
So‘nggi yillarda shaxsiy hayot daxlsizligini buzish bilan bog‘liq holatlar O‘zbekistonda jiddiy tarzda ko‘paymoqda. Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etish va shaxsiy hayotga aralashishga oid jinoyatlar deyarli 40 foizga oshgan.
Vazirlik axborot xizmati rahbari Hayot Qilichev bildirishicha, mazkur muammo nafaqat jinoiy holatlar, balki ma’muriy huquqbuzarliklar soni ortishi bilan ham yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aniq raqamlarga ko‘ra, oxirgi uch yil ichida shaxsiy ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanishga oid ma’muriy ishlar soni 2,5 baravarga oshgan.
Qonuniy nuqtayi nazardan, har qanday shaxsning foto va video tasvirlaridan foydalanish uchun u kishining shaxsan o‘z roziligi talab etiladi. Agar tasvirdagi shaxs 16 yoshdan kichik bo‘lsa, bu holda uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarining roziligi shart qilib belgilangan. Bu talab fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlash va ularni turli noqulay holatlardan himoya qilishga qaratilgan.
Shu bilan birga, ayrim istisno holatlar mavjud bo‘lib, ularda shaxsning roziligisiz ham tasvirlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Jumladan:
- Agar shaxsga nisbatan rasman qidiruv e’lon qilingan bo‘lsa;
- Jamoat joylari yoki ommaviy tadbirlarda tasvirga olingan bo‘lsa;
- Ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida jamoatchilikka xabar berish maqsadida;
- Agar ushbu tasvir shaxsning o‘zi tomonidan Internetda yoki boshqa ochiq manbalarda e’lon qilingan bo‘lsa;
- Jamoat xavfsizligini ta’minlash, tartibni nazorat qilish maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali olingan bo‘lsa.
Qonunchilikda yana bir muhim o‘zgarish – davlat xizmatchilarini ularning roziligisiz ham tasvirga olish mumkinligi aniq belgilab qo‘yilmoqda. Bu jamoat nazoratini ta’minlash, shaffoflikni kuchaytirish va davlat xizmatlarining ochiqligini ta’minlash uchun muhim bosqich sanaladi.
Shuningdek, jamiyatda fuqarolarning qadr-qimmati va shaxsiy daxlsizligiga taalluqli masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, odamlar qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘ladigan shaxsiy hududlar – masalan, kiyinish xonasi, dushxona, shifoxona palata kabi joylarda videokuzatuv qurilmalari o‘rnatilishi qat’iyan taqiqlanadi.
Adliya vazirligi bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, fuqarolarda huquqiy ong va madaniyatni oshirish orqali shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Hozirgi kunda har bir fuqaro o‘z tasviri va shaxsiy ma’lumotlariga nisbatan mas’ullik bilan yondashishi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda beparvolikka yo‘l qo‘ymasligi lozim. Chunki internetga joylashtirilgan har qanday tasvir o‘z egasining shaxsiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lib, undan foydalanish tegishli huquqiy asosga ega bo‘lishi shart. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar