14:45 / 09.02.2025
3 336

Mir Alisher Navoiyning otasi kim edi?

Mir Alisher Navoiyning otasi kim edi?
Uzoq yillar davomida temuriylar sulolasiga xizmat qilgan bul bandani Xurosonning eng soʻlim, katta shaharlaridan boʻlgan Sabzavorga hokim qilib tayinlash haqida podshoh Abulqosim Bobur farmon berdi. Shundan keyin Xurosonda «katta shaharga «kichkina» hokim tayinlanibdiki, u adolatli, ma'rifatli emish», degan ovozalar tarqaldi. Shu tariqa 1453 yili hirotlik Gʻiyosiddin «kichkina» hokim qilib tayinlangan Sabzavor shahriga oilasi bilan joʻnab ketdi.

Vadud Mahmudiyning 1925 yil «Maorif va oʻqituvchi» jurnalining 3-sonidagi maqolasida yozilishicha, «Alisherning otasi Ganjinai Bahodur Temur bolalarining xizmatlarida yuraturgʻon ma'murlaridan biri edi va hijo vazni bilan she'rlar aytganidan shoirlik ila mashhur boʻlmish edi va shuning uchun kichik baxshi deb atar edilar. Ganjinai Bahodur oʻzi ham ilm va fazl odami boʻlgʻonlikdan Alisherning tarbiyasiga kichik yoshdan ahamiyat berdi. Navoiy otasining qoʻlida ekan, ilmiy, adabiy bir muhitda edi. Otasi an'anaviy bir shoir boʻlish sifati bilan ham asriy va tarbiyaviy adabiy ta'sir ijro etdi. Shuning uchunda Navoiy eng kichik yoshindan she'r ayta boshladi».

Darhaqiqat, Alisherning otasi Gʻiyosiddin Mansur avlodlarining Shahrisabzdan Xurosonga borib qolgan ilmli inson, Temuriylar xizmatidagi amaldor ekanligi toʻgʻrisida boshqa manbalar ham mavjud. Xususan, Navoiyning zamondoshi, tarixchi Mirxondning «Ravzatus-safo» kitobida qayd etilishicha, «Amir Alisherning bobosi Amir Temurning oʻgʻli Umar Shayx bilan koʻkaldosh (ya'ni, emikdosh, bir onani emgan bolalar) edi».

Oʻsha davrda yashagan Davlatshoh Samarqandiy ham «Majmaush-shuaro» asarida «Bu dongdor amir (ya'ni Navoiy)ning buyuk martabali otasi oʻz vaqtining mashhurlaridan va Chigʻatoy elining qahramonlaridan boʻlgan», deb yozgan.

«Tomut tavorix» asari muallifi Abdulmoʻminxon Alisherbekning otasi Kichkina Baxshi chigʻatoy ulusidan, ya'ni Movarounnahrdan ekanligini ta'kidlab oʻtgan. Bobur esa, «Alisherbek begi emas edi, musohibi (ya'ni, podshohning yaqin suhbatdosh, sirdosh, ulfat doʻsti) edi», deya ta'kidlaydi «Boburnoma»da.

Navoiy hazratlarining oʻzi «Badoyeul-bidoya»da oʻz oilasining temuriylar xonadoniga yaqin, «ota-onadan etti pushtigacha oliy darajali xonadonning samimiy xizmatchisi» boʻlganini ta'kidlab, ushbu bitikni yozgan:

«Otam bu ostonaning xokbezi,
Onam ham bu saro boʻston kanizi,
Manga gar xud boʻlay bulbul va gar zogʻ,
Ki ushbu dargoh oʻlgay gulshanu bogʻ».


Xullas, temuriylardan boʻlgan Abulqosim Bobur saroyida «baxshi» (mahkama, devonxona xodimi) boʻlib ishlayotgan shoir Gʻiyosiddin «kichkina» 1453 yilda Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi.

Sabzavor Xurosonga qarashli Hirot, Astrobod, Nishopur kabi salobatli shaharlaridan boʻlmasa-da, Bastom, Abivard, Domgon, Nishopur, Mashhad shaharlariga yaqin kattagina hudud edi.

Sabzavordan Zafaroni, Rind, Bafre Mehr daryolari oqib oʻtar, bu shahar abbosiylar, ummaviylar davrida shialar markazi boʻlgan. XIV asrda bu erda ham sarbadorlar harakati keng yoyilgandi. 1381 yildan esa Sabzavor Amir Temurga qarashli shaharga aylangan edi.

Gʻiyosiddin «kichkina» hokim boʻlgan 1453–1457 yillarda shahar atrofi bogʻzor va hosildor ekinzorlarga aylandi. Sabzavor ahli ma'rifatli va adolatli Gʻiyosiddinni hurmat qilib, uning amriga quloq solar, aytilgan soliq hamda zakotni oʻz vaqtida toʻlab turardi.

Gʻiyosiddin qora toʻriq otga minib, egnida jubba, boshida telpak bilan harbiy kiyimdagi ikki mulozimi ila sabzavorliklar holidan tez-tez xabar olar, beva-bechora, kambagʻal xonadonlarning soliqlarini oʻz hisobidan toʻlab yuborardi.

Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida otasining Astrobodga borganida roʻy bergan bir voqeani keltirib oʻtadi:

«Podshoh hukmi bila bir ish uchun Astrobod viloyatiga borur erdim. Yoʻlda bir majnunsifat yigit yoʻliqti. Bir dirham tanga tuta berdim, olmadi. Men bir kurta jubba kiyib erdim. Dedi: «Kurta jubbani oluram». Havo sovuq erdi. Men otni surib oʻtdim. Manzilga etganda hamul yigit yana keldi. Yana dediki: «Kurta-jubbani oluram». Astrobod dahanasidan kirduk. Bir darvesh yalang erdi. Ul kurta-jubbani ul darveshga berdim. Bir lahzadan soʻngra hamul yigit etishdi va menga boqib dediki, kurta-jubbani oldim. Menga taajjub yuzlandi... Hirot shahridan Bobo Koʻhiy ovozasi kelur erdi. Men Hiriyga kelgandin soʻng bordimki, anga musharraf boʻlgʻaymen. Koʻrdimki, hamul yigit erdi».

Ha, shoirga xos bagʻrikenglik unga otasi Gʻiyosiddindan oʻtgan, desa boʻladi, buni yuqoridagi voqea ham tasdiqlab turibdi.

Ayni paytda otasi va onasi Hirotdan Sabzavorga kelgan Bahlulbek, Alisherbek hamda kenjatoy, bir oz oʻjarroq, kam oʻylab, tez jahli chiqadigan Darveshalibeklarning oʻqishiga e'tibor qaratgan. Shuningdek, hokim janoblari Jebarrud daryosi yoqasidagi, gulzor va yam-yashil daraxtlarga toʻla muhtasham hovlisida Sabzavorning ma'rifatli ulamolari bilan suhbat qurardi. Chunonchi, oʻzi bilan podshoh farmoniga koʻra, Hirotdan Sabzavorga qozi qilib tayinlangan mulla Abdulvahob, olimu fuzalo Darvesh Mansur, musiqachi Xoʻja Yusuf Burhon, Yahyo Sebak, Hofiz Ali Jomiy, fuzaloi Kirom xoʻja Ahmad Mustavfiylar bilan shahardagi vaziyat, xalq hayoti, san'atga oid mashvaratlar oʻtkazib borgan. Ushbu yigʻinlarda ma'rifatli zotlar, Sabzavordan etishib chiqqan mashhur shoir Mir Shohiyni eslab, she'rlarini oʻqib turishardi. Zero, bu zoti Sharif shoir 1453 yili Gʻiyosiddin Sabzavorga endi hokim boʻlib kelganida vafot etgan, 12 yoshli oʻgʻli Alisherbek esa uch-toʻrt yilki, sabzavorlik mashhur shoir Shohiy bilan, garchi uchrashmasalar-da, maktub yozib, aloqa oʻrnatgan edi.

Gʻiyosiddin hokim sifatida nafaqat oʻzining uchala oʻgʻliga, balki sabzavorliklarning farzandlari ilm olishiga ham e'tibor berib, Chinorli madrasasidagi ilmi toliblar holidan xabar olib turgan. U hujralarga kirib, toliblarning yashash sharoiti bilan tanishar, olayotgan saboqlari boʻyicha savol-javob ham qilardi.

Sabzavorning ana shunday ma'rifatli, adolatparvar hokimi Gʻiyosiddin 1457 yilda vafot etgan. Bu paytda oʻgʻillari Bahlulbek endigina 18-19 yoshga, Alisherbek 16 yoshga qadam qoʻyayotgan, kenjatoy Darveshali esa ancha yosh bola edi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat