Yaponiyaning Osaka shahrida o‘tayotgan EKSPO butunjahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston paviloni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng nufuzli mukofot — “Mavzuni eng yaxshi ochib bergan” nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi, deb xabar berdi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida.
Taqdirlash marosimida ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston pavilonining “Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati uchun laboratoriya” nomli g‘oyaviy konsepsiyasi tomoshabinlar va mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu loyiha xalqimizning boy an’analari hamda zamonaviy innovatsiyalarning uyg‘un birlashmasini o‘z ichiga olgani bilan alohida ajralib turdi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ta’kidlaganidek, “Bizning g‘oyamiz butun jahon hamjamiyatida keng aks-sado berdi. Loyihaga ishongan va uni ilhom bilan amalga oshirgan jamoamizga, shuningdek, xalqaro hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman,” dedi u.
EKSPO ko‘rgazmasidagi BIE mukofoti 1928-yildan buyon ilg‘or texnologiyalar, yangicha yondashuvlar hamda ishtirokchi mamlakatlarning madaniy xususiyatlarini namoyon etgan pavilonlarga beriladi. Bu mukofot nafaqat yaratuvchan g‘oyalarni, balki global muammolarni hal etishdagi yangicha qarashlarni ham e’tirof etadi.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, “Bilimlar bog‘i” konsepsiyasi EKSPO–2025ning bosh mavzusi — “Hayotimiz uchun kelajak jamiyatini yaratish” g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekiston mazkur loyiha orqali inson salohiyati, tafakkur va ilm-fan qadriyatlariga alohida e’tibor qaratganini namoyon etdi.
Bu 1993-yildan buyon EKSPO ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelayotgan O‘zbekiston uchun tarixiy natija hisoblanadi. Mamlakatimiz ilk bor BIE oltin medaliga ega bo‘ldi. Bu yutuq nafaqat pavilon dizayni yoki texnologiyalar samarasi, balki O‘zbekistonning yangi avlod bilim va ilmiy fikr markazi sifatidagi obro‘sini ham namoyon qildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu muvaffaqiyat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi va kelgusi innovatsion tashabbuslar uchun yangi turtki bo‘ladi. Shu tariqa, “Bilimlar bog‘i” nafaqat EKSPOda, balki butun jahon oldida O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!