O'zbekistondan AQShga borganlar soni bir yilda 15,2 ming nafarga yetdi

2025 yilning 11 oyida AQShga Oʻzbekistonning 15,2 ming nafar fuqarosi tashrif buyurdi. Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,2 ming kishiga oshgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Dekabr boshigacha bo‘lgan davrda AQShga borganlarning 10,8 mingdan ortig‘i sayyoh sifatida safar qilgan. Yaqinlarini yo‘qlash uchun 3,7 ming kishi borgani qayd etilgan.
Shuningdek, 333 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun, 307 nafari ish yuzasidan, 28 nafari esa davolanish maqsadida AQShga borgan.
O‘tgan yil noyabr oyida Prezident administratsiyasi maslahatchisi Komil Allamjonov o‘zbekistonliklar uchun 10 yillik vizalarni joriy etish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu taklifni AQSh davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau ham qo‘llab-quvvatlab, tashabbus Amerika turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan Oʻzbekistonda AQSh fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim amal qilmoqda. Ushbu chora iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr boshiga kelib Oʻzbekistonga 19,2 ming amerikalik tashrif buyurgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 20,6% ko‘p.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!