![Gʻazo taqdiri: Trampning ahmoqona iddaolari qanchalik asosli?](/uploads/posts/2025-02/18021b954c_1x-1.webp)
Gʻazodagi "urush" ham, oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi ham yolgʻon edi. Tramp shu hafta qilgan nutqida buni ochiqchasiga aytib oʻtdi.
Netanyaxuning tashrifi paytida Tramp Vashingtonning Isroil tomonidan Gʻazoga qarshi 15 oy davomida olib borilgan genotsid yoʻlidagi vayronagarchilikni yashirishdan nihoyat voz kechdi. Falastinga qarshi olib borilgan ish haqiqiy etnik tozalash ekani uning nutqida toʻla-toʻkis namoyon boʻldi.
Seshanba kungi bayonotda: "Menimcha, odamlar ortga qaytmasligi kerak," dedi Tramp Gʻazoni nazarda tutib. "Hozir Gʻazoda yashab boʻlmaydi. Bizga boshqa joy kerak deb oʻylayman. Bu joy odamlarni baxtli qiladigan joy boʻlishi lozim”.
U bu bilan ushbu urush har doim AQShda rejalashtirilib amalga oshirilgan qirgʻin ekanligini urgʻuladi. Uning soʻzlariga koʻra, endi Vashington Gʻazoni "oʻz nazoratiga oladi" va uni oʻzi rivojlantiradi.
Uning aytishicha, endilikda falastinliklar "har kuni oʻlish xavfidan qoʻrqmay" yashashi mumkin boʻlgan joyga "joylashtiriladi," ya'ni endi ular AQSh etkazib bergan bombalar bilan Isroil tomonidan oʻldirilmaydi.
Gʻazo esa "Yaqin Sharq Riverasi"ga aylanadi, uning oʻrniga "dunyo aholisi" – u oʻzi kabi boy oq tanlilarni nazarda tutgan – sohil boʻyidagi hashamatli uylarda yashaydi.
Agar AQSh, Tramp ta'kidlaganidek, Gʻazoga "egalik qilsa," u Gʻazoning hududiy suvlariga ham egalik qiladi, u erda yangi "xoʻjayin"ni boyitish uchun juda koʻp miqdorda foydalanilmagan gaz zaxiralari mavjud.
Falastinliklarga, shubhasiz, oʻz gaz konlarini oʻzlashtirishga hech qachon ruxsat berilmagan.
Tramp hatto Isroilning vahshiyligi oqibatida halok boʻlganlarning haqiqiy sonini bexosdan aytib qoʻygan boʻlishi ham mumkin. U "ularning barchasi, ya'ni 1,7 yoki ehtimol 1,8 million kishi" Gʻazodan majburan chiqarilayotganiga ishora qildi.
2023 yil 7 oktyabrgacha aholi soni 2,2 dan 2,3 milliongacha boʻlgan. Qolgan yarim million falastinlik qayerda? Vayronalar tagidami? Nishonsiz qabrlardami? Yovvoyi itlarga em boʻldimi? 2000 funtlik AQSh bombalari ta'sirida erib ketdimi?
Shov-shuvli bayonotdan foydalanib, Netanyaxu darhol javob qaytardi va Trampni "Isroilning Oq uydagi eng buyuk doʻsti" deb atadi hamda uni "yangicha gʻoyalar bilan qolipdan tashqari fikrlayotgani" uchun maqtadi.
Netanyaxuning Isroildagi tarafdorlari bu voqeani tarixiy lahza oʻlaroq nishonlashdi. Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich Trampning rejasini "7 oktyabrga haqiqiy javob" deb atadi. Oʻtgan oyda Gʻazodagi tinchlik kelishuviga qarshilik bildirgan va Netanyaxuning milliy xavfsizlik vaziri lavozimidan iste'foga chiqqan oʻta oʻngchi isroillik siyosatchi Itamar Ben-Gvir esa Netanyaxuni bu siyosatni "zudlik bilan" qabul qilishga undab, "uni amalga oshirish va ilgari surish vaqti keldi", dedi. U ayni paytda siyosatga qaytish rejalarini tuzyapti.
Ammo dunyo siyosatchilari bu harakatni keskin qoralab chiqishmoqda. Avstraliyalik siyosatchi Lidiya Torp Trampning Gʻazoni "bosib olish" toʻgʻrisidagi bayonotini "etnik tozalash va mustamlakachilikka ochiqchasiga da'vat" deya baholadi.
Butun oʻn olti oy mobaynida qirgʻinga qarshi lom-mim demagan arab mamlakatlari esa falastinliklarni etnik tozalashga qaratilgan har qanday urinishni endi qat'iyan rad etishlarini bildirib chiqishdi. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi zudlik bilan bayonot berib, Falastin davlatini barpo etish boʻyicha oʻzining "qat'iy va oʻzgarmas" pozitsiyasini bildirdi hamda "Isroilning koʻchirish siyosati, erlarni qoʻshib olish yoki falastin xalqini oʻz erlaridan siqib chiqarish harakatlari orqali boʻlsin, falastin xalqining qonuniy huquqlarini har qanday buzishni" rad etdi.
Trampning bayonotlari ikki sababga koʻra ommaviy axborot vositalarida keng qiziqish va siyosiy reaktsiyalarni uygʻotdi.
Birinchidan, ular Netanyaxu huzurida aytildi, bu esa AQSh tashqi siyosatining Falastin va keng mintaqada yanada halokatli yoʻlga oʻtishi mumkinligini koʻrsatadi.
Ikkinchidan, Tramp tasodifan gapirgani yoʻq, balki oldindan tayyorlangan matnni oʻqidi, bu esa mazkur taklifning haqiqiy tashqi siyosat doktrinasi sifatida koʻrib chiqilayotganini anglatadi.
Trampning bayonotlari vaqti va mohiyatini tushunishga urinib, koʻplab tahlilchilar ularni uning ma'muriyatidagi isroilparast evangelistlar va ekstremistlar ta'sirining kuchayishi bilan bogʻlashdi. Boshqalar Tramp AQShni mintaqaviy urushga tayyorlayotganini taxmin qilishdi, ayrimlar esa bu taklifni shunchaki uning "maksimal bosim" taktikasining yana bir elementi sifatida rad etishdi.
Aslida esa Trampning mazkur taklifini na real, na jiddiy deb hisoblash toʻgʻri boʻlmaydi. Biroq bunday beparvo tashqi siyosatning oqibatlari yaqin va uzoq kelajakda oʻzidan katta xavf tugʻdirishi mumkin.
Quyida Trampning bu taklifni ilgari surishining ayrim sabablari, soʻng esa falastinliklarni Gʻazodan koʻchirib boʻlmasligining boshqa sabablari keltirib oʻtiladi.
Nima uchun Tramp bu taklifni kiritdi?
Birinchidan, Tramp Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatishni saqlab qolishga intilmoqda. Buning uchun u Netanyaxuga barcha siyosiy yoʻnalishdagi isroilliklarni tinchlantirishi va koʻpchilik yaqin orada qulashi muqarrar, hatto fuqarolar urushiga olib kelishi mumkin deb hisoblayotgan oʻz hukumati agʻdarilishining oldini olishi mumkin boʻlgan siyosiy in'om taqdim etishi kerak edi.
Ikkinchidan, Isroilning Gʻazodagi harbiy magʻlubiyati Tel-Aviv ham, Vashingtonni ham urush natijasini yoki mintaqa siyosatini oʻzgartirish uchun har qanday real vositalardan mahrum qildi. Suhbatni oʻzining gʻalati taklifiga yoʻnaltirgan Tramp tashabbusni AQSh va Isroil uchun qayta qoʻlga olishga ishonmoqda.
Uchinchidan, Tramp Saudiya Arabistonining Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishini istamasligini tushunadi. Soʻnggi bir yarim yil mobaynida saudiyaliklar Isroilni ishonchsiz potentsial hamkor sifatida koʻra boshladi va AQShning Isroilni qoʻllab-quvvatlashi mintaqani toʻliq urush yoqasiga olib keldi.
Isroilning Gʻazodagi magʻlubiyati uning mintaqaviy hukmron sifatidagi obroʻsini parchalab tashladi, bu esa Qarshilik lageri va Eron mavqeini mustahkamladi. Isroilning Eronga qarshi himoyachi sifatidagi gʻoyasi deyarli yoʻqqa chiqdi, shu bois normallashtirish unchalik dolzarb emas – hatto zarur ham boʻlmasligi mumkin. Trampning taklifi Isroilni kuchaytirish va mintaqani AQShning qoʻllab-quvvatlashi bilan istalgan paytda vayronagarchilik keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirish yoʻlidagi bir umidsiz urinishdir.
Toʻrtinchidan, Gʻazoga nisbatan keskin soʻzlarini kuchaytirish orqali Tramp Isroilga Gʻarbiy Sohilda bosqichma-bosqich etnik tozalashni amalga oshirish uchun koʻproq vaqt va imkoniyat bermoqda. Jenin ma'muriyati ma'lumotlariga koʻra, Jenin qochqinlar lageridan allaqachon 4 mingga yaqin oila koʻchirilgan, bu shahar aholisining katta qismi degani. Shunga oʻxshash harakatlar butun shimoliy Gʻarbiy Sohil boʻylab ham jadal olib borilmoqda.
Xalqaro ommaviy axborot vositalari va siyosatchilar Trampning Gʻazo boʻyicha taklifiga e'tibor qaratayotgan bir paytda, Isroil 1967 yilgi urushdan beri bosib olingan Gʻarbiy Sohilda eng yirik etnik tozalash operatsiyasini amalga oshirmoqda.
Beshinchidan, Tramp oʻz bayonotlari tufayli yuzaga kelgan siyosiy xaosdan foydalanib, falastinliklar va arab hukumatlaridan imtiyozlar olishga intilmoqda. Uning asosiy e'tibori hamon Gʻarbiy Sohilga qaratilgan boʻlib, u dushanba kuni "Isroil er maydoni jihatidan kichik davlat" ekanligini yana bir bor ta'kidladi.
U tasavvur qilayotgan kelishuv, ehtimol, Gʻarbiy Sohilda Falastin va arablarning hududiy yon berishlari evaziga Gʻazoni etnik tozalash kampaniyasidan voz kechish yoki Isroilning Falastin davlatiga boʻlgan majburiyatisiz Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirish yoxud ikkalasini ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Nega falastinliklarni Gʻazodan koʻchirish ishi amalga oshmaydi?
Birinchidan, Tramp oʻz ma'muriyati birinchi muddatida qoʻllagan taktikaga tayanmoqda. Ammo Isroilning Gʻazodagi genotsidi va Falastinning 471 kun davomida koʻrsatgan qarshiligi Falastinni Yaqin Sharq siyosatining markaziga qaytardi. Falastin masalasini chetga surib qoʻyish davri nihoyasiga etdi.
Ikkinchidan, 471 kun davomida Isroilga qarshi tura olgan gʻazoliklarning matonati har qachongidan ham kuchliroq. Tramp falastinliklarni koʻchirishni taklif qilganida, bir million kishi Gʻazo-Misr chegarasida toʻplanish oʻrniga, shimolga, oʻz shaharlari va qochqinlar lagerlariga, misli koʻrilmagan xalq kuchini namoyish etib qaytmoqda edi. Xuddi shu gʻazoliklarning Tramp va uning koʻchmas mulk boʻyicha hamkorlariga "egalik huquqi"ni berish uchun oʻz erlarini ixtiyoriy ravishda tark etishlarini tasavvur qilish qiyin.
Uchinchidan, ehtimol, eng muhim nuqta shundaki, Isroil allaqachon AQShning cheksiz qurollaridan foydalangan holda Gʻazo aholisini 471 kun davomida Sinayga siqib chiqarishga urinib koʻrdi. Buning uchun u Gʻazoning katta qismini va butun infratuzilmasini vayron qildi, ocharchilik keltirib chiqardi, 173 mingdan ortiq odamni oʻldirdi yoki yarador qildi – yaqin oylarda bu raqam keskin oshishi kutilmoqda.
Bularning barchasi AQSh yordamisiz amalga oshmagan boʻlardi, ammo hammasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. AQSh shu paytgacha erisholmagan narsaga bundan keyin ham erisholmaydi, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri genotsid va qirgʻin yoʻli bilan ham.
Toʻrtinchidan, arab hukumatlari Trampning taklifini birgalikda rad etdi, bu taklif dunyo boʻylab hukumatlar tomonidan ham bevosita yoki bilvosita qoralandi.
Shuningdek HAMAS ham Trampning Gʻazodan falastinliklarni koʻchirish haqidagi taklifini keskin rad etdi. Harakat vakilining aytishicha, AQSh prezidentining taklifi “Falastin masalasini yoʻq qilishga qaratilgan ochiq urinishdir”.
Haqiqiy xavf AQSh harbiylarining falastinliklarni ildizi bilan yoʻq qilish uchun Gʻazoga bostirib kirishida emas, balki ekstremist Isroil hukumatining Tramp soʻzlarini Gʻarbiy Sohildagi etnik tozalashni tezlashtirish va, ehtimol, Gʻazoda urushni qayta boshlash uchun ochiq ruxsat deb talqin etishi hamda Amerika prezidentining xohishiga muvofiq ish yuritayotganini da'vo qilishi mumkinligidadir.
Jo Bayden ma'muriyati Isroilning Gʻazodagi genotsidini qoʻllab-quvvatlash va davom ettirish orqali allaqachon hech qanday axloqiy negizga ega emasligini koʻrsatgan boʻlsa-da, kelajakdagi Tramp ma'muriyati yanada beparvoroq va johilroq yondashuvni ilgari surishi mumkin.
Yaqin Sharqni notoʻgʻri tushunish, tarixiy haqiqatlardan butunlay uzoqlashish va Injil bashoratlarining diniy motivi bilan qurollangan Trampning tashqi siyosati chinakam falokatdan oʻzga narsa emas.
Agar uning mintaqadagi yangi siyosatini tasvirlaydigan boʻlsak, bu chinni doʻkoniga kirgan buqaga oʻxshaydi. Garchi ma'nosiz boʻlsa-da, bundan kelib chiqadigan yagona natija – toʻliq vayronagarchilikdir.
Manba: azon.global “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar