Chilonzorda “kiberbunker” fosh etildi: minglab ma’lumotlar musodara qilindi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida noqonuniy “kiberbunker” — ya’ni yashirin call-markaz faoliyati fosh etildi. Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatiga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbiri davomida ko‘p qavatli uy yerto‘lasida tashkil etilgan “ofis” aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari ushbu joyda maxsus uskunalar bilan jihozlangan, odamlarni telefon orqali “iliq gap” bilan ilib ketadigan tizimni fosh qilgan.
Tergovgacha bo‘lgan ma’lumotlarda aytilishicha, Andijon viloyatida yashovchi, muqaddam firibgarlik bo‘yicha ikki marta sudlangan 32 yoshli J.T. hamda uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini go‘yoki Uzum Market savdo ilovasining “yutuqli o‘yini”da g‘olib bo‘lgani haqida yolg‘on xabar bergan. Keyin esa “sovg‘a”ni rasmiylashtirish bahonasida pulni jabrlanuvchining kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha “Alhikma Ilm” MCHJga o‘tkazish kerakligini aytgan. Ular bu mablag‘ keyinchalik “korxona tomonidan qoplab beriladi” deb ishontirib, pul o‘tkazdirishga erishgan.

Firib sxemasi faqat qo‘ng‘iroqlar bilan cheklanmagan. Guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini “mahsulot yetkazib beruvchi” qilib ham ro‘yxatdan o‘tkazgan. Agar xaridor mahsulotni talab qilsa yoki “shikoyat qilaman” deb norozi bo‘lsa, ba’zi hollarda ataylab juda arzon, sifatsiz yoki umuman buyurtmaga mos kelmaydigan tovar yuborishgan. Maqsad bitta: odamni chalg‘itib turib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitini to‘liq “so‘rib olish”. Pul o‘tkazilib bo‘lingach esa, ko‘p hollarda aloqa butunlay uzib qo‘yilgan.
Tekshiruvlarda “Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MCHJlar orqali ushbu “kiberbunker”da 16 nafar operator ishlagani aytilmoqda. Dastlabki tergovga qadar kamida 50 nafar fuqaroning 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘i noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirilgani qayd etilgan.
Tezkor tadbir vaqtida 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari, shuningdek 2 500 nafardan ortiq fuqaroning to‘liq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari ro‘yxatlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda guruhning boshqa hududlardagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zarar miqdori va uni qoplash masalasi bo‘yicha dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, “Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MCHJlar faoliyati bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar Toshkent viloyati IIBBning quyidagi raqamlari orqali murojaat qilishi mumkin:
+998717622135, +998717622024, +998717622025.
Qisqa xulosa: “sovg‘a yutdingiz” degan gapni eshitsangiz, avval miyani, keyin bankni qutqaring — hech kim sizga kreditingizdan “vaqtincha” pul olib, keyin “qaytarib beraman” deb xayrli ish qilib yurmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!