15:48 / 10.11.2024
146

Amirlarni qo‘g‘irchoq qilgan Doniyolbiy otaliq aslida kim edi?

Amirlarni qo‘g‘irchoq qilgan Doniyolbiy otaliq aslida kim edi?
Kanizaklardan biri go‘zallikda misli yo‘q malikadan so‘rashga zo‘rg‘a jazm etdi:

– Ey, malikai jahon. Uch sohibi davlatning og‘ushida orom olding. Ularning har biridin qaysi xislat ta’bingga muvofiq bo‘lib, sababi shodmonlig‘ bo‘ldi?

Kanizaklar davrasidagi turli mavzudagi suhbatlarga o‘rganib qolgan Jahon podshoh oyim bu savolga nozu karashma bilan ohista shunday javob berdi:

– Husnni Elbarsxonda ko‘rdum, xulqi xushni Rahimxonda ko‘rdum, lazzati jimo’ni Doniyol otaliqdan topdim...

Malika o‘sha paytgacha uch marta erga tekkan – Xiva xoni Elbarsxon, Buxoro hukmdori Rahimxon va Doniyol otaliqqa turmushga chiqqan, kanizagining savoliga esa har bir erining xislatini aytib bergan edi. Lazzatni otaliqdan topdim, deya tan bergani esa Buxoroda hokimiyat jilovini qo‘liga olgan shaxs Doniyolbiy edi.

XVIII asrning ikkinchi yarmida Buxoro xonligida ijtimoiy-siyosiy muvozanat buzilib, saroy o‘yinlari avj olgan edi. Taxt uchun kurashdek siyosat sahniga dam u, dam bu guruh vakili chiqib turgan paytlar...

Shayboniylar, ashtarxoniylar sulolasining zaiflashganidan mang‘it urug‘iga mansub bir guruh kishilar hokimiyatni qo‘lga oldi. Shu taxlit g‘ayratli va qattiqo‘l siyosatchi Muhammad Rahimxon 1747 yili Buxoro taxtiga chiqib, amir maqomida davlatni boshqara boshladi. Uning hokimiyat tepasiga kelishiga yordam bergan shaxs amakisi Doniyolbiy otaliq edi.

Doniyolbiy uzoq yillar davomida Buxoro hududida eng katta ta’sirga ega bo‘lgan nufuzli Muhammad Hakimxon otaliqning tug‘ishgan ukasi bo‘lib, mang‘it urug‘iga mansub edi. Hakimxonning vafotidan so‘ng Doniyolbiyga, shuningdek, saltanat ishlariga ta’sirini o‘tkazib yurishdek siyosiy faollik ham unga meros bo‘lib qoldi.

1758 yili Muhammad Rahimxon 45 yoshida vafot etgach, Doniyolbiy uning olti yoshli Fozilto‘ra ismli nevarasini nomigagina taxtga o‘tqazib, o‘zi davlatni boshqara boshladi. Ammo olti yoshli amir va uning suyanchi Doniyolbiy otaliqning bu tarzda siyosat yuritishidan norozi bo‘lib, 1758–1760 yillarda O‘ratepa, Nurota, Hisor va Karmana beklari g‘alayon boshladilar. Vaziyatning izdan chiqishini sezgan Doniyolbiy isyonkor beklar bilan muzokara boshlab, olti yoshli amirni taxtdan tushirib, Qarshiga hokim qilib jo‘natdi. Taxtga yuqoridagi sulola va Rahimxonlar oilasiga mansub Abulg‘ozini nomigagina xon qilib ko‘tardi.

Bu paytda Doniyolbiy o‘z atrofiga sadoqatli bo‘lib tuyulgan Davlat qushbegi, Nizomiddin qozikalonlarni to‘plagan edi. Ammo ular g‘alayonlar bilan ovora bo‘lib yurgan Doniyolbiyning Buxoroda yo‘qligidan foydalanib, xazinani o‘marishni boshladilar. Shu tufayli xalq o‘rtasida Doniyolbiyning aslida ular bilan tili bir, shuning uchun ham jazolamayapti, degan mish-mishlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik Doniyolbiyning e’tiqodli o‘g‘li Shoh Murod bu kabi mish-mishlarni asosli deb o‘ylab, har ikkala nafsxo‘r amaldorni o‘ldirib yubordi.

Doniyolbiy esa mulohazali, aql-idrokli shaxs bo‘lgani bilan qattiqqo‘llik qilmas, kechirimli inson edi. U ko‘pincha Buxoroga bo‘ysunishdan bosh tortgan Shahrisabz va Kenagas beklari bilan muzokara olib borib, bu intilishlar samarasi o‘laroq, amirlikda barqarorlik hukm surdi.

Fitrat «Amir Olimxonning hukmronlik davri» asarida undan oldingi mang‘it amirlari faoliyatiga ham to‘xtalib, shunday yozgan: «Doniyolbiy yigirma yetti yil hukmdorlik qilib, sha’bon oyida vafot etdi».

Ha, u nomigagina boshqalarni taxtga o‘tqazib, amalda otaliq unvoni bilan davlatni o‘zi boshqargan. Shunga qaramay, Buxoro tarixiga oid ayrim asarlarda Doniyolbiy amir sifatida qayd etilgan. Uning yigirma yetti yillik hukmdorlik davrida taxtda Fozil va Abulg‘ozi ismli qo‘g‘irchoq amirlar o‘tirgan, ular Doniyolbiy otaliqning xohish-istagiga qarab siyosat yuritganlar.

Doniyolbiyning amakisi, marhum amir Muhammad Rahimxonning go‘zal bevasi Jahon oyimga uylanishi o‘sha vaqtda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Jahon oyim ungacha Xiva xoni Elbarsxonga ham turmushga chiqqan bo‘lib, Doniyolbiy uning uchinchi eri edi. Bundan tashqari, Doniyolbiyning yana ko‘plab xotinlari bo‘lgan. Farzandi Shoh Murod o‘zining e’tiqodi, mehnatkash insonligi bilan dong taratgandi.

1785 yili Doniyolbiy otaliq vafot etgach, Shoh Murod otasidek o‘zi chetda turib, boshqaning nomi bilan davlatni boshqarishni nomaqbul deb topdi. Shu sabab u o‘sha yili mang‘it urug‘iga mansub amir sifatida davlatchilik siyosatini yurita boshladi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amirlarni qo‘g‘irchoq qilgan Doniyolbiy otaliq aslida kim edi?