Samarqand shahrida 7—8 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik davom etmoqda. Ushbu konferensiyada qatnashish uchun Samarqand shahri bo‘lib turgan muxbirimiz "Lalmikor" dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Qishloq xo‘jalik fanlari falsafa doktori Haydarov Bekmurod bilan intervyu uyushtirdi. Suhbatdosh o‘z intervyusida quyidagilarni aytdi:
"Bugun Samarqand shahrida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lmoqda. Biz bu konferensiyada qishloq xo‘jalik ekinlaridan boshoqli, dukkakli, moyli ekinlarini yangi navlari bilan qatnashyapmiz. Bu yangi navlarimiz boshoqli don ekinlaridan sug‘oriladigan hamda lalmikor maydonlarda ekish uchun rayonlashtirilgan bug‘doyning yangi navlari hisoblanadi.
Bu bug‘doy navlarimiz asosan qurg‘oqchil mamlakatlardagi qishloq xo‘jaligi, ya’ni "Ekada" tashkilotining nav namunalari bilan mahalliy navlarni chatishtirib duragaylarni yakka tanlash yo‘li bilan yaratilgan navlar bo‘lib, bu navlarimizdan sug‘oriladigan maydonlarda 100-110 sentner hosil olinayotgan bo‘lsa, lalmikor maydonlarga rayonlashtirilgan navlarimizdan 25-32 sentnergacha hosildorlikka erishilyapti.
Bundan tashqari biz dukkakli don ekinlaridan no‘xatni, moyli ekinlardan maxsar hamda zig‘ir navlarini olib kelganmiz. Bu uchta ekinimiz ham lalmikor maydonlarda ekish uchun rayonlashtirilgan bo‘lib, no‘xatning "Guliston" navi xuddi bug‘doy singari ekarda materiallaridan yakka tanlash yo‘li bilan yaratilgan.
Moyli ekinlardan maxsar hamda zig‘ir navlari mahalliy navlarni ustida yakka tanlash yo‘li bilan yaratilgan bo‘lib ulardan ham lalmikor maydonlarda 12-15 sentner atrofida hosil olinmoqda", - deydi "Lalmikor" dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Bekmurod Haydarov.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring