O‘tgan oyda ijtimoiy tarmoqlarda erkaklar bilan bog‘liq suitsid holatlari haqida bir nechta xabarlar tarqaldi. Statistik ma’lumotlarga qaralsa, suitsid ayollarga qaraganda erkaklarda deyarli 3 barobar ko‘p uchraydi.
Suitsidlar masalasida 15 yildan buyon shug‘ullanib kelayotgan psixolog Shoira Isoqovaning aytishicha, erkaklar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari oilada bolalikdan berilayotgan tarbiyadagi noto‘g‘ri yondashuvlarga borib taqaladi. Chunki oilada bola tarbiyasi ko‘p holatda onalar zimmasiga tushadi, o‘g‘il bolaning kuchli shaxs sifatida oladigan fazilatlarini shakllantirish uchun esa unga otaning e’tibori kerak.
“Bizda ko‘pincha otalar ko‘chaniki, ular ko‘cha ishlarini bajarishi kerak degan tushunchalar bor. Aynan o‘g‘il bola tarbiyasida otaning o‘rni beqiyos. Uning har bitta so‘zi o‘g‘ilning shaxs sifatida kamolotga yetishida juda katta rol o‘ynaydi. O‘g‘il tarbiyalayotgan onalar uning hayotida, do‘stlari davrasida bo‘layotgan muammolarda qutqaruvchi vazifasini bajaradi. Uning shu muammodan o‘zi chiqib ketishiga yo‘l bermaydi. Bu esa oxir-oqibat o‘g‘il bolalarning jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmasligiga, irodasizlikka, o‘ziga bo‘lgan ishonchning pasayishiga, hayotdagi qiyinchiliklar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘yishiga yoki mutlaqo o‘z yo‘lini topa olmasligiga olib keladi.
Qizlar tarbiyasida esa boshqacha yondashiladi. Ular begona xonadonga borishini hisobga olib, har tomonlama “qurollantirib” tarbiyalaymiz. Ammo o‘ziga ishonchi past, kuchsiz, irodasiz, mustaqil fikriga ega bo‘lmagan bolalar ertaga jamiyatda turli muammolarga duch kelganda o‘z yo‘lini topa olmay qoladi. Va mana shu jarayonda suitsidial tendensiyalar paydo bo‘ladi.
Biz o‘g‘il bolalarni kichikligidan “O‘g‘il bola yig‘lamaydi” degan tushunchalar bilan tarbiya qilamiz. Aslida o‘g‘il bola ham yig‘lashi, o‘z hissiyotlari, kechinmalari, muammolarini ko‘rsatishi mumkin. Buni ichga yutish – bosim ostida qolish inson kamolotida ta’sir ko‘rsatadi deydi u.
Inson qaysi holatlarda suiqasd haqida o‘ylaydi?
Shoira Isoqovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘smirlarda, noto‘liq oilalarda, ota-onasi uzoqqa ketgan, farzand tarbiyasi e’tibordan chetda qoldirilgan oilalarda, notinch – ichkilikbozlik, muntazam janjallar sodir bo‘ladigan oilalarda suitsidal holatlar ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy qiyinchiliklar ham inobatga olinadi, lekin ba’zida iqtisodiy muammosi yo‘q oilada ham depressiyaga tushgan erkak joniga qasd qilgan holatlar kuzatiladi.
“Kattalarda esa erkak 40 yoshda ham hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan, o‘zini kerakli his qilmagan, muammolar girdobidan chiqa olmagan bo‘lishi mumkin. Bu ongli harakatlar hisoblanadi. Demak, o‘sha jarayongacha bo‘lgan sabablar mavjud. Bir kunda bu qarorga kelib, borib qasd qilmaydi. Har bir jarayonda yechim qidiradi, izlaydi, o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. Hech qayerdan yechim topa olmagandan keyin shu qarorga keladi. Ungacha ancha bosqichlarni bosib o‘tgan bo‘ladi. Buni bilish mumkin bo‘lgan gaplariga hech kim e’tibor qaratmagan bo‘ladi. “Jonimga tegdi”, “Hayot judayam qiyin”, “Yasholmayapman, moslashib ketolmayapman” degan gaplarni gapirgan bo‘ladi, ammo afsuski, yaqinlari ko‘pincha bunga e’tibor bermaydi.
Og‘ir vaziyatlarda barcha muammolar yechimsiz tuyuladi va miya muammoning yechimi ustida emas, muammoni og‘irlashtirish ustida ishlaydi. Masalan, qarzi bo‘lishi mumkin, ishi to‘xtab qolgan bo‘lishi mumkin. Bularga yechim, chora topsa bo‘ladi, ammo ular o‘limni chora deb bilishadi. Vaholanki, bu dinimizda ham qattiq qoralanadi va kechirilmas gunoh deyilgan. Demak, diniy va dunyoviy bilimlarimizni ham oshirib borishimiz kerak”, – deya ta’kidlaydi psixolog.
Shoira Isoqova suitsidga moyillikni 5-6 oy avval aniqlash mumkin bo‘lgan psixologik metodlar borligi, inson ruhiyatidagi o‘zgarishlar, suitsidial tendensiyalar mavjudligini aniqlash imkoni borligini aytdi.
Suitsidologiya yo‘nalishida mutaxassislarni ko‘paytirish kerak
Suitsid holatlari bilan ishlaydigan, uning oldini olishni o‘rgatuvchi suitsidologiya yo‘nalishida mutaxassislar soni nihoyatda kam. Muammo yechimlaridan biri – tibbiyot sohasida suitsidolog mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.
“Hozir respublikada bor-yo‘g‘i 3-4 nafar yuqori malakali suitsidologni sanash mumkin. Bizda bu mutaxassislarni tayyorlaydigan muassasa yo‘q. Tibbiyot oliygohlarda psixoterapiya yo‘nalishining ichiga bo‘lim sifatida kiritilgan xolos. Hayotga moslasha olmayotgan, o‘z joniga qasd qilishi mumkin bo‘lgan odamlar bilan ishlash uchun bunday mutaxassislar yordami kerak bizga. Ular shunday insonlardagi muammolarning ildizini topib davolaydi, yoki uni jamiyatga moslashtiradi. Rossiya tajribasini oladigan bo‘lsak, ularda suitsidologlar juda ko‘p. Katta-katta suitsidologiya markazlari bor va ular davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bizda esa psixoterapevtlar yoki psixonevrologlar zimmasiga yuklatiladi, ular esa har doim ham yechim topib bera olmaydi.
Respublika suitsidologiya markazi bor, lekin u yerga qachonki odam o‘z joniga qasd qilsa keyin olib kelinadi. Bu markazning borligi haqida targ‘ibot ishlarini ko‘proq olib borish kerak. Hayotga moslasha olmagan, siqilgan, tushkunlikka tushgan, o‘lim haqida o‘ylovlari ko‘paygan odamlar murojaat qilishi mumkinligi, yechim topish, davolanish mumkinligi haqida ommaviy ahborot vositalarida targ‘ibot qilishlari kerak”, – deydi ruhshunos Shoira Isoqova.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring