23:27 / 12.02.2025
28

Sudlar endi nikohdan ajralish ishlarida muhlat tayinlamasligi mumkin

Sudlar endi nikohdan ajralish ishlarida muhlat tayinlamasligi mumkin
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasida boʻlib oʻtgan majlisida «Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun muhokamasi boʻlib oʻtdi.

Qayd etilishicha, qonun bilan Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi, shuningdek, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qonunda oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarning huquqlarini himoya qilishni yana-da kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.

Jumladan, nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zoʻravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga koʻra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda.

Nikohdan ajratish masalasi oʻz vaqtida hal qilinmasligi ayrim hollarda ayollarning oʻz joniga qasd qilishi, bevaqt oʻlimi kabi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Ta'kidlanishicha, bu normaning amaliyotga joriy etilishi muntazam tazyiq va zoʻravonlik holatlari boʻlgan nizoli oilalarda ogʻir jinoyatlar sodir boʻlishining oldini oladi.

Bundan tashqari, Qonun bilan Uy-joy kodeksiga qoʻshimcha kiritilib, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar koʻrib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga koʻra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega boʻlgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar huquqlarini yana-da mustahkamlashga, ularning turar-joy masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qiladi.

Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat