22:30 / 25.04.2023
1 038

Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish haqida

Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish haqida
Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish va uning fazilati xususida hadisi sharifda shunday deyiladi:
 
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro‘zasini tutib, so‘ng unga Shavvol oyidan olti kun ro‘za qo‘shsa, go‘yo bir yil ro‘za tutgandek bo‘lur», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
 
Mazkur hadisi muborakdan ma’lum bo‘ladiki, Ramazon ro‘zasini tutib, Shavvol oyida ham olti kun ro‘za tutgan mo‘min inson yil davomida ro‘zador bo‘lganning ajru mukofotiga sazovor bo‘ladi.
 
Shu bilan birga, hadisi sharifda:
 
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon ro‘zasi o‘n oy ro‘zaga to‘g‘ri kelsa, Shavvolning olti kuni ikki oyga to‘g‘ri keladi, natijada bu bir yil ro‘za bo‘ladi”, dedilar. Boshqa rivoyatda: “Kim fitrdan keyin olti kun ro‘za tutsa, bir yil to‘la ro‘za bo‘ladi”, deb, (Kim bir yaxshilikni amalga oshirsa, unga o‘sha yaxshilikning o‘n barobari bo‘lur («An’om» surasi, 160-oyat), deb zikr qilingan (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
 
Bundan ma’lum bo‘ladiki, Ramazon ro‘zasini to‘liq bir oy tutganga 10 oy, ya’ni, 300 kun ro‘za tutganning savobi beriladi. Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutganga esa, uning o‘n barobari oltmish kun ya’ni, ikki oy ro‘zador bo‘lganning savobi beriladi. Umumiy ma’noda esa, musulmon kishi 36 kun tutgan ro‘zasi uchun yil davomida ro‘zador bo‘lganning ajri-savobiga erishadi.
 
Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasi farz namozlariga tobe bo‘lgan sunnat namozlar kabidir. Ushbu sunnatlar farzlardagi ehtimolli kamchiliklarni to‘ldirganidek, Shavvol oyi ro‘zasi ham Ramazon oyi ro‘zasining ayrim xato va kamchiliklarining to‘ldiruvchisidir.
 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Shavvol oyi ro‘zasini tutganlar va sahobai kiromlarga hamda ular orqali biz ummatlarga ham tavsiya etganlar. Shavvoldagi olti kunlik ro‘zani Ramazon hayitidan keyin orqama-orqa tutishlik ko‘p fazilatli ish ekani ta’kidlanadi. Shu bilan birga, bu olti kunlik ro‘zani Shavvol oyining boshqa kunlarida ham tutsa joiz bo‘ladi. Qazo bo‘lgan ro‘zalarni ushbu kunlarda tutish bilan ham mazkur ajru savoblarga erishiladi, inshaalloh.
 
Yuqoridagilardan oladigan foydalarimiz:
 
Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish fazilati katta amal. Har yili Ramazon ro‘zasiga Shavvol oyi ro‘zasini ham qo‘shib tutib yurishlik, umrbod ro‘za tutganning savoblariga erishtiradi.
 
Birga o‘n barobar ajr berish Buyuk Robbimizning biz bandalariga rahmatidir.
 
Shavvol oyi ro‘zasini ketma-ket tutish mustahabdir. Savobli amallarda musobaqa qilishga buyurilganmiz. Shundan kelib chiqib, Shavvol oyida boshqa ish bilan band bo‘lib qolmaslik va bu kunlarning ro‘zasini qoldirmaslik uchun har kim g‘ayrat qilishi lozimdir.
 
Mazkur kunlardagi ro‘zani Shavvol oyining hoh avvalida, hoh o‘rtasida hoh oxirida uzluksiz tutish mumkin. Yoki Shavvol oyi davomida kun oralatib tutish ham durustdir. Alloh taolo bandaning ushbu amalini qabul etsa, inshaalloh va’da qilingan ajrga sazovor etadi.
 
Shavvol oyida ro‘za tutmoqchi bo‘lganlar avval Ramazondan qolgan qazosini tutadi, keyin esa, olti kunlik ro‘zani tutadi. Chunki hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim ramazon ro‘zasini (to‘la) tutib, ...», deganlar.
 
Bundan Ramazonning qazosi zimmasida bo‘lganlarga o‘sha qazosini ado etmaguncha ro‘za tutdi, deyishlik to‘g‘ri bo‘lmasligi ma’lum bo‘ladi. Chunki sunnat va mustahab amalni bajarish, zimmadagi farz-vojibning qazosini ado etishdan keyin turadi.
 
Shuni ham unutmasligimiz lozimki, biz musulmonlarga Ramazon hayiti kuni, Qurbon hayiti kuni va tashriq kunlari – zulhijja oyining 11-12 va 13- kunlari (ya’ni, Qurbon hayitining 2-3- va 4-kunlari)da ro‘za tutmaslik buyurilgandir.
 
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat