
Hozirgi kunda homiylik xayriyalarini yigʻish tartibining qonunchilikda aniq belgilanmaganligi sababli ayrim gʻaraz niyatli shaxslar tomonidan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning pul mablagʻlari va mol-mulkini asossiz qoʻlga kiritish holatlari koʻp uchramoqda.
Bunday tendentsiya jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish boʻyicha xavf-xatarlarning oshishiga, qolaversa, Jahon xayriya indeksida Oʻzbekiston pozitsiyasiga ham salbiy ta'sir koʻrsatishi mumkin.
Bugun, 25 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yigʻish tartibini buzishning oldini olishga, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta'minlashga hamda homiylik tashkilotlariga nisbatan fuqarolarning ishonchini ortishiga xizmat qiladi.
Unga koʻra, homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yigʻish faqat xayriya qutisi yordamida hamda homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yigʻilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk roʻyxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) koʻrsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.
Homiylik xayriyalarini yigʻish jarayonlari ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda e'lon qilinadi va soliq hisobotlarida aks ettiriladi.
Jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat oʻzi yoki yaqin qarindoshlari uchun yigʻishi mumkin boʻladi. Koʻngillilar esa oʻziga begona boʻlgan homiylik oluvchilarga faqat e'lon berish orqali koʻmaklashishi belgilanmoqda.
Xayriya qutilari shaffof boʻlib, faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan oʻrnatiladi.
Xayriya qutisini ochish, xayriyani hisoblash jarayoni xayriya tashkilotchisining vakolatli vakili va kamida ikki nafar guvoh ishtirokida amalga oshiriladi.
Qonunda xayriyalarni yigʻish va xayriya qutilarini oʻrnatish tartibini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar