
"Ayollarni Ayollar ham ezadilar" kitobi muharririning asar hakidagi fikrlari
Negadir ko‘p narsaning mohiyatini o‘z vaqtida anglolmayman. Xalqona tilda “kechroq yetib boradi”, deyishadi-ku, shunaqaman-da endi. Ko‘p pand yeyman, lekin yana shukr qilaman: “Kechroq bo‘lsayam yetib kelyapti, umuman anglolmasam, nima bo‘lardi”. Ba’zan qo‘rquv bilan yolvoraman: “Rabbim, hammasiyam mayli, ishqilib butun boshli yashash ma’nosini o‘lim onlaridagina tushunib qolmay... O‘zing asragin bu holdan”.
Bir navi iqrornomadek boshlandi kechinmalarim. Rostiyam shu-da. Qo‘lingizdagi “Ayollarni ayollar ham ezadilar” kitobini tahrir qilib bo‘lganimga bir oydan oshdi. Tabiiyki, ish jarayonida asarni diqqat bilan o‘qiysiz, busiz bo‘lmaydi. Ya’ni tahrirning shunisi yaxshiki, ham ishlaysiz, ham o‘qiysiz. Ayniqsa, tarjima asar bo‘lsa, yanayam jiddiyroq yondoshishga to‘g‘ri keladi. Xullas, gapni cho‘zmay, lo‘ndasini aytsam, kitobni o‘qidim. Avvaliga bir qadar soddadek tuyuldi. Ikki-uch kun o‘tdi, uy yig‘ishtirib yurib, miyamda aylanaverdi asardagi holatlar, hodisalar. Boshidagi “sal kechroq mohiyatni anglashim” haqidagi gaplarni shuning uchun yozdimki, “Ayollarni ayollar ham ezadilar” kitobi ahamiyatini ham bir muddat o‘tgach, tushunib qoldim.
Asar bugunninggina emas, har davrda nazmu nasrning asosini tashkil qilgan imkonsiz muhabbat... va eng qizig‘i, uning visoldan boshqa ham muolajasi borligi haqida edi. Muallifning kirishda “Qo‘lingizdagi kitob o‘ta nozik mavzuni o‘z ichiga oladi, shu sababli uning mazmunini hech kimga so‘zlab bermang. Har kim yo o‘zi o‘qishi, yoxud bu kitob mavzusiga oid hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmasligi kerak”, degan iltimosining sababini ham anglaganday bo‘ldim. “Men qalamga olgan mavzu bugungacha deyarli yozilmagan”, deydi yana Amina Shenliko‘g‘lu. Mulohazalarim ham shu jumla atrofida aylanardi.
Bir paytlar she’rlar yozardim, shoirlar davrasida yurardim. Zo‘r deb tan olinmaganman, hartugul qandaydir topilmalarim ham yo‘q emasdi. Balki ular ham bo‘lmagandir, men o‘zimcha shunday o‘ylarman... Mayli, o‘sha paytda bundan og‘rinishim mumkin edi, hozir “palonchi mendan yaxshi yozadi”, degan siqilishlar ham, “men undan zo‘rman”, degan mag‘rurlanishlar ham yo‘q. Yana “o‘tlab” ketdim.
Xullas, davralarimizda “She’r yozish – ko‘ngil ishi, odob o‘rgatish vositasi emas”, “Shoirlar – Xudoning erka bandalari” kabi gaplar, bir kursdoshimizning ko‘pchilik e’tirof etgan “Ichmasam, yodimga tushmaydi Xudo”, singari satrlari ko‘p aytilar, maqtalardi. “Xudoga erka bandalik” shoir sifatida o‘zimga hech erish tuyulmasa ham, ichkilikli tadbirlarda Alisher Navoiydan, Boborahim Mashrabdan, Jaloliddin Rumiydan, Shams Tabriziydan, tasavvufdan gapirib, “oh-voh”lar urishsa, bir boshqacha bo‘lardim.
Chunki she’r borasidagi birinchi ustozim Ismoil Mahmud domla Marg‘ilondagi to‘garakda yurganimizda uqtirganlariga, o‘zim o‘qigan ma’lumotlarga ko‘ra, ularni avliyo zotlar deb tanirdim. Ichkilikli davra bilan ularning nomlarini, tasavvufni yonma-yon qo‘yolmay qiynalardim. Tushunolmagach, oxiri tan olish qanchalar qiyin bo‘lmasin, men bu “erka bandalar” qatoriga loyiq emasligimga, ular qandaydir o‘zgacha insonlar, o‘zlari aytganday “ilohiy iste’dod egalari” ekanligini tan olardim. Keyin o‘ksinardim.
Yillar o‘tdi. Mening yo‘lim tamoman boshqa tomonga burilib ketdi. “Islom nuri” gazetasiga, keyin “Hidoyat” jurnaliga ishga o‘tdim. O‘qiydigan kitoblarim ham, o‘rganadigan ilmlarim ham, yozadigan maqolalarim, davradosh dugona-yu ustozlarim, ular bilan suhbatlashiladigan mavzular ham tubdan o‘zgardi. She’r yozolmay ketdim. Va shoirlar orasida yurganimdagi o‘ksiniqlarim ham ketdi. Menga o‘sha paytda tushunarsiz tuyulgan davralarga boqib turib, tug‘ilgan, aslo yechimi yo‘qdek ko‘ringan savollarning javobi ham oddiyligini tushundim. Haqqa, Alloh va Rasuliga itoatga, husni xulqqa chaqirmasa, odob o‘rgatmasa, hamma narsa puch ekan. Imon bo‘lmasa, din bo‘lmasa, butun borliq ma’nosiz qolarkan.
Hamma narsaga, jumladan, she’riyatga ham ko‘ngil ishi deb qaralsa, shoirlik, oyati karimada aytilganidek, “har vodiyda daydish”, “o‘zlari qilmaydigan narsalarni gapirish”dan boshqa narsaga yaramas ekan. Oqil odam uchun shoirlik aslo erkalik imtiyozi emas, katta vazifaligini, Boborahim Mashrabning tantiliklari bilan davrimiz shoirlarining “erkalik”larini solishtirish o‘ta nojoizligini, may, soqiy haqidagi satrlar zamondosh shoirlarimizning mayxo‘rliklarini oqlash uchun yozilmaganini angladim. Ikki jins o‘rtasidagi sevgi, muhabbat va o‘rtadagi noshar’iy holatlarni tortinmasdan yozaverish o‘quvchida shaytoniy istaklarga yo‘l ochishini ham...
O‘zi mundoq qarasam, kitob haqidagi fikrim ikki jumlada aks etarkan. Amina Shenliko‘g‘li necha yillarki ko‘ngilning davosiz dardi ekani kuylangan, butun boshli asarlarga mavzu bo‘lgan sevgining chorasi haqida yozgan. Agar shu asarni boshqa, ya’ni adabiyotni ko‘ngil ishi deb biladigan ijodkor yozsaydi, Fazilatning hislarini bor bo‘yicha berar, uning imkonsiz sevgisiga yetishganini yoki orzusiga erisholmay, umri shu armon bilan o‘tganini tasvirlagan bo‘lardi. Ana shu joyda Amina Shenliko‘g‘lining, diniy ilmi bor adibaning farqi yaqqol ko‘rinadi. U nomashru’ sevgini vasvasa deydi.
Undan qutulish yo‘li sifatidagi boshqa choralardan oldin Allohning zikrida, ibodatlarda doim bo‘lishni, ilm o‘rganishni, jamiyatga foyda keltiradigan ishlar bilan shug‘ullanishni ko‘rsatadi. Asar so‘ngida bularning hammasini qilgan qahramon, “bo‘ldi, iloji yo‘q ekan”, deb qo‘l siltab ketmaydi, imoniga, irodasiga tayanadi va shaytoniy istaklariga bo‘ysunmaydi. Muallif ham Fazilatning keyingi tuyg‘ulariga to‘xtalib o‘tirmaydi, uning ichida o‘sha sevgidan o‘lmas armonlar qolganmi-yo‘qmi, quyuq bo‘yoqlar bilan berishga harakat qilmaydi. O‘quvchida ham “sevdingmi, hamma narsa mumkin”, degan yanglish tushuncha uyg‘onmaydi. “Keyinini bilmaysiz-ku?” degan ilmoqli savolga ham hojat yo‘q, chunki asar bo‘lgan voqealarga asoslangan.
Shu kungacha turk yozuvchilarining diniy-ma’rifiy asarlari ko‘p tarjima qilindi, chop etildi, o‘qidik, ta’sirlandik. Bu asar esa menda umuman yangicha tuyg‘ular, fikrlar, mulohazalar uyg‘otdi. Ularni yozish maqsadida kompyuter oldiga o‘tirgandim, bahonada qachondan beri ijodkorlarga aytaman deb, aytolmayotganlarim ham ichimda qolmadi. Yozganlarim avvalo o‘zimga, boshqalarga ham manfaatli bo‘lishini umid qildim.
Aytgancha, yaqin yillar ichida Akrom Malikning “Halqa” asaridan shunday ta’sirlangandim. Alisher Navoiy asarlari asosidagi suhbatlariga ham shundan keyin qiziqib qoldim. Ko‘p manfaat oldim. Yoshlikda guvoh bo‘lganim – Navoiyni qanchalar yaxshi ko‘rishini aytib, baytlarini takrorlab “oh-voh” qilayotgan mast ijodkorlar davrasini hech tushunolmaganim sabablari ham ayon bo‘ldi. Har galgidek, kech bo‘lsa ham, “yetib keldi”.
Bularning hammasi uchun Amina Shenliko‘g‘luga hozircha g‘oyibona, ko‘rishish nasib bo‘lsa, yuzma-yuz minnatdorchiligimni bildiraman, inshaalloh. Adiba o‘zi aytganidek, shu paytgacha deyarli qalamga olinmagan mavzudagi “Ayollarni ayollar ham ezadilar” kitobi barchamizga muborak, xayrli, foydali bo‘lsin. Duolaringizda muallif bilan birga bizni, kitob chop etilishi uchun g‘ayrat qilgan barchani va xususan, tarjimon opamiz Gulbahor Abdullohni ham unutmang.
Yana bir gap, asar muallifning o‘zi dindor bo‘lgani, Allohning hukmini inkor qilmagani holda, qo‘shxotinlikda ayollar chekadigan iztiroblarni bayon etgani bilan ham hayotiydir. O‘qib chiqing, Alloh nasib qilsa, biror davra uyushtirib, fikrlasharmiz?..
Zumrad Foziljon qizi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar