21:27 / 08.07.2023
189

Qur’onning yoqilishi: Ayrim G‘arb davlatlari nega bunga imkon beradi?

Qur’onning yoqilishi: Ayrim G‘arb davlatlari nega bunga imkon beradi?

G‘arbdagi hozirgi siyosiy tafakkurning shakllanishida katolik cherkovi bilan tarixiy kurash katta o‘rin tutgan, shu sabab dinni tanqid qilishga erkinlik deb qaraladi. Islom dunyosi esa bunga rozi bo‘lmaydi. Oxirgi vaqtlarda erkinlik emas, shaxsning qadr-qimmati birlamchi ekani nihoyat tushunib yetilyapti. Shunday bo‘lsa-da, ayrim davlatlarda islomofob aksiyalarga sudlar darajasida ruxsat berish davom etyapti.

O‘tgan hafta, Qurbon hayiti kunlari Shvetsiyada yana Qur’on yoqish aksiyasi bo‘ldi. Bu birinchi marta emas. O‘tgan yillar davomida, Shvetsiyadagi ashaddiy millatchilar islom va musulmonlarga nisbatan nafratini ifodalash uchun bir necha marta Qur’on yoqish aksiyalarini o‘tkazdi.

Lekin bu safar muqaddas kitobni ashaddiy shved millatchilari yoqqani yo‘q. Bu ish, asli iroqlik bo‘lgan, 37 yoshli Salvan Momika ismli shaxs tomonidan amalga oshirildi. U Shvetsiyada qochqin sifatida yashab keladi. Muhojir. Salvan Momika va uning tarafdorlari yil boshidan buyon bir necha marta ushbu aksiyani o‘tkazishga harakat qilib kelgani aytiladi.

Salvan Momikaning motivlari haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Qolaversa, u o‘zini musulmon deb hisoblaydimi yoki bugungi kunda dinsizmi – bu haqda ham xabarlar yetishmaydi. Salvan bu namoyishni o‘tkazish uchun Stokholm politsiyasidan ruxsat so‘raganda, politsiya unga rad javobi beradi. Politsiya buni provokatsiya sifatida baholanishidan xavotirda ekanini aytadi. Shunday so‘ng, Salvan va uning tarafdorlari sudga murojaat qilib, o‘zlarining so‘z va fikr erkinligi ta’minlanishini talab qiladi. Natijada, sud ushbu namoyishni o‘tkazish uchun ruxsat bergach, Stokholm politsiyasi ushbu aksiyaga ruxsat bergani aytiladi. Shu bilan birga, politsiya unga qarshi “etnik guruhga qarshi qaratilgan targ‘ibot” gumoni bilan ish ochgan.

Qur’onni Stokholmdagi eng yirik masjid yonida yoqqan Salvan Momikaning bu ishi, shu zahotiyoq global e’tirozlarga va bo‘linishlarga sabab bo‘ldi. Katolik cherkovning boshlig‘i, Rim papasi Qur’on yoqilishini qattiq tanqid qilib, har qanday diniy kitoblarni yoqish – dindorlarning hissiyotlarini tahqirlash ekanini bildirdi.

Yevropa Ittifoqi institutlari nomidan ham alohida bayonot chiqarilib, unda shunday deyilgan: “Qur’onning yoki har qanday diniy kitoblarning yoqilishi tahqirlovchi, hurmatsizlik hisoblanadi, va aniqki, bu provokatsiyadir. Bu kabi rasizm, ksenofobiya va shu qarashlar bilan bog‘liq bo‘lgan toqatsizliklarga Yevropada o‘rin yo‘q. Qolaversa, bu ish musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Qurbon Hayiti kunlari qilinishi – yanada achinarlidir”. Qur’on yoqilishini AQSH ham qoralagan.

Rossiya Davlat Dumasi qo‘mitasi va deputatlari ham Qur’on yoqilishini tanqid qilgan. Lekin, shu o‘rinda Rossiyaning islom va musulmonlar borasidagi siyosati ancha ziddiyatli. Agar g‘arb davlatlari hammaga birdek erkinlik berib, bu erkinliklar ksenofobiyaga sabab bo‘lishi kuzatilsa, Rossiyada vaziyat boshqacha. Rasman, Rossiya islomofobiyani va ksenofobiyani tez-tez tanqid qilib tursa-da, amalda Rossiya ichidagi musulmonlar bosimda ekani ma’lum. Rossiya poytaxti Moskvada, yillar davomida jome’ masjidlar yetishmasligi ham, bu davlatdagi yashirin islomofobiya darajasi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Shvetsiyada Qur’on yoqilishini tanqid qilib, bu holatni radikalizm va ekstremizm bilan bog‘ladi. Ya’ni, radikalizm va ekstremizm diniy ham, aksildiniy ham bo‘lishi mumkinligi bildirildi.

Xo‘sh, nega g‘arb davlatlarida Qur’on yoqilishiga imkoniyat berishadi? G‘arbda siyosiy erkinliklar, fuqarolik huquqlari keyingi besh asrda aynan xristian dini, Katolik cherkovi va qisman protestantizm bilan kurashib, dunyoga kelgan. Ya’ni dinni tanqid qilish, g‘arbda shakllangan siyosiy tafakkurga ko‘ra, siyosiy erkinliklarning sharti hisoblanadi. Shuning uchun ham, g‘arbiy Yevropada va umuman, g‘arb sivilizatsiyasida, dinni tanqid qilish – fikrlash erkinligi sifatida baholab kelinadi.

Xo‘sh, unda, so‘z va fikr erkinligining maqsadi nima? Inson qadr-qimmati, sha’ni va xavfsizligini ta’minlash! Endi, agar diniy qarashlar va qadriyatlarni tahqirlash, jumladan, musulmonlar uchun haqoratli deb qabul qilinadigan ishlar ham “erkinlik” deb qabul qilinishi mumkinmi? Boshqacha aytganda, bir insonning erkinligi, boshqa inson uchun haqorat bo‘lishi mumkinmi? Aslida yo‘q. Lekin, bugun insoniyat har xil qadriyatlar bilan global dunyoga kirib kelmoqda.

G‘arb sivilizatsiyasi uchun, erkinlik diniy hissiyotlardan ustun ko‘riladi. Chunki g‘arbda diniy o‘zlik va hissiyotlar tarixan so‘nib bo‘lgan. Bugungi g‘arb – post-xristian dunyosi hisoblanadi. Lekin musulmon dunyosida diniy qadriyatlar va qarashlar kuchli.

Ayni paytda, dunyoda erkinliklar va inson qadr-qimmati borasida, yangi qarash, yangi muvozanat shakllanmoqda. Misol uchun, bir-ikki o‘n yilliklar oldin, ko‘pgina g‘arb davlatlarida diniy qarashlarni tahqirlash faqat erkinlik deb ko‘rilar edi. Bugun, bir necha ziddiyatlar va katta mojarolardan so‘ng, global tafakkur o‘zgarmoqda. Inson qadr-qimmati borasida yangi qarash shakllanmoqda. Jumladan, erkinlik ham, diniy qarashlar ham birlamchi emas, balki inson qadr-qimmati asosiy mezon bo‘lishi, aynan inson qadr-qimmati orqali erkinlik va diniy hissiyotlar tarozida tortilishi kerak degan tafakkur kuchayib bormoqda.

Shvetsiyada Qur’on yoqilishi fonida, O‘zbekiston tomonidan tanqidiy bayonot bo‘lishi – muhim ish. O‘zbekiston, mintaqadagi va post-sovet hududidagi eng katta musulmon jamiyati hisoblanadi. Dunyoviy davlat sifatida, O‘zbekiston, barcha insonlarga vijdoniy va diniy tanlov hamda erkinlik berish, ta’minlash mas’uliyatini olgan. Ayni paytda, ksenofobiya va islomofobiyaga qarshi global kampaniyaga O‘zbekistonning ham qo‘shilishi – kelajakdagi ziddiyatlar va provokatsiyalarni oldini olishga qaratilgan yaxshi bir qadam bo‘ldi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qur’onning yoqilishi: Ayrim G‘arb davlatlari nega bunga imkon beradi?
ePN