Zamin App
Zamin.uz Mobil ilovamizda yangiliklarni qulayroq o'qing!
Yuklab olish
USD: 12136.92   EUR: 14191.70   RUB: 159.99

Mahalla markazida islohot samarasi yanada aniq ko‘rinadi

date views 18 category Jamiyat

Mahalla markazida islohot samarasi yanada aniq ko‘rinadi

O‘tgan bir yil davomida mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida 366 ming oila kambag‘allik domidan chiqdi. Aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan ishlar samarasi o‘laroq, kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga pasaydi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, bu natijalar islohotlarning amaliy samarasi bo‘lib, davlat bilan xalq o‘rtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolish mumkin emas.

Shu bois 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu yilda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘allikka qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish asosiy vazifa etib belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mahalla — islohotlar qayerda samara berayotganini, qayerda esa to‘xtab qolayotganini ochiq ko‘rsatib beradigan eng aniq “ko‘zgu”dir. Agar mahallada hali ham ishsizlar yoki kambag‘al oilalar saqlanib qolgan bo‘lsa, demak, islohot o‘sha hududga to‘liq yetib bormagan. Agar “mahalla yettiligi” yoki bank tizimi odamlar muammosini hal qilmayotgan bo‘lsa, demak, aynan shu yerda tizim ishlamay qolgan.

Davlat rahbari bu borada qat’iy pozitsiyani bildirib, hech bir vazir, hokim yoki bankir bahona qilishga haqli emasligini ta’kidladi. Imkoniyat ham, mablag‘ ham, qaror va dasturlar ham bor. Yetishmayotgan yagona narsa — shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik.

Shu bilan birga, hokimlar va mahalla darajasidagi mas’ullarga metodik bilim va amaliy tajriba yetishmayotgani, tegishli vazirlik va idoralar esa ularga yetarlicha ko‘mak bermayotgani ochiq aytildi. Ayrim tumanlarda shakllangan muvaffaqiyatli tajribalar — masalan, Arnasoyda chorvachilik, Sho‘rchida banan yetishtirish, Quvada anorchilik, Bo‘stonliqda asalarichilik yo‘nalishidagi ishlanmalar — boshqa hududlar uchun ham tayyor namuna bo‘la olishi mumkin. Ammo bu tajribalarni ommalashtiradigan va qamrovini kengaytiradigan tizim hali yo‘q.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga bir oy muddat ichida ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar imkoniyatlarini o‘rganib, eng yaxshi amaliyotlar asosida metodik qo‘llanma tayyorlash topshirildi. Hokimlar esa joylarda bu ishlar ijrosini ta’minlab, odamlarni ishli qilish, daromadini oshirish va kundalik muammolariga aniq yechim topish uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Prezident ta’kidlaganidek, endilikda har bir vazirlik va hokimlik faoliyati mahalla bilan chambarchas bog‘lanadi. Qabul qilinayotgan har bir qaror mahallada qanday o‘zgarish bo‘lishini aniq ko‘rsatib berishi shart.

Joriy yil uchun ham aniq va katta maqsadlar belgilangan: 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish.

Qisqasi, islohotlar endi raqamlarda emas, mahalladagi har bir oila hayotida sezilishi kerak. Ana shundagina o‘zgarish haqiqiy, natija esa barqaror bo‘ladi.

Mavzuga oid yangiliklar
So'nggi yangiliklar
Ko'p o'qilganlar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.