"Inter" dahshatli kambek qildi: ikki golga olti marta javob qaytardi

Italiya A Seriyasining 22-turi birinchi uchrashuvi haqiqiy gollar festivaliga aylandi. Milandagi «Inter» o‘z maydonida «Piza»ni qabul qildi va 6:2 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Eng yoqimlisi — bu g‘alaba oddiy emas, super kambek bilan keldi: milanliklar ikki gol ortda qolgan holda o‘yinni butunlay o‘z foydasiga burib yubordi.
Uchrashuvning boshlanishida mehmonlar ancha jasorat ko‘rsatdi. «Piza» safida Stefano Moreo 11- va 23-daqiqalarda ketma-ket gol urib, dubl qayd etdi. Shu paytda tribunalarda “nima bo‘lyapti o‘zi?” degan kayfiyat paydo bo‘lgani aniq.
Lekin «Inter» bu darajadagi zarbadan keyin yanada qattiqroq qaytdi. 39-daqiqada Pyotr Zelinskiy penaltidan hisobni qisqartirdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Lautaro Martines hisobni tenglashtirdi — va o‘sha yerdan boshlab maydonda “intercha rejim” yoqildi.
Birinchi taym tugashiga yaqin Franchesko Pio Espozito 45+2 daqiqada gol urib, milanliklarni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi taymda esa «Piza» qarshiligi tobora sindi: 82-daqiqa Federiko Dimarko, 86-daqiqa Anj-Yoan Bonni, 90+3 daqiqa Genrix Mxitaryan gol urib, hisobni mutlaq yirik ko‘rinishga olib keldi — 6:2.
Qisqasi, «Inter» bu kecha muxlislarga “qo‘rqmanglar, biz uyg‘ondik” degan spektakl ko‘rsatdi.
A Seriya. 22-tur
Inter – Piza 6:2
Gollar: Zelinski 39 pen, Martines 41, Espozito 45+2, Dimarko 82, Bonni 86, Mxitaryan 90+3 – Moreo 11, 23
Inter – Zommer, Bastoni, de Vrey, Bissekk, Augusto (Akanji, 80), Enrike (Dimarko, 34), Zelinski, Mxitaryan, Suchich (Barella, 60), Espozito (Tyuram, 61), Lautaro Martines (Bonni, 80).
Piza – Skuffet, Kalabresi, Kanestrelli, Koppola, Ture, Ebisher (Lorran, 70), Marin, Angori (Leris, 70), Moreo, Tramoni (Pichchinini, 46), Mayster.
Ma’lumot uchun, ushbu g‘alaba orqali «Inter» ochkolarini 52 taga yetkazib, 2-o‘rindagi «Milan»dan ustunlikni 6 ochkogacha oshirdi. Allegri shogirdlari esa 22-tur doirasidagi o‘z o‘yinini hali o‘tkazadi.