17:30 / 24.05.2017
4 294

Ziyoratgohmi yoki tijoratgoh?

Ziyoratgohmi yoki tijoratgoh?
Mamlakatimizdagi ziyoratgohu qadamjolarni sanab adog‘iga etolmaysan kishi. Birgina viloyatimizning o‘zida ulug‘ allomalar, aziz avliyolar yoki buyuk sarkardalar nomi bilan bog‘liq ko‘plab qadamjolar bor. Xalqimiz ushbu maskanlarni qalban e’zozlash niyatida ziyorat qilishadi. O‘z navbatida, ushbu qadamjolarning obodligi uchun nazr-niyoz, sadaqa-ehson berishni ham kanda qilishmaydi, albatta.
Yashirishdan ne naf. Hukumatimiz tashabbusi bilan obod va ko‘rkam maskanga aylantirilgan mazkur qadamjolarda ayrim fuqarolar, mutasaddilar tomonidan g‘amxo‘rliklarni suiiste’mol qilish, ulardan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish holatlari ham kuzatilmoqdaki, bu ko‘plab diyonatli ziyoratchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotir.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tuzilgan ishchi guruh tarkibida Nurobod tumani hududidagi Hazrati Dovud ziyoratgohiga tashrif buyurar ekanmiz, qadamjo mutasaddilari, maskanga biriktirilgan xodimlar-u ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sub’ektlari, savdo shoxobchalari tomonidan bir qator noqonuniy xatti-harakatlarga qo‘l urilayotgani guvohiga aylandik.
Hali ziyoratgohga etmasingizdan ikki chaqirim pastda avtomobillar uchun to‘siq o‘rnatilgan bo‘lib, shu erning o‘zidan pullik xizmatlar boshlanadi. Avtoturargoh xodimlari har bitta mashina uchun 3 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha sanab olyapti. 28 ta «Damas» rusumli avtoulov ziyoratchilarni asosiy darvozagacha bo‘lgan qariyb ikki kilometr masofaga belgilangan ming so‘m o‘rniga, 1,5 ming so‘mdan haq olib, tashiyapti. Ziyoratgohga asosiy kirish darvozasiga etgach, kattalardan 1000, talabalardan 800, bolalardan 500 so‘mdan, chet el fuqarolardan 5 AQSh dollari miqdorida belgilangan summa olinyapti.

Ziyoratgoh kirish qismi yonginasida joylashgan kushxonada xususiy tadbirkor F.Davronov ziyoratchilar olib kelgan jonliqlarni so‘yib berish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Bir qo‘ydan 1 kilogramm xom go‘sht, bir dona parranda uchun 3000 so‘m naqd pulni xizmat haqi sifatida olayotgan korxona hech qanday hujjatsiz uch nafar yollanma ishchini faoliyatiga jalb etgan. So‘yilayotgan jonliqlarni veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish xizmati yo‘lga qo‘yilmagan. Hatto qassoblarning sog‘lomligini tasdiqlovchi tibbiyot daftarchalari ham mavjud emas. Qo‘y yoki parrandadan chiqadigan ikkilamchi mahsulotlar – kalla-pocha bitta xonada bir necha kunlab saqlanayotgani bois tevarak-atrofni qo‘lansa hid bosgan. Qon va boshqa chiqindilar 90 litr hajmdagi bochkada yig‘ilsa-da, ularning qaysi chiqindixonaga chiqarib tashlanayotgani to‘g‘risidagi savolimizga javob ololmadik. Hatto kushxonada o‘z vaqtida yuvish va tozalash ishlari olib borilmagan.

Maskan rahbari D.Davronovning hududdagi savdo nuqtalari soni haqidagi ma’lumotlarni harchand yashirishga uringani sababini boshida tushunmadik. Kuzatuvlarimiz jarayonida mutasaddining siri ochildi. Ya’ni, ziyoratgohda mavjud 50 dan ziyod savdo ob’ekti, 10 dan ziyod oshxona, bir talay suratkashlik xizmati, tahoratxona-yu hojatxonalarni yurgizayotgan «tadbirkorlar»ning aksariyati davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatni taqdim qila olmadi. Tadbirkorlik sub’ektlari nazorat kassa mashinasi, to‘lov terminalisiz, mijozga chek bermay, bankdan hisob raqami ochmasdan, naqd pul topshirmasdan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

– Respublikamizning ko‘plab qadamjolarini ziyorat qilganman, – deydi sirdaryolik sayohatchi S.Mamalatipov. – Lekin ularning hech birida Hazrati Dovuddagi kabi holatga tushmaganman. Dam olishimiz uchun besh kishilik chorpoyani 200 ming so‘mga «pullashdi». o‘orga kirish uchun har birimizdan 10 ming so‘mdan talab qilishdi. Hatto mullavachchalar ham ikki og‘iz tilovati uchun uyalmasdan falon so‘m berasan deb, talab qilishmoqda. Do‘kon xodimlari, boshqa xizmatlarga qo‘yilgan ishchilar muomalasining qo‘polligi kayfiyatingizni buzadi.

Maskanda odam nihoyatda gavjum, turli viloyatlardan kelgan qariyalar, xotin-qizlar, bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular safida xorijlik sayyohlar ham bor. Maskanga tez-tez kelib turadigan ziyoratchilarning ta’kidlashicha, bu erga kuniga kamida 10 ming odam tashrif buyurar ekan. Agar ziyoratchilardan tushayotgan pulni hisoblasangiz, bir necha yuz million so‘mni tashkil etadi. Afsuski, bu pullarning qanchasi davlat g‘aznasiga, qanchasi «tadbirkor» cho‘ntagiga tushadi, buni mutasaddilar hal qilsa, yaxshi nazarimizda. Yuqoridagi tafsilotlardan ayonki, ziyoratgohda noqonuniy ishlar istagancha topiladi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ziyoratgohmi yoki tijoratgoh?