
Toshkent shahar hokimiyati poytaxtga viloyat haydovchilari kirishi cheklangani haqida ayrim internet manbalarida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. Rasmiylar bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, gap taqiqlar haqida emas, balki shahar kirish infratuzilmasini zamonaviylashtirish rejalari haqida ketayotganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim kirish punktlari poytaxt ma’muriy hududidan tashqariga ko‘chirilishi rejalashtirilgan. Ularning o‘rnida zamonaviy avtoturargohlar, dam olish maskanlari va jamoat transportiga qulay ulanish nuqtalari tashkil etiladi. Shu bilan birga, haydovchilar uchun tanlov erkinligi saqlanib qoladi: istaganlar shaxsiy avtomobilida shaharga kirishi mumkin, xohlovchilar esa mashinani kirishda qoldirib, jamoat transporti orqali harakatni davom ettiradi.
Bu yondashuv dunyo amaliyotida keng qo‘llaniladigan Park & Ride modeliga asoslangan. Ushbu tizim orqali shahar markaziga kiruvchi transport oqimi kamayib, tirbandliklar qisqaradi. Shuningdek, havo ifloslanishi darajasi pasayadi, shahar ekologiyasi yaxshilanadi va harakat xavfsizligi oshadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Park & Ride modeli haydovchilarni markaziy hududlarda avtoturargoh qidirish tashvishidan ham xalos qiladi. Bu esa vaqt tejalishi va harakat madaniyatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Shahar hokimiyati poytaxtda transport tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish, jamoat transporti ulushini oshirish va Toshkentni yanada qulay hamda yashash uchun maqbul megapolisga aylantirish asosiy maqsad ekanini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.