11:34 / 03.11.2024
160

Sirtmoq domiga tushgan Yusufbek hoji

Sirtmoq domiga tushgan Yusufbek hoji
"O‘tkan kunlar" filmidan.
Azizbekning zulmi kuchaygach, xalq Yusufbek hoji atrofida jipslashib, hokimga qarshi isyon ko‘tardi. 1847 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqoridagi hokim bilan bog‘liq voqealar Abdulla Qodiriyning mashhur «O‘tkan kunlar» asarida badiiy tasvirlangan.

Toshkentda tug‘ilib o‘sgan, o‘z shahrining tarixini batafsil o‘rgangan Qodiriy romanda bosh qahramon – Otabek va uning otasi Yusufbek hojini xalq ergashadigan ijobiy shaxs sifatida tasvirlaydi. Aslida hayotda ham shunday edi. Toshkentliklar Yusufbek hojini Muhammad Yusufbek parchabof deb hurmat qilishgani tarixiy manbalardan ma’lum.

«Toshkand aholisi Azizbek istibdodidan ortiq tuyindi, kimdan ko‘mak so‘rashni ham bilmaydir» («O‘tkan kunlar»dan).

Zero, hokimning zulmiga qarshi bosh ko‘targan banda borki, hatto, bu to‘g‘rida maxfiy gapirsalar-da, xufiyalar Azizbekka shipshitib turgan.

«...bir misol kelturay..Toshkanddagi jum’alik gap majlislaridan birida bir kishi Azizbekni maqtar va bu maqtovga qarshi ikkinchisi «nega muncha maqtaysan, Azizbeking asli bir bachcha-da!» der. Ularning bu muzokaralarini chetdan eshitib turgan xufiyalardan biri so‘zni Azizbekning qulog‘iga yetkazar. Ertasiga Azizbek mazkur ikki kishini o‘z huzuriga oldirib, maqtovchiga ulug‘ mansab ato qilar va ikkinchisini o‘limga buyurar» («O‘tkan kunlar»dan).

Xullas, xalq dardini kimga aytishni, kimga suyanishni bilmay yurgan payt. Chiday desa, sabr kosasi to‘lgan. Sabr tagi – sariq oltindan esa darak yo‘q..Aksiga olib, olomon har yoqqa yo‘l izlaydi, bir-biriga mag‘zava ag‘daruvchilar ham ko‘p.

Ammo xalqni birlashtiradigan yo‘lboshchi yetishib chiqqan edi. Bu Muhammad Yusufbek edi. Xalq Yusufbek hoji deb ataydigan ul insonning uyi Shayhontahurning Zanjirlik mahallasida edi. Uning yoshligida kasbi hunarmand-kosib bo‘lib, Chorsuda qator do‘konlari bo‘lgan, do‘konlari ortidan boyib, Toshkandning obro‘li zotlariga aylandi, hajga borib keldi. Toshkandga Normuhammad hokim bo‘lgan davrda esa uning vaziri, dabiri bo‘ldi. Qo‘qon xoni Xudoyorxon unga parchabof unvonini bergan edi. Bu to‘g‘rida qo‘qonlik tarixchi Avaz Muhammad Attorning «Tarixi jahonnamoyi» asarida ma’lumot berilgan. Ana shu inson toshkentliklarni Azizbek zulmiga qarshi jipslashtirib, isyon ko‘tardi. Bunga hokim janoblarining xazinani to‘ldirish uchun xalqqa soliq solgani sabab bo‘ldi. «Ular har bir mahala va ko‘chaga pul solig‘i soldilar. Biroq dovyurak kishilar, ya’ni Muhammad Yusufbek – parchabof va boshqalar bu qarorga itoat qilmay, juma kuni kechki namozdan keyin bir-birlariga xabar berib, qo‘lga ilingan narsalar bilan qurollandilar», deb yozadi Avaz Muhammad Attor o‘z asarida.

Natijada Azizbek navkarlari bilan Yusufbek hoji isyonkorlari o‘rtasida Toshkandning Changob, Parchabof mahallalarida, Xotun masjidi yonida janglar bo‘lib o‘tadi. Beshyog‘och mahallasidagi olomon ham nayza, tayoq va miltiqlar bilan qurollanib, Qalandarxona yo‘li orqali o‘rdasiga qaytgan Azizbekning navkarlari turgan joyni qamal qiladi. Shaharning o‘n ikki darvozasi yopiladi.

«Azizbek qal’ani aylanib, merganlardan hol-ahvol so‘rar, ularni yangi mansablarga ko‘tarish haqida ming va’dalar berardi. Har bir qo‘shinda posbonlar joyini tekshirishdan so‘ng o‘n-o‘n besh kishi qal’a devoridan tushib, qochib ketardi. Shundan so‘ng Toshkand hokimi isyonkorlardan omonlik tilab, xotini va bola-chaqasini olib, Qo‘qonga kochdi va u yerdan Marg‘ilonga ketdi. Biroq hiylakor Azizbek jonini saqlab qolganiga shukur qilmay, qipchoq va boshqa urug‘larga fisqu fasod xatlar yozib, xonlik xavfsizligiga raxna sola boshladi. Shu bois «uning shaytonligi oshkor bo‘lgach, Qo‘qonning katta qabristonida bir kechada qatl etdilar», deya tarixchi Avaz Muhammad Attor Azizbekning o‘limini tasvirlaydi.

Zulmkor hokimdan qutulgan Yusufbek hoji Yangi Toshkand hokimi o‘rdasida dabir lavozimida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. 1853 yili chor qo‘shinlari Qo‘qon xonligiga qarashli Oqmasjidga bostirib kirganida, Yusufbek hoji ham bosqinchilarga qarshi kurashdi. Urushda vatanparvarlar mag‘lub bo‘lgach, Qo‘qon xoni Toshkand hokimini o‘zgartirib, u yerga Mirzo Ahmadni hokim qilib tayinladi. Yangi hokim Yusufbek hojining xalq o‘rtasidagi obro‘sidan xavfsirab, soyasida qolib ketyapman, degan o‘yda uni o‘ldirish niyatiga tushib qoladi. Buni sezgan Yusufbek hoji Chimkentning so‘lim Sayramidagi Mankent qishlog‘iga qochib, yashirindi. Ammo Yusufbek hoji yashiringan joy haqida bir paytlar uning xizmatida yurgan Abdumo‘minqul ismli xiyonatkor hokimga borib chaqdi. Natijada Yusufbek hoji tutib keltirilib, dorga osildi. Bu mudhish voqea 1855 yilda sodir bo‘lgan.

Mazkur voqealarga muallif boshqacharoq yo‘sinda – Otabek taqdiriga Qo‘qon xonligidagi Xudoyorxon, Musulmonqul, Azizbek kabi tarixiy shaxslarning olib borgan mudhish siyosati ta’sir qilganligidan kelib chiqib yondashdi. Tarixni yaxshi bilgan romanchiligimiz asoschisi o‘tmishdagi hayotiy voqealarning roman mavzusiga doir qisminigina asariga kiritgan. U Yusufbek hojini romandagi xalq qahramoni darajasiga ko‘tardi. Ammo hojining keyingi hayotini yoritib o‘tirmadi.

Qodiriyning nazarida, qahramonlar jisman o‘lsa-da, ma’nan o‘lmaydi – xalqni ruhlantirib, avlodlar qalbida yashayveradi. Buning uchun esa tez-tez tarixga murojaat qilib turish kerak. Zero, Qodiriy yozganidek, «moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrli, deydilar». Shu bois roman mavzusi va nomi – «O‘tkan kunlar» edi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sirtmoq domiga tushgan Yusufbek hoji