NASA'ning “Perseverance” roveri Marsda yana bir qiziqarli kashfiyotga qo‘l urdi. U Qizil sayyora yuzasidagi qadimgi daryo o‘zanida “qoplon mo‘ynasidagi xolchalar”ga o‘xshash belgilarga ega bo‘lgan noodatiy toshlarni topdi. Tadqiqotchilar ushbu toshlar hayot izlarini o‘z ichiga olishi mumkinligini istisno etmayapti, deb yozdi bbc.com.
Bu toshlar tarkibidagi minerallar muayyan kimyoviy reaksiyalar natijasida paydo bo‘lgan. Olimlarning fikricha, bu reaksiyalar qadimgi biologik faoliyat — ya’ni mikroblar ishtirokida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Lekin ular bu hozircha aniq dalil emasligini, balki tadqiqotlar uchun imkoniyat yaratishini qayd etmoqda.
“Agar shunday belgilarni Yerda ko‘rganimizda, ularni mikroblar faoliyati bilan bog‘liq deb izohlardik”, — deydi Imperial College London professori, tadqiqot mualliflaridan biri Sanjeyev Gupta. “Bu biz hayotni topdik degani emas, lekin unga olib boruvchi yo‘lda muhim qadam”, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Perseverans roveri toshlarni o‘zidagi laboratoriya uskunalari yordamida tahlil qilgan va natijalarni Yerdagi mutaxassislarga yuborgan. Lekin bu ma’lumotlar yetarli emas — hayot borligi haqida aniq xulosa chiqarish uchun ushbu namuna Marsdan Yerga olib kelinishi zarur.
NASA va ESA ushbu namuna yetkazish missiyasini amalga oshirish niyatida, ammo bu loyiha hozircha noaniq holda turibdi. Sababi — AQSH budjeti qisqarishida. Ayni paytda 2026 yil uchun rejalashtirilgan federal moliyalashtirish keskin kamayishi natijasida missiya bekor qilinishi mumkinligi aytilmoqda.
Shu bilan birga, olimlar shunday minerallarning mikroblarsiz, tabiiy geologik jarayonlar orqali ham yuzaga kelishi ehtimolini ham o‘rganishdi. Lekin bu jarayonlar ham biologik faoliyatdagi reaksiyalarga o‘xshash usullar bilan sodir bo‘lishi mumkin.
Marsdagi hayot haqida so‘nggi paytlardagi eng jiddiy ishoralardan biri sifatida baholanayotgan ushbu topilma, kelajakdagi ilmiy ekspeditsiyalar uchun yo‘l ochishi mumkin. Bu esa insoniyatning sayyoralar orasida hayot izlash harakatida muhim burilish bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!