
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand–Urgut yangi temir yo‘l liniyasining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ushbu loyiha joriy yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yangi temir yo‘l liniyasining umumiy uzunligi 55 kilometr bo‘lib, Urgut erkin iqtisodiy zonasida ikki yo‘lovchi va ikki yuk tashish stansiyasini, shuningdek, bir necha ko‘priklarni o‘z ichiga oladi. Kelgusida liniya to‘liq elektrlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida liniyada ikki juft shaharlararo va to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yiliga 359 ming yo‘lovchini va 8,2 million tonnagacha yukni tashishga imkon yaratadi.
Temir yo‘l liniyasi Samarqand, Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlarida yashovchi aholi uchun zamonaviy va xavfsiz transportni ta’minlash, ichki turizmni rivojlantirish hamda Urgut erkin iqtisodiy zonasining o‘sishiga xizmat qiladi. Prezident yangi liniya bo‘ylab Urgutgacha sayohat qilib, temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Xususan, elektrlashtirishni jadallashtirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish, temir yo‘l atrofidagi hududlarni obodonlashtirish va raqamli texnologiyalarni joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, davlat rahbari iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilayotgan logistika muammolarini bartaraf etish muhimligini alohida ta’kidladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.