date

Farg‘onada “ko‘cha” bezoriligiga chek qo‘yildi: 15 kishi ushlandi

Farg‘onada “ko‘cha” bezoriligiga chek qo‘yildi: 15 kishi ushlandi

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joriy yil 17–19 yanvar kunlari sodir etilgan qator jinoyatlar yuzasidan ko‘cha bezoriligi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yanvar kuni Qo‘qonda yashovchi shaxs o‘z tarafdorlari bilan birga voyaga yetmagan yigitni Uchko‘prik tumanidagi dala hududiga olib borib, undan har hafta 500 dollar talab qilgan. Pul bermagan taqdirda o‘lim bilan tahdid qilingan jabrlanuvchiga turli tan jarohatlari yetkazilib, yonidagi 200 dollar kuch ishlatish orqali olib qo‘yilgan.

Bu holatdan xabar topgan jabrlanuvchining tanishlari ham o‘z guruhi bilan qarshi tomon bilan Qo‘qon shahrining Alisher Navoiy mavzesi va Salang ko‘chasida uchrashgan. Kelishmovchilik oqibatida tomonlar o‘zaro janjallashib, bir-biriga tan jarohati yetkazgan holda voqea joyidan yashiringan.

19 yanvar kuni esa birinchi guruh yetakchisi 10 nafarga yaqin tarafdorlari bilan ikkinchi guruh rahbarini Qo‘qon shahri bo‘ylab qidirishga tushgan. Ular qora rangli Spark avtomashinasida harakatlanayotgani aniqlanib, qasddan avtomobil bilan urib to‘xtatilgan. Avtomashinadagilar qochib ketgan bo‘lsa-da, transport vositasiga sovuq qurollar bilan jiddiy shikast yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Farg‘ona viloyati IIB va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida 25 nafar shaxs aniqlanib, tergovga jalb etildi.

Ularning 15 nafari protsessual tartibda ushlangan, 3 nafar shaxsga esa sud tomonidan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Ayni paytda jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada “ko‘cha” bezoriligiga chek qo‘yildi: 15 kishi ushlandi