![Baroat kechasini qanday oʻtkazish kerak?](/uploads/posts/2025-02/01e4e8451c_1739445829.webp)
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Qachon Sha'bon yarimi kechasi boʻlsa, uning kechasini bedor oʻtkazinglar, kunduzining roʻzasini tutinglar. Chunki oʻshanda Alloh quyosh botishi paytida dunyo osmoniga tushadi va:
«Qani, istigʻfor aytuvchi bormi? Men unga rizq berurman. Qani, baloga uchragan bormi? Men unga ofiyat berurman. Falonchi qani, fistonchi qani?» deydi. Toki, tong otguncha shundoq boʻladi», dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Hazrati Alidek ulugʻ sahobiy bunchalik ahamiyatli gapni oʻzlaridan aytmaydilar. Albatta, bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa eshitganlar va oʻsha eshitganlarini oʻz iboralari bilan ifoda etganlar.
Ushbu rivoyatga binoan, Sha'bon oyining qoq yarimining kechasi ham, kunduzi ham ulugʻ va barakot vaqtlar ekanligi kelib chiqadi.
Shu sababdan ham hazrati Ali roziyallohu anhuning tavsiyalariga binoan, kunduzni roʻza, kechasini bedorlik ibodati bilan oʻtkazishga harakat qilmoq kerak boʻladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yoʻqotib qoʻydim. Soʻng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiy'da boshlarini koʻtarib osmon tomoniga qarab turgan ekanlar:
«Ey Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan xavf qildingmi?» dedilar.
«Siz ba'zi ayollaringizga borgansiz, deb gumon qiluvdim», dedim.
«Albatta, Alloh Sha'bonning yarimidagi kechada dunyo osmoniga tushadir va Kalbning qoʻylari juni adadidan koʻproqni magʻfirat qiladir», dedilar».
Ibn Moja, Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan.
Baqiy' – Madinai munavvaradagi mashhur qabriston. Barcha Madinada vafot etgan sahobalar shu qabristonga dafn etilganlar. Zotan, Madinai munavvarada boshqa qabriston yoʻq ham.
«Kalb» – mashhur arab qabilasi boʻlib , oʻsha vaqtda Bani Kalb qabilasi eng qoʻyi koʻp qabila boʻlgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sha'bon oyi yarimida Alloh taolo juda ham koʻp gunohlarni magʻfirat qilishini ifodalab oʻsha qoʻylarning juni adadidan ham koʻproq deb esga olganlar.
Oʻylab koʻradigan boʻlsak, bir dona qoʻyning jun tolalari qancha boʻlishini sanashning oʻzi qiyin. Arab qabilalari ichida eng koʻp qoʻyli qabilaning qoʻylari jun tolasi qancha boʻlishini tasavvur qiling. Bu oʻsha kecha juda ham fazilatli ekaniga dalolatdir.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Kechasi qabristonga kirish, osmonga qarab turish mumkinligi.
2. Oisha onamizda qizgʻanish borligi. Paygʻambarimizni ba'zi xotinlari oldiga ketgan boʻlsalar kerak, deb ortlaridan izlab chiqishlari shuni koʻrsatadi. Bu esa ayb emas, balki tabiiy bir hol. Balki me'yorida boʻlsa, ayol kishining ziynati ham.
3. Paygʻambar alayhissalomning Oisha onamiz roziyallohu anhoning ruhiy holatlarini yaxshi tushunganlari.
4. Sha'bon yarimidagi tun fazilatli kecha ekani.
5. Mazkur kechada koʻplab gunohlar magʻfirat qilinishi.
6. Sha'bonning yarimidagi kechada bedor boʻlib ibodat, istigʻfor va duo bilan mashgʻul boʻlish kerakligi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh Sha'bon yarimidagi kechada qarab koʻrib jamiki maxluqotlarini magʻfirat qilur. Magar mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».
Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Sha'bonning yarimidagi kecha fazilatli ekani.
2. Mazkur kechada Alloh maxluqotlariga nazar solib qarab, hammalarining gunohlarini kechirishi.
3. Mushriklik va xusumatchilik juda yomon narsa ekani.
Demak, Sha'bon oyi yarimlaganda ibodat qilib mazkur va'da qilingan ajru savob hamda magʻfiratlardan bahramand boʻlib qolish kerak. Ana shundoq fazilatli vaqtda gunohni magʻfirat qilinishiga mone' boʻlguvchi mushriklik va xusumatchilikdan uzoqlashmoq kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
Eslatma! Bu kecha – Sha'bon oyining 14-dan 15-ga oʻtar kechasi eng fazilatli tunlardan biri Baroat kechasidir. (Milodiy hisobda 2024 yil 13 fevraldan 14 fevralga oʻtar kechasiga toʻgʻri keladi inshaalloh).
Manba: azon.global “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar