date
views 416

Yangi O‘zbekistondagi yangi soliq islohotlari

Yangi O‘zbekistondagi yangi soliq islohotlari

 Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Soliq tizimi isloh qilindi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi soddalashtirildi, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi. Tadbirkorlar bilan muloqot qilishning amaliy va shaffof tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.

 Soliqlar bevosita davlatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Davlat o‘z vazifalarini bajarish uchun moliyaviy manba sifatida soliqlardan foydalanadi. Soliqlarning amal qilishi bu obyektivlikdir, chunki jamiyatni tashkil etuvchi barcha subyektlar ham real sektorda, ya’ni ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatmaydi. Jamiyatda boshqalar tomonidan rad etilgan yoki faoliyati iqtisodiy samarasiz bo‘lgan sohalar ham mavjudki, bular soliqlarni obyektiv amal qilishni talab etadi.

 Har qaysi davlat barcha yo‘nalishlarni rivojlantirishga harakat qiladi. Ammo farovonlik va taraqqiyotga erishish yo‘lida tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Zero, shu yo‘l bilan aholi farovonligi oshib, iqtisodiyot yanada mustahkamlanadi.

 Prezident tomonidan imzolangan 2022 yil 30 dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ayni jihatlarga e’tibor qaratilgan.

 Mazkur hujjatga muvofiq, respublikaning barcha tuman (shahar)lari 5 ta toifaga taqsimlangan. Endilikda soliq imtiyozlari va subsidiyalar tuman (shahar)ning toifasidan kelib chiqib ajratilmoqda. Joriy yilning 1 yanvaridan 2026 yilning 1 yanvariga qadar soliq solishning tabaqalashtirilgan tartibi joriy etildi.

 Belgilandiki, 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar quyidagilarni to‘laydi:

 - foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida;

- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi;

- 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan YATTlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi;

- 4-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari uchun aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy soliq stavkasi 3 foiz etib belgilangan.

 Ushbu hujjatda belgilanishicha, Jo‘qorgi Kenges va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga 4-toifadagi tumanlar bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha Soliq kodeksi bilan belgilangan eng kam qiymatlarga 0,3 gacha, YATT uchun qat’iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 0,5 gacha kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritish huquqi berilgan.

 Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 4 va 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklarining kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foiz ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi. Bank kreditlarining 75 foiz, biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.

 Hujjat bilan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan subsidiyaning oshirilgan miqdorlari ham tasdiqlangan. Amal qilish muddati belgilanmagan subsidiyalar 2025 yil 1 yanvarga qadar joriy etilgan hisoblanadi.

 Subsidiya olish uchun soxta hujjatlar taqdim etilganda, taqdim etilgan subsidiyalardan maqsadsiz foydalanilganda va ularni qo‘llash shartlariga rioya etilmaganda subsidiyalar penya bilan qaytarib olinadi.

 4 va 5 toifalar uchun tadbirkorlik sohasida litsenziya va ruxsatnomalar olish uchun davlat boji ikki baravarga pasaytirilgan.

 Umuman olganda sohadagi imtiyozlar Yangi O‘zbekistonda yangi tadbirkorlar sinfi shakllanishiga sabab bo‘ldi. Tadbirkorlar jamiyatimizda haqiqiy kuchga, islohotlar drayveriga aylandi. Endilikda mavjud salohiyatga tayanib, yanada yuqori marralar ko‘zlanmoqda.

 Davlat tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilib, ularni qo‘llab-quvvatlayapti. Davlatning tadbirkorlarga, tadbirkorlarning esa davlatga bo‘lgan ishonchi yuksaldi. Bu Yangi O‘zbekistonning yangi va muhim qadamlarini belgilab beradi.

 Toshkent viloyati soliq boshqarmasi

boshlig‘i Alovitdin Inagamov

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi O‘zbekistondagi yangi soliq islohotlari