18:18 / 15.01.2023
575

O‘zbekistonda erkaklar soni ayollarga nisbatan oshib bormoqda. Bu nimani anglatadi?

O‘zbekistonda erkaklar soni ayollarga nisbatan oshib bormoqda. Bu nimani anglatadi?
O‘zbekiston aholisi oshayotgani sayin, ayollar ulushi qisqarib bormoqda. Buning aniq sabablarini sanash qiyin bo‘lsa-da, homila jinsi qiz bola ekani uchun abort qildirish asosiy sabablardan bo‘lishi mumkin. Sababi — oxirgi yillarda o‘g‘il bolalar qiz bolalarga qaraganda ko‘proq tug‘ilmoqda.

O‘zbekiston doimiy aholisi tarkibida ayollar ulushi 1991 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan 31 yillik muddatda 0,9 foizga qisqardi. Davlat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayollar 1991 yilda doimiy aholining 50,6 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, (erkaklarga qaraganda 0,2 foiz ko‘proq) 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 49,7 foizni tashkil qilmoqda.

O‘n yilliklar kesimida doimiy aholi tarkibida ayollar ulushi:
1991 yil – 50,6 foiz;
2000 yil – 50,2 foiz;
2010 yil – 49,9 foiz;
2020 yil – 49,7 foiz;
2022 yil – 49,7 foiz.
2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, doimiy aholi tarkibidagi erkaklar soni ayollar sonidan 232 ming nafarga ko‘p.

Doimiy aholi tarkibidan ayollar ulushining kamayib borishi va erkaklar ulushi oshishi aynan qanday omillar hisobiga sodir bo‘lgani qiziq tendensiya.

Bloger Shahnoza Soatova bu haqida «Sabablar borasida fikrlaringiz qiziq. Mening fikrim: o‘g‘il farzandga taassub natijasi. Ultratovush tekshiruvlari ommalashuvi tufayli qiz homilani ko‘proq abort qildirishgan», deb yozdi.

Birgalikda sabablarni tahlil qilishga harakat qilib ko‘ramiz.

Dunyoda erkaklar ko‘pmi yoki ayollar?

Dunyo aholisining ham ko‘prog‘ini erkaklar tashkil qiladi. 2021 yil holatiga ko‘ra, erkaklar soni ayollarga nisbatan 44 mlnga ko‘proq. O‘tgan yili dunyoda 106 nafar o‘g‘il bolaga 100 nafar qiz bola tug‘ilishi to‘g‘ri kelgan.

Har 101 nafar erkakka 100 nafar ayol to‘g‘ri keladi.

Tug‘ilish ko‘proq bo‘lsa, erkaklar ko‘proq bo‘ladi

BMT tahlillariga ko‘ra, aholining o‘rtacha yoshi qancha yosh bo‘lsa, aholi ulushida erkaklar foizi ham yuqoriroq bo‘ladi. Sababi ko‘plab davlatlarda homilani jinsiga qarab abort qildirish «an’anasi» shakllandi. Qolaversa, gender tengsizliklari ayollarni sifatsiz tibbiy xizmatga duchor qiladi, ularning homiladorlik va tug‘uruq, undan keyingi davrda o‘lim xavfini ham oshiradi.

Lekin ko‘plab davlatlarda ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi erkaklarnikiga qaraganda ko‘proq. Bu ayol organizmining chidamliroq ekani, erkaklarning esa xulq-atvori va boshqa genetik faktorlar bilan bog‘liq.

Masalan, O‘zbekistonda erkaklarning o‘rtacha umr davomiyligi 2021 yil holatiga ko‘ra, 71,7 yosh bo‘lsa, ayollarda 75,8 yoshdir.

Qiz homila aborti sabab aholi nisbatidagi farq kattalashishi

Bu holat Hindistonda juda kuchli bo‘lgan. Hindistonda 1960 yillarda har 105 nafar o‘g‘il bolaga 100 nafar qiz to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 1980-yillarda ultratovush tekshiruvi ommalasha boshlagach, nisbat kattalashib, har 108 o‘g‘ilga 100 nafar qiz to‘g‘ri kelgan. 90 yillarda bu nisbat 100/110 ni tashkil qilib hozirgacha shunday qolmoqda. Mamlakatda «Qizlarni asraylik» kampaniyalari o‘tkazilishi, turli taqiqlar qo‘llanishi bilan jinsni tanlab abort qildirishga nisbatan ko‘rilayotgan choralar o‘zini endi-endi oqlay boshlamoqda.

Qiz-o‘g‘il tug‘ilishidagi keskinlik borasida Hindistondan ham ilg‘or mamlakatlar bor. Tug‘ilishda qiz va o‘g‘il bolalar nisbati yuqori davlatlar ro‘yxatida birinchilikni Xitoy, Ozarboyjon, Viyetnam, Armaniston, undan so‘ng Hindiston egallaydi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘g‘il bolalarni ko‘proq afzal ko‘rish qiz bolalarning keyingi hayoti davomida ham tengsizlikka uchrashlariga sabab bo‘ladi. Garchi qiz bolalarning yashovchanligi o‘g‘il bolalarnikiga qaraganda yuqoriroq bo‘lsa-da, bolalar o‘limi ulushida qizlarniki yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Bunga sabab ham o‘g‘il bolalarni afzalroq ko‘rish.

- qizlarga oziq-ovqatning teng taqsimlanmasligi;
- onalar o‘g‘il bolani qizlarga qaraganda ko‘proq emizishi;
- qiz bolalar uchun tibbiy xizmatdan kamroq foydalanish kabilar ham ularning yashash davomiyligini kamaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, tug‘uruq vaqtida ayollar nobud bo‘lishi xavfi ham bor. Lekin O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich yuqori emas. Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2010 yilda 133, 2021 yilda 130 ayol tug‘uruq vaqti vafot etgan.

O‘zbekistonda ham o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda ko‘proq tug‘ilyapti

Garchi bizda homilani jinsiga qarab abort qilishga oid aniq statistik raqamlar bo‘lmasa-da, bu faraz kuchsiz emasligi aniq. Buni oxirgi yillarda tug‘ilayotgan chaqaloqlarda o‘g‘il bolalar soni qizlarnikiga qaraganda yuqori ekani bilan ham dalillash mumkin.

Masalan, 2021 yilda 905 211 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lsa, ularning 464 484 nafari o‘g‘il bolalar, 436 727 nafari qiz bolalardir.

Umuman, 2021 yildan oldingi yillarda ham o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda ko‘proq tug‘ilgan.

Shaxsi anonim qolishini xohlagan vrach Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘z tajribasidan kelib chiqib, abortlarning katta qismi homila jinsi qiz bo‘lgani uchun qilinishini ta’kidlagandi.

O‘zbek jamiyati nega o‘g‘il farzandni ko‘proq afzal ko‘radi?

Oilalarda ko‘proq o‘g‘il farzand xohlash, qiz tug‘ilsa ham, «ortidan o‘g‘il ukalar kelsin», degan tilaklar bildirish – o‘zbek oilalariga xos odat. Bu xohishning sabablari nimalar bilan bog‘liqligi haqida sotsiolog Zavqiddin Gadoyev shunday deydi:

«Albatta, buning bir necha sabablari bor. Tarixiy taraqqiyot davrida oilaviy munosabatlarda, jamiyat munosabatlarida erkak kishining o‘rni ayolga nisbatan yuqori bo‘lgan. Erkak bu ovchi, dehqon, askar va hokazo. Shuning uchun oilaning og‘ir ishlarini yengillatish maqsadida uy xo‘jaligining asosiy yordamchisi sifatida o‘g‘il bola o‘rtaga chiqqan. Meros masalasida ham o‘g‘il farzandga qiz farzandga nisbatan ustuvorlik berilgan. Avlodning davomiyligi asosiy erkak nasli bilan bog‘langan.

Chunki erkak o‘z ajdodlaridan meros qilib olgan qadriyatlarni davom ettirishi, moddiy meroslarni asrab-avaylashi lozim etib belgilangan. Qiz farzand esa boshqa sotsium bilan birlashish, ya’ni turmushga chiqish orqali o‘zga qadriyatlarga ko‘nikishi va moslashishi zarur hisoblangan.

Uzoq tarixdan dunyoda doimiy ro‘y berib turgan urushlar davomida jangchilarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lib, o‘g‘il bolalarning tug‘ilishi jamiyat uchun ahamiyatli jihat sanalgan. Yuqoridagi tarixiy sabablardan kelib chiqib o‘zbek jamiyatida yaqin tarixda yangi, o‘ziga xos qadriyatlar shakllandiki, o‘g‘il farzandning jamiyatdagi o‘rnining ortishiga sabab bo‘ldi.

Sovet davridagi totalitar rejim, mustaqillik davridagi avtoritarizm jamiyat a’zolariga o‘zlarini tom ma’noda namoyon etish uchun imkon bermaganligi sababli, shaxslarning jamiyatda o‘zini isbotlashi uchun to‘ylar vositaga aylandi. O‘g‘il farzand ko‘rib el yurtga osh berishni niyat qilgan otalar, kelin qo‘lidan choy ichishni istagan qaynonalar sinfi paydo bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, o‘g‘il farzand ko‘rgan kelinlarga nisbatan munosabat o‘zgacha, qiz farzand ko‘rgan kelinlarga nisbatan o‘zgacha munosabat shakllandi. Otalarda o‘g‘il farzand bilan faxrlanish, qiz farzandlar bilan izza bo‘lishdek tuyg‘ular jamiyatda keng yoyildi. Buning sabablari jamiyatning ilmiylikdan uzoqlashishi, qadriyatlarga burkanishi, sanoat rivojlanishining sekinligi deb bilaman
».

Dunyoda erkak-ayollar soni tenglashishi kutilyapti. O‘zbekistonda-chi?

Garchi hozir dunyo aholisi sonida erkaklar ulushi yuqoriroq bo‘lsa-da, BMT 2050 yilga borib bu nisbat tenglashishini taxmin qilyapti. Bu tenglashish dunyo aholisining qarib borishi bilan sodir bo‘ladi.

Dunyoda yildan yilga kamroq bola tug‘ilyapti. Agar tug‘ilishlar soni kamayib borsa, o‘g‘il bola chaqaloqlar ko‘proq tug‘ilgani bilan ayollarning o‘rtacha umr davomiyligi yuqoriligi hisobiga ular ko‘proq umr ko‘rish bilan erkaklar soniga yetib olishadi. Keksa aholi ulushida ayollar nisbati yuqoriroq: 2021 yilda dunyoda 65 yoshdan oshgan odamlar sonida ayollar ulushi 56 foizni tashkil qilgan.

Dunyo esa «qarib» bormoqda. 1950 yildan 2021 yilgacha dunyoda o‘rtacha yosh 22 dan 30 ga chiqqan. 2050 yilda esa o‘rtacha yosh ko‘rsatkichi 35 ga yetishi kutilyapti. Shunday qilib, dunyo aholisining katta qismini yoshi kattalar tashkil qilib borishi hisobiga ayollar soni erkaklarniki bilan tenglashib boradi.

Lekin O‘zbekistonga bu prognozlar to‘la mos kelmasligi mumkin. Sababi O‘zbekistonda tug‘ilish ko‘rsatkichi yildan yilga oshib bormoqda, hali kamayish kuzatilmagan. Masalan, 2000 yilda 527 580 nafar, 2021 yilda 905 211 nafar chaqaloq tug‘ilgan.

Shuning uchun keyingi o‘n yilliklarda erkaklar soni ayollarnikidan yuqoriroq bo‘lib qolaveradimi, bu farq kattalashib ketmaydimi, agar kattalashib ketadigan bo‘lsa, uning iqtisodiy, ijtimoiy ta’siri qanaqa bo‘lishi haqidagi tahlillar qilinsa, foydali bo‘lardi.

Zilola G‘aybullayeva,
jurnalist

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat