18 yoshli qiz 19 yoshli qizni fohishalikka ko‘ndirmoqchi bo‘ldimi?

Jizzax viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatga urinishni fosh etdi, deb IIV matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘allaorol tumanida yashovchi 18 yoshli qiz Sharof Rashidov tumanidan bo‘lgan 19 yoshli qizni Tailandning Bangkok shahriga olib borishni rejalashtirgan.
IIV qayd etishicha, gumonlanuvchi qiz jabrlanuvchini “mo‘may daromad” va’dasi bilan ko‘ndirishga uringan. Xabarda aytilishicha, u fohishalik bilan shug‘ullanish orqali kuniga 350–400 dollar topishni va’da qilib, safar xarajatlarini ham o‘z zimmasiga olishini bildirgan. Vazirlik e’lon qilgan videomaterialdan qizning safar maqsadini bilganini anglash mumkinligi ta’kidlangan.
12 yanvar sanasiga Toshkent–Bangkok yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar rasmiylashtirilgani, shu kuni chet elga chiqish uchun Toshkent xalqaro aeroporti tomonga yo‘l olingani aytiladi. Biroq ular Jizzax viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan Do‘stlik tumanidagi Manas-14 YPX maskanida to‘xtatilib, protsessual tartibda ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!