yicha ixtisoslashgan tarzda kadr tayyorlanadi. Masalan, sog‘liqni saqlash, iqtisod bo‘yicha. Demoqchimanki, professional davlat boshqaruvi bo‘lishi uchun avvalo unga kadr tayyorlovchi muassasalar bo‘lishi kerak”, – deya o‘zining kutganlari hali amalga oshmayotgani haqida gapirdi G‘aniyev.
Ekspertga ko‘ra, u uchun hukumatdagi so‘nggi o‘zgarishlar davomida vazirliklarga qo‘yilgan kadrlar yangilik bo‘lmagan.
“Bunda yangi tarkib yo‘q. Bu yerda ko‘cha tilida aytadigan bo‘lsak, shashka o‘ynab qo‘ya qolishdi. O‘zgarishlarda yangi tarkib bo‘lsa, o‘sha sohaning ichidan chiqqan yangi yuzlar bo‘lishi kerak edi. Biz bu tarkibda yangi yuzlardan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovani ko‘ryapmiz, lekin u ham davlat tizimiga aylangan. Prezident ijod va ixtisoslashgan maktablar agentligini boshqargan. Xullas, ta’limda yurgan odam. Lekin qolgan hamma yuzlar o‘sha-o‘sha yuzlar-da.
Menda shunday tushuncha paydo bo‘lyaptiki, davlat rahbari yo o‘z kadr xizmatiga ishonmaydi yoki bu xizmat kadr topish vazifasini umuman bajarmayapti. Hozir kadrlar davlat rahbari shaxsan o‘zi ishini ko‘rgan, ishlashini bilaman, tortib ketsa kerak, deya umid bildirganiga qarab qo‘yilyapti.
Bu vazifalarga qandaydir katta tanlovlar orqali o‘tilmayapti. Bu xizmatning boshqa xizmatlari ham bor, lekin aynan rahbar kadrlarni tayyorlash va yetarli miqdorda ta’minlash vazifasini mutlaqo bajarmayapti. Chunki o‘sha joylarga qo‘yilayotgan shaxslar ichida yangi shaxslar umuman yo‘q.
Bu holat bugun davlat rahbarini ma’lum kadrlarni uyoqdan buyoqqa aylantirishga majbur qilyapti. Bu tizimdan voz kechmasak, o‘zgarish bo‘lmaydi”, – dedi Bahodir G‘aniyev.
Ekspert fikrlari davomida hukumatdagi o‘zgarishlarda shoshib bo‘lmasligi, u aniq va ko‘p yililk strategiyaga asoslanishi kerakligi haqida ham gapirdi.
“Men o‘tgan intervyumda hukumat to‘rtta rahbarning unday-bunday qilib chizib tashlashi bilan yangilanmasligiga umid bildirgan edim. Buni masalaga jiddiy qarab, olti oy, bir yil ichida har bir vazirlikning funksional vazifalari bo‘yicha tahlillarni qarab, strategiyani belgilab, keyin qilish kerak edi. Chunki optimallashtirish, o‘ttiz foizga qisqartirish deyildi, lekin bu ham noto‘g‘ri. Masalan, qaysidir vazirlikda bitta ham qisqartirish kerak emasdir, qaysidir vazirlikning ellik foizini olib tashlash kerakdir.
Vazirliklarni yoppasiga qisqartirish bu sovetdan qolgan rejali iqtisodning sarqiti. Qisqartirish yo kengaytirish tahlilga qarab bo‘lishi kerak.
Bunda shu sohada besh, o‘n yildan keyin qayerda bo‘lishimiz kerak degan savolga javob bo‘lsa va undan keyin bunga qancha resurs kerak yoki qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kerak, degan savolga javob topilsa, shundan kelib chiqibgina strategiyalar qilish kerak.
Ayniqsa, ta’limda bir yillik reja qilinmaydi. Ta’limda reja 15-20 yilga qilinadi. Yigirma yildan keyin qanday bo‘lishimiz kerak? Ta’limdagi islohot shundan kelib chiqib qilinadi.
Masalan, davlat e’lon qilishi kerak: Bizning yigirma yildan keyingi eng asosiy drayverimiz bu robototexnika bo‘ladi. Biz dunyoga faqat robotlarni yetkazamiz. Bunda masalan, ta’limning rejalari shunga qarab olinadi.
Iqtisodni ham shunga olib chiqish kerak. Yo‘q, biz yigirma yildan keyin qishloq xo‘jaligi yetishtiradigan davlat bo‘lamiz, desa unda boshqacha strategiya qilish kerak.
Yo‘q, biz yigirma yildan keyin qaysidir davlatning tarkibiga kirib ketamiz, mustaqil bo‘lmaymiz, degan qandaydir strategiya qilingan bo‘lsa, demak, ta’lim ham odamlarni ahmoqlashtirish, “qo‘ylashtirish” siyosati bo‘yicha ketadi.
Men bu kabi misollarni keltirayotganimki, ta’lim strategiyasi davlat strategiyasi bilan uzviy bog‘liq. Avval davlat strategiyasi ishlab chiqiladi, undan keyin, shunga qarab, ta’lim strategiyasi ishlab chiqiladi. Va shundan kelib chiqib, unga resurs ajratish, vazirlik qoldirish yoki qoldirmaslik masalasi belgilanadi.
Afsuski, ma’muriy islohotlar e’lon qilinganiga bir hafta o‘tmay vazirliklar birlashtirib yuborildi, vazirlar ham tasdiqlab yuborildi. Mening tushuncham bo‘yicha, yana shoshyapmiz. Yana bajarildi deyish uchun ishlayapmiz. Agar bunday bo‘ladigan bo‘lsa, hech narsa o‘zgarmaydi.
Bundan tashqari, hozir avvalgi ishlagan joyida biror islohot qilib, o‘sha sohani ko‘tarmagan odamlar yangi sohaga vazir qilib qo‘yilmoqda (ichida ko‘targanlari ham bor) va yangi vazirliklarda ham ulardan biror natija bo‘lmaydi”, – dedi Bahodir G‘aniyev.
Kadrlar MuammosiDavlat BoshqaruviTa’lim IslohotlariYangi YuzlarProfessional KadrlarHukumat O‘zgarishlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar