
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yangi bosqichga chiqmoqda. Yaqinda ikki davlatning bojxona sohasi rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuvda qator kelishuvlarga erishildi. Bu esa chegara punktlaridagi tirbandlikni kamaytirish, savdo hajmini oshirish va ikki davlat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Qozog‘istonning Olmaota shahriga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning moliya vazirligi davlat daromadlari qo‘mitasi raisi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasini yanada rivojlantirish, tashqi savdo hajmini 2030 yilga borib 10 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Bu katta maqsad ikki mamlakat bojxona idoralari oldiga bir qator yangi vazifalarni qo‘yadi. Jumladan, chegara punktlarida transport vositalari harakatini samarali boshqarish, xususan yuk avtomobillari uchun navbatlar tizimini tartibga solish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport va import jarayonini osonlashtirish uchun maxsus soddalashtirilgan “yashil yo‘lak” rejimi joriy etiladi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda iyun oyidan boshlab “Elektron navbat” tizimi bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq qilina boshlanadi. Ushbu innovatsion tizim ilk bor aynan O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida joylashgan “Navoiy” bojxona postida ishga tushiriladi. Bu yangilik navbatda kutish vaqtlarini qisqartiradi, yuk tashish jarayonini tezlashtiradi hamda tadbirkorlarga katta qulaylik yaratadi.
Shuningdek, ikki davlat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi axborot almashish jarayonini takomillashtirish masalasi ham alohida muhokama qilindi. Xususan, yirik inspeksion qurilmalardan olingan skaner tasvirlarini o‘zaro almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu, o‘z navbatida, tovarlarni tekshirish jarayonini tezlashtirib, kontrabanda va boshqa qonunbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshiradi.
Qolaversa, ikki davlat o‘rtasidagi “Oq oltin”—“Selinny” hamda “Malik”—“Sirdaryo” chegara bojxona postlari orqali bo‘sh yuk avtotransportlari va kichik gabaritli yuklarni o‘tkazish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning “Yallama”, “Najimov” va “Sirdaryo” kabi muhim chegara postlaridagi tirbandlik va yuklamani ancha qisqartirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, ikki davlatda bojxona xizmati vakillarini ta’sis etish bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi. Ushbu vakillar savdo munosabatlarini samarali boshqarish, muammolarni tezkorlik bilan hal etish hamda bojxona nazoratini takomillashtirishga yordam beradi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara postlarini rekonstruksiya qilish ishlari ham faol davom ettiriladi. Hozirgi vaqtda “G‘ishtko‘prik” va “Dovud ota” postlarida qurilish ishlari oxirgi bosqichga yetkazilmoqda. Shuningdek, “Sirdaryo” postida ham keng ko‘lamli qayta qurish ishlari rejalashtirilgan.
O‘zaro savdo munosabatlarida uchraydigan turli statistik nomuvofiqliklarning oldini olish bo‘yicha ham hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi. Bojxona statistikasida aniqlikni ta’minlash ikki davlat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etildi.
Qolaversa, uchrashuv davomida ikki davlatning bojxona laboratoriyalari o‘rtasidagi hamkorlik hamda kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi. Bu borada ilg‘or tajribalar bilan almashish, treninglar o‘tkazish hamda yangi metodikalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat bojxona xizmatlari rahbarlari hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taruvchi 3 ta muhim hujjatni imzoladi. Bu kelishuvlar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga, balki biznes va tadbirkorlarga ham katta imkoniyatlar ochib berishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi “Tajen”—“Dovut ota” chegara punkti orqali yengil avtomobillar, avtobuslar hamda yuk ko‘tarish quvvati 3,5 tonnagacha bo‘lgan transport vositalari harakati 2025 yilning 1 fevralidan boshlab rekonstruksiya ishlari tugatilguncha vaqtinchalik to‘xtatildi.
Yangi kelishuvlar, albatta, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada mustahkamlash bilan birga, mintaqaviy iqtisodiy o‘sishga ham katta turtki beradi. Bu, o‘z navbatida, ikki xalq uchun yanada farovon kelajakka erishish yo‘lidagi muhim qadamdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar