O‘zbekistonda o‘limlar soni oshmoqda

O‘zbekistonda 2025 yilda hayotdan ko‘z yumganlar soni 177 104 kishini tashkil qildi. Milliy statistika qo‘mitasi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur raqam 2024 yil bilan solishtirilganda 2,7 ming kishiga ko‘paygan.
Bir yil davomida vafot etganlarning 55,1 foizi erkaklar (97,5 ming kishi), 45,9 foizi ayollar (81,4 ming) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, vafot etganlarning 54,1 foizi shahar hududlarida istiqomat qiluvchilar (95,7 ming kishi), 45,9 foizi esa qishloq joylarda yashovchilar (81,4 ming kishi) bo‘lgani qayd etilgan.
O‘lim sabablari tahlil qilinganda, fuqarolar eng ko‘p qon aylanish sistemasi kasalliklari tufayli vafot etgani aytilmoqda. Mamlakatda har yili o‘lim holatlarining yarmidan ortig‘i aynan qon aylanish tizimi xastaliklari sabab yuz berishi ta’kidlanadi. 2025 yilning so‘nggi choragida shu omil ortidan vafot etganlar soni 104 ming kishidan oshib ketgan. Keyingi o‘rinlarda esa o‘sma kasalliklari, nafas organlari kasalliklari va boshqa turdagi kasalliklar o‘limga olib kelgan.
Hududlar kesimida o‘lim ko‘rsatkichlari
-Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 10 400;
-Andijon viloyati — 16 948;
-Buxoro viloyati — 9394;
-Jizzax viloyati — 6294;
-Qashqadaryo viloyati — 15 637;
-Navoiy viloyati — 4781;
-Namangan viloyati — 14 397;
-Samarqand viloyati — 19 670;
-Surxondaryo viloyati — 12 891;
-Sirdaryo viloyati — 4624;
-Toshkent viloyati — 16 984;
-Farg‘ona viloyati — 18 695;
-Xorazm viloyati — 9481;
-Toshkent shahri — 16 926.
2030 yilgacha maqsad va umr davomiyligi dinamikasi
O‘zbekistonda 2030 yilga qadar aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi yillar kesimida quyidagicha keltirilgan:
-1991 yilda — 66,4 yosh;
-1995 yilda — 69,1 yosh;
-2000 yilda — 70,8 yosh;
-2005 yilda — 71,8 yosh;
-2010 yilda — 73 yosh;
-2015 yilda — 73,6 yosh;
-2020 yilda — 73,4 yosh;
-2023 yilda — 74,7 yosh;
-2024 yilda — 75,1 yosh.
Shavkat Mirziyoyev 2025 yil avgust oyida Mustaqillik kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan bayram tantanasida so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar 6 karra oshirilganini, aholining turmush sharoitlari yaxshilanib borayotgani natijasida o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 73,8 yoshdan 75,1 yoshgacha uzayganini qayd etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!