Farg‘ona viloyati tibbiyot birlashmasi rahbariga 3 yil qamoq jazosi berildi

Farg‘ona viloyatida fuqarodan ishga joylab qo‘yish evaziga pul talab qilgan tibbiyot birlashmasi rahbariga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Hudud” informatsion dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil oktyabr oyiga qadar O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasida norasmiy yordamchi IT mutaxassisi sifatida mehnat qilib kelgan fuqaro o‘zini axborot texnologiyalari operatori lavozimiga rasmiy ishga olishni so‘rab, birlashma rahbariga murojaat qilgan. Ammo mansabdor shaxs ushbu masalani “hal qilib berish” evaziga 500 AQSH dollari talab qilgani aytilmoqda.
Fuqaroning murojaati asosida Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda tegishli idoralar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir jarayonida tibbiyot birlashmasi rahbari kelishilgan pul mablag‘ini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq tibbiyot birlashmasi rahbari Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida aybli deb topilgan. Natijada unga ikki yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish va uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!