21:40 / 01.06.2017
7 715

«Na sebya», «Ot sebya», «Mы otkrыlis», «Farxadskiy», «Alayskiy», «Sergeli»…

«Na sebya», «Ot sebya», «Mы otkrыlis», «Farxadskiy», «Alayskiy», «Sergeli»…
Ertalab uydan chiqishingiz bilan «na sebya», «ot sebya», «mы otkrыlis» degan yozuvlarga ko‘zingiz tushganmi? Albatta! «Farxadskiy», «Alayskiy», «Sergeli» degan so‘zlar quloqqa eshitilganmi? Unga ham javob – «albatta»!
Men rus tilini yomon ko‘rmayman, dushman emasman, lekin biz qayerdamiz? Bu diyorning asosiy millati, davlat tili qaysi?

Bunga «Uzreport»dan quyidagicha javob topdim: «Har yili 21 oktyabr yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi. 1989 yil 21 oktyabr kuni “Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Ma’lumki, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Ona tili – millatning ruhi hisoblanadi».

Unda ayting-chi, bizning «ruhimiz» qani?
Moskvada qirg‘iz millatiga mansub bir kishi menga shunday degan edi: «Biz tilimizni shunchalik avaylab-asraymizki, uni urintirib qo‘ymaslik uchun hatto u tilda gapirmaymiz…»

Bu achchiq qilib aytilgan gap zamirida nelar borligini sezyapsizmi? Uni endi qayta tiklab bo‘larmikin? Biz ham «o‘sha martaba»ga qarab ketmayapmizmi? Nega biz o‘zimizning tilimizdan, elimizdan, dilimizdan kechamiz, uyalamiz? Biz kimmiz? Rus tilida so‘zlashadigan zamonaviy o‘zbekmizmi? Yoki ruscha gapirish, gaplarimiz orasiga tiqishtirish zamonaviylik belgisimi? Zamonasida nega Alisher Navoiy hazratlari deyarli uni o‘chib borayotgan turkiy tilida bong urganlarini bilasizmi? Agar u kishi shijoat qilmaganlarida bugun biz bu tilda biyron-biyron so‘zlayotgan bo‘larmidik? Agar bugun biz ham e’tiborsiz bo‘lsak, ertamiz, kelajagimiz nima bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bugungi kunda borgan sari har bir ishimiz, hushimiz, e’lonimiz, yaxshimiz, yomonimiz faqat rus tilida jimjimador qilib bezatilmayaptimi?

E’tibor berganmisiz, ko‘cha-ko‘ylarda, devorlarda, daraxtlarda yopishtirib qo‘yilgan kichik-kichik qog‘ozlaru katta-katta matolarda onda-sonda uchrab turadigan yozuvlarning ayrimlarigina o‘zbekcha bo‘lmasa, qolganlarining aksarlari ruscha emasmi?
Xo‘p, Toshkent shahrida rusiyzabonlar uchrab turadi deylik, vodiylar, vohalarda-chi? Xo‘p, yana aytaylik, rusiyzabonlar borligi uchun ruscha yozyapmiz desak, nega Buxoroda, Samarqandda tojikcha, Xorazmda turkmancha, Namangan chetlarida qirg‘izchayu, Andijonning ayrim erlarida uyg‘urcha yozmaymiz? Toshkentda-chi? Qozoqlar yo‘qmi? Albatta, bor! Uyimizni sotish, mashinamizni savdoga qo‘yish, do‘konimiz, ustaxonamizni ochish uchun «mы otkrыlis» deb yozish shartmikin? Rossiyaga borganmisiz? O‘zbeklar g‘uj-g‘uj qaynagan, xaridorlari, oshpazlari, hatto mijozlari deyarli 100 foiz o‘zbeklar bo‘lgan oshxonada biror dona o‘zbekcha yozuv ko‘rganmisiz? Bo‘lsa bordir, lekin men ko‘rmaganman. O‘zbekistondan ko‘chib ketgan ruslar ham o‘zbekcha gapirmaydi. O‘zbekistondagi o‘zbeklar ruscha gapirganda ular nega ham gapirsin, to‘g‘ri emasmi?

Millatimiz, davlatimiz tilida yozish, so‘zlash xunukmi yo undan uyalasizmi? Men uyalmayman. Faxrlanaman hatto! Ana endi siz ayting-chi, muhtaram uyalganlar, or qilganlar va yana mutasaddilar, BIZ QAERDAMIZ, O‘ZBEKISTONDA EMASMI?…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Na sebya», «Ot sebya», «Mы otkrыlis», «Farxadskiy», «Alayskiy», «Sergeli»…