Jahonda murakkab jarayonlar kechayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda zamonaviy islohotlar va milliy rivojlanishimizga mos ravishda amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar, erkin, demokratik jamiyatni qaror toptirish va uning taraqqiyotiga hissa qo‘shishda siyosiy nazariya va amaliyotga oid bilimlar, dahldor g‘oya va mafkuralar, siyosatshunoslik fanini yanada chuqurroq o‘rganishni taqozo qilmoqda. Bu ma’noda, yurtimizda ayrim oliy o‘quv yurtlarida jahon fanlari doirasida siyosatshunoslikni qisman bo‘lsa-da o‘quv jarayoniga tatbiq etilganligi hamda bu yo‘nalishda talabalarni o‘qitilayotganligi ushbu maqsadga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqlari va asarlarida siyosiy tafakkurni, allomalarimiz ma’naviy merosini, umuminsoniy xarakterdagi siyosiy-mafkuraviy bilimlarni o‘rganish masalalariga katta e’tibor berib kelinmoqda. Qolaversa, Yangi O‘zbekiston siyosiy tizimida siyosiy madaniyatni shakllantirish bilan bog‘liq jarayonlarga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Barchamizga ma’lumki, dunyoda shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayonlari, jahonning g‘oyaviy-mafkuraviy qiyofasini tubdan o‘zgartirib, yangicha tafakkurni shakllantirmoqda. Shu bois, O‘zbekistonda ta’limning ijtimoiylashuviga alohida e’tibor berilib, o‘qitilayotgan fanlarning tarkibiy tuzilishi va mazmunining zamon talablariga moslashtirilishi bo‘yicha islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarni Vatan va millat manfaatlari yo‘lida fidoyilik ko‘rsata oladigan, yurt taqdiriga o‘zini daxldor deb his qiladigan, dunyodagi siyosiy raqobatga asoslangan o‘zgarishlarning mazmun-moxiyatini anglaydigan, yurtimizni har qanday xavf-xatardan asrashni o‘zining muqaddas burchi deb biluvchi, muayyan mutaxassislikni, kasb-hunarni chuqur egallagan, mustaqil va erkin fikrlaydigan, ma’naviy barkomol insonni tarbiyalash yo‘lida oliy ta’lim tizimida ijtimoiy, siyosiy fanlarning dasturlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarni zamon talablari asosida yaratishni taqozo etmoqda. Shu o‘rinda siyosiy bilim yoki siyosatshunoslik qanday fan degan savol tug‘iladi?
Bizningcha siyosat – davlat hokimiyati, boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar, jamoat institutlari maqsad va manfaatlarini amalga oshiradigan inson faoliyati sohasi sifatida siyosatshunoslik fani doirasida o‘rganiladi. Ilmiy manbalarda esa, jamiyatning alohida sohasi sifatida davlatni boshqarish san’ati deb ta’riflanadi. Shu bilan birga, siyosat turli ijtimoiy-siyosiy intitutlar, ijtimoiy qatlamlar, tabaqa va guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni ham ifoda etadi. Siyosatning ijtimoiy mohiyati davlat hokimiyatini boshqarishda namoyon bo‘ladi. Qolaversa, siyosatshunoslik fani ijtimoiy-siyosiy fanlar tizimida muhim o‘rin tutadi hamda siyosatni o‘rganishda o‘ziga xos xususiyati, maqsad va vazifalari borligi bilan farqlanadi.
Uning siyosiy mohiyati jamiyatning siyosiy hayoti va siyosiy munosabatlarida ro‘y beradigan voqea-hodisalar, o‘zgarishlarni ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berish bilan belgilanadi. Siyosatshunoslikning siyosiy fan sifatidagi roli va ahamiyati uning siyosiy mohiyatga ega bo‘lgan voqea-hodisalarni alohida olingan bir mamlakat doirasida emas, balki jahonning turli mamlakatlarida siyosiy muammolarni hal qilishda erishilgan natijalar bilan baholanadi. Qolaversa, siyosatshunoslikning mazmunini tashkil etuvchi masalalarning bir butunligi yoki yaxlitligi misolida uning predmeti ta’riflanadi.
Shunday ekan, har qanday davlat va jamiyatda fuqarolar, davlat hokimiyati boshqaruvi organlari vakillari, siyosiy elitaning siyosiy bilimlarni chuqur bilishi har bir sohada amalga oshiriladigan islohotlarning samaradorligiga hamda strategik jihatdan rivojlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim tadqiqotchilar tomonidan O‘zbekistonda siyosiy bilim asoschilarini muhokama qilish, bu ham yetmagandek “akademik erkinlik” nuqtayi nazaridan siyosatshunoslik fani taqdirini shubha ostiga qo‘yish kabi subyektiv fikrlar tarqalishi kuzatilmoqda.
Shu o‘rinda, siyosatshunoslik fanining O‘zbekistondagi holati bo‘yicha tarixga bir nazar tashlash lozim bo‘ladi. Xabaringiz bor 2015 yilda avvalgi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, ushbu fan mavzulari “bir birini takrorlagani va G‘arbda keng tarqalgan nazariyalar to‘g‘risida ma’lumot berishga asoslangani” uchun fan sifatida rasman bekor qilingan edi. Mazkur masalada buyruq chiqarish uchun asos bo‘lgan xulosaga ko‘ra, ushbu fan bo‘yicha O‘zbekistonda chop qilingan kitoblarda O‘zbekistonga xos bo‘lgan taraqqiyot yo‘li, “O‘zbek modeli”ning asosiy tamoyillari atroflicha tushuntirilib berilmagan ekan.
Bunga sabab, 2015 yilda siyosatshunoslik doirasida e’lon qilingan buyruqqa asos sifatida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar mazmuni va tarkibini optimallashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruhning xulosasidir. Mazkur xulosada keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-son qarori asosida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlari shakllantirilib, ularga O‘zbekiston tarixi, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti, huquqshunoslik, falsafa, psixologiya va siyosatshunoslik kabi fanlar ham kiritilgan. Biz nimaga bu ma’lumotlarni keltirdik, unda gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlarning mazmuni tegishli mutaxassislar (afsuski ishchi guruh a’zolari sifatida siyosatshunoslar A.G.Mo‘minov, A.O‘.O‘tamurodov va D.S.Muitovlar ham ishtirok etgan) tomonidan o‘rganib chiqilib, natijalarga ko‘ra, “siyosatshunoslik” fani zamonaviy talablarga javob bermasligi aniqlangan. Mutaxassislarning taklifi va mazkur ishchi guruhning tahliliga ko‘ra, aksariyat mavzular boshqa fanlar kesimidagilari bilan bir xil deb topilgan. Achinarlisi, ushbu tahlillarni olib borishda yetuk siyosatshunos olimlardan fikr-mulohazalar ham so‘ralmagan. Shu boisdan, ham katta xato bilan siyosatshunoslik fanining ilmiy jihatdan metodologik asosi yo‘q hamda uning predmeti va obyekti mavhum deya – dunyoviy fandan voz kechilgan. Hatto oliy ta’lim bakalavriat yo‘nalishlari o‘quv rejalaridan ham “Siyosatshunoslik” fani chiqarib tashlangan.
Ushbu dalillardan ham tushunish mumkinki, rivojlanishimizning avvalgi bosqichida “Siyosatshunoslik” faniga shubha ostida qarash, uni tan olmaslik kabi sabablar tufayli mamlakatimizda siyosiy ilohotlardan aholining xabardorligi, siyosiy ongi va madaniyatining pasayishi, ayniqsa yoshlarning vatan taqdiriga befarqligi kabi salbiy holatlarni yuzaga keltirdi. Ayniqsa, kadrlarni tayyorlashda ushbu fanning imkoniyatlarini chetga surish kerak emas deb bilish ustuvorlik qildi. Bundan tashqari, sobiq O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi qarori bilan, 2013-2014 o‘quv yilida mamlakat oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik bo‘yicha mutaxassis yetkazib berish to‘xtatilib, 2013 yilda so‘nggi diplomlar topshirildi. Keyinchalik esa, ijtimoiy fanlar tarmog‘ida yetakchilardan bo‘lgan siyosatshunoslik ham fan sifatida bekor qilindi. Bu esa, ushbu soha olimlarini boshqa ish topishiga yoki faoliyatini tugatishiga ham sabab bo‘ldi. Qolaversa, xorijda ushbu sohada tahsil olgan talabalarni O‘zbekistonda siyosatshunoslik faniga munosabat yomonligi sababli, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topmasligi mumkinligi bo‘yicha xavotirlarini yuzaga keltirdi.
Lekin Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati sabab, ushbu fanga e’tibor va munosabat o‘zgardi. Xususan, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, talabalarni siyosatshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi. Dastlab, siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavrga 20 talaba, shundan 5 tasi davlat granti asosida shuningdek, “Amaliy siyosatshunoslik” bo‘yicha 10 talaba magistraturaga, shundan ikkitasi davlat granti asosida kvotalar ajratildi.
Shu o‘rinda, meni bir holat o‘ylantiradi, nahotki, yuqorida keltirilgan ishchi guruh vakillari (ishchi guruh a’zolari sifatida A.G.Mo‘minov, A.O‘.O‘tamurodov va D.S.Muitovlar) dunyoviy fanning ahamiyatini hamda mamlakatimizda barcha sohalarda rivojlanishdagi o‘rnini unutib, qanday maqsadlarda xulosalar berishgan? Bu bilan men, ularning xatti-harakatini baholashdan yiroqman. Biroq, ulardan birining yaqinda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a’zolarni tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda “siyosatshunoslik”ning buyuk darg‘alari sifatida nomzodini ilgari surganiga hayronman. Aslida, ushbu jarayonda fanning rivojiga to‘siq bo‘lgan ayrim shaxslarni siyosatshunoslik fanining “asoschilari”, “darg‘alari” sifatida nomzodini ko‘rsatishga ma’nan haqqi bormidi, yoki qanday o‘zini siyosatshunosman deb baholash mumkin? Shu o‘rinda, tadqiqotchi va tahlilchi sifatida aytishim mumkinki, ayrim olim va mutaxassislarning xato tahlili tufayli, yuqorida keltirilgandek, siyosatshunoslik fani ta’lim tizimi hamda o‘quv jarayonidan chiqib ketdi.
Bugun bunday holatlardan yiroqmiz, zamonaviy ta’lim islohotlari davrida yashamoqdamiz hamda sifat samaradorligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Shu boisdan, siyosatshunoslik fanining taqdirini shubha ostiga qo‘yish o‘rinsiz. Qolaversa, ilmiy-tadqiqot faoliyatida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, siyosatshunoslik fani yo‘nalishida ilmiy ish olib borish uchun 5 ta oliy o‘quv yurtida bo‘lajak siyosatshunos mutaxassislar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Ushbu sharoitlardan kelib chiqqan holda tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib kelmoqdalar. To‘g‘ri, hali ham kamchiliklar bor. Lekin o‘zim tadqiqotchi sifatida aytishim mumkin-ki, bugungi kunda har bir olimlik yo‘lini tanlagan ziyoli shaxs o‘zining qobiliyati, bilimi va ko‘nikmalari orqali tadqiqot ishini hech bir sun’iy to‘siqlarsiz himoya qilishi mumkin. Ushbu jarayonlarda ayrim tadqiqotchilarning negativ fikrlashi sabab, ilmiy-tadqiqot ishlariga mas’ul tashkilotlarni muhokama qilish, olimlarga nisbatan ayblovlarni ko‘rsatish noo‘rin deb o‘ylayman. Chunki, mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot ishlariga erkinlik yaratilgan bir sharoitda ilm-fanni rivojlantirishga tanqidlar bilan emas, balki o‘zining fundamental tadqiqotlari bilan hissa qo‘shish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shundagina, mamlakatimizda barcha sohalar kabi siyosiy soha ham, siyosatshunoslik fani ham rivojlanadi deb o‘ylaymiz.
Siyosatshunos A.Xaydarov
I.Jonimqulov
Maqoladagi fikrlar mualliflarga tegishli bo‘lib tahririyat nuqtayi nazarini ifoda etmaydi.
Reklama huquqi asosida
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring