Toshkentda uch avtomobil to‘qnashdi, Porsche haydovchisi jabrlandi

13 yanvar kuni tungi soat 01:55 atrofida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Hodisa Islom Karimov va Botir Zokirov ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lib, unda Lacetti, Porsche va Spark avtomashinalari o‘zaro to‘qnashgan.
Ma’lum qilinishicha, to‘qnashuvda 1995 yilda tug‘ilgan I.Q. boshqaruvidagi Lacetti, 2006 yilda tug‘ilgan B.X. boshqaruvidagi Porsche hamda 1990-yilda tug‘ilgan R.A. boshqaruvidagi Spark ishtirok etgan.
YTH natijasida Porsche rusumli avtomashina haydovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozircha boshqa jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv va tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tartib-idora xodimlari voqeaning barcha sabab va holatlarini aniqlamoqda.
YHXB esa barcha yo‘l harakati ishtirokchilarini qoidalarga qat’iy amal qilish, tezlikni me’yorda ushlash va ayniqsa tungi vaqtda ehtiyotkorlikni oshirishga chaqirdi. Tunda yo‘l bo‘shdek ko‘rinadi, lekin xatoni kechirmaydi — rulda “bir lahza” ham qimmatga tushishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!