![Bundan 100 yil avval boshqacha iftorlik qilishgan](/uploads/posts/2023-03/maslah12.jpg)
O‘z tashrifi bilan ko‘ngillarni sururga to‘ldirgan Ramazon oyi davom etmoqda. Bu oydan asil murod - Allohning buyrug‘ini bajarish va uning rizosini topish bo‘lsada, ro‘za vositasida boshqa maqsadlari hosil bo‘lishini istaganlar ham bor, albatta.
AzonTV “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvining navbatdagi sonida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome’ masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid va tibbiyot fanlari doktori Olimjon G‘ulomov suhbat o‘tkazildi. Unda ro‘zaning tanamiz va ruhimizga ta’siri haqida fikrlar bildirildi.
- Ramazonni nafsni tarbiyalash oyi deymiz. Ro‘zani Alloh buyurgani, u farzligi uchun tutsak ham, salomatlikka foydasidan ham yaxshi umid qilamiz, deydi ko‘rsatuv boshlovchisi No‘mon Abdulmajid. – Lekin Ramazondan chiqqanimizda negadir vazn orttirib olganimizni sezamiz. Ozib sog‘lomlashish o‘rniga, vaznimizga vazn qo‘shilib qolgan bo‘ladi. Buning sababi nimada?
Bunga sabab - me’yor ushlanmagani bo‘ladi, deydi Hasanxon Yahyo Abdulmajid. – Tushlikda yemagan taomining hissasini chiqarish uchun iftorlik paytida ikki baravar ko‘p ovqat yeb olinadi chunki. Ustozimiz, shayx hazratlari aytardilar, "Ramazonda ovqatlanishni ikki mahalga tushirish kerak”, derdilar. Nonushtadagi kabi saharlik qilsin, kechki payt singari iftorlik qilsin! Tushlik o‘rtadan olib tashlansin. Shunda vazn va boshqa jihatlarda mezon buzilmaydi, bil’aks, ortiqcha vazn ketadi.
Ro‘zaning sog‘liqqa foydalaridan biri – odam jismidagi muvozanatni to‘g‘irlab oladi. Chunki ortiqcha ovqat yog‘ga aylanib, badanda zaxira uchun to‘planadi. Ro‘za paytida jism o‘sha ortiqcha narsalarni so‘rib olib, sarf qiladi. Hatto kichik o‘simtachalar ham so‘rilib, yo‘qolib ketishi amalda ko‘rilgan. Lekin buning uchun taomlanish miqdori boshqa oylarga nisbatan kamayishi kerak. Boshqa oylarda 3 kilo ovqat yegan bo‘lsa, ro‘zada 5 kilo qilib yesa, maqsad hosil bo‘lmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning saharlik va iftorlikda nima yeganlariga qiziqsangiz, “bunga biz toqat qilolmasak kerak” deb o‘ylaysiz. To‘g‘ri, payg‘ambar alayhissalomda iroda ham, ruhiy quvvat ham baland bo‘lgan. Bir hikmat bor: insonda ruhiy quvvat kuchli bo‘lsa, u hatto ozuqaning o‘rnini ham bosadi.
Ba’zi ulamolarimiz aytganlar, avvalgi ustozlar zikr qilishganida bu ovqat o‘rnini bosgan. Hatto qamoqdan ham ikki yuzlari qip-qizil bo‘lib chiqib kelishgan. Bu albatta zikrning quvvati bilan bo‘lgan. To‘g‘ri endi bu yuqori komillik darajasi.
Demoqchimizki, inson Ramazonda “jismim och qolib ketarmikin”, deb vahimaga tushmasligi kerak. Inson tanasi ko‘p narsalarga dosh beradi.
Eng yomoni - iftorlikda ko‘pchilik ko‘p ovqat yeb oladi. Keyin betoqat bo‘lishni boshlaydi. Tarovehga chiqqanida tahorat olish uchun chiqib ketaveradi. Yoki qiyomda tura olmay betoqat bo‘laveradi. Hammasiga o‘sha iftorlikda yeyilgan ortiqcha ovqat sabab.
Yana bir narsani unutmasligimiz kerakki, bundan 100 yilcha oldin, og‘izni ochishganda, xurmo yoki suv bilan, yoki meva bilan og‘iz ochishib, keyin darrov turib, shom namozini o‘qishgan. Shomni o‘qib kelib, keyin bemalol o‘tirib iftorlik qilishgan. Demak, tibbiy jihatdan zarur 10 daqiqalik tanaffusga rioya etilgan.
Lekin hozir iftorliklarda dasturxonni ustida jamlanamiz. Men taklif qilardimki, joynamozni ustida jamlanish kerak. Chunki iftordan avvalgi soat - duolar va zikrlar qabul qilinadigan payt. Og‘iz ochadigan paytda suv va xurmo tarqatilsa, bir duo qilib, ozgina xurmo yeb, suvni ichib olsak, keyin darrov turib takbirni aytib shomni o‘qib, keyin iftorlik qilsak, yanada qulay bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. 100 yilcha oldin shunday tartibda og‘iz ochishgan ekan. Keyin ba’zi ulamolar boshqa fikrni aytishgan.
“Odamlar qorni ochligi uchun betoqat bo‘lib, xushu’siz namoz o‘qiyapti. Ozgina ovqatlanib, keyin o‘qilsa tuzuk ekan” degan qarorga kelishgan. Bu gapni Shomiy domla aytgan. Ehtimol u kishining davrida boshqacha vaziyat bo‘lgandir. Shomiy domlaning aytishicha, sunnatga ko‘ra, Rasuli akram, og‘iz ochgandan keyin ul-bul yeb olib, keyin shomni o‘qiganlar. Biz esa shu jihatni kuchaytirib, mastava va somsani ham qo‘shib qo‘yganmiz. Shuni kamaytirishimiz kerak.
Sahobalarning aytishicha Rasuli akram bir necha xurmo bilan saharlik qilar ekanlar. Iftorliklari esa ozgina suv va bir tishlam nondan iborat bo‘lgan. Agar biz shunga e’tibor beradigan bo‘lsak, bemalol suv ichib, xurmodan dil tortgancha yeb, nafsni qondirib olsak bo‘ladi. Keyin turib shomni o‘qisak, undan keyin dasturxon atrofiga o‘tirsak, nihoyatda yaxshi tartibga tushamiz, menimcha, deydi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome’ masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar