Sobiq ittifoq davrida Davlat xavfsizligi qo‘mitasining razvedka boshqarmasida xizmat qiluvchi josus ayollar ko‘p bo‘lmagan, ammo etarli edi. Ayollarni razvedka xizmatiga qabul qilish jarayoni juda qat’iy talablar bo‘yicha amalga oshirilgan. Shuning uchun ham josus ayollarning xizmati bebaho va hatto, ba’zi hollarda beqiyos bo‘lgan.
Qo‘mitaning ichki talablariga ko‘ra, bo‘lajak josus ayollar ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lib, o‘z-o‘zini qat’iy boshqara olishi, chet tillarni mukammal bilish bilan birga albatta, nazokatu farosatda benazir bo‘lishlari shart edi.
Lenin haqidagi bolalarbop kitoblari bilan mashhur bo‘lgan yozuvchi Zoya Voskresenskaya ana shunday qobiliyatlarga ega bo‘lgan mohir josus ayollardan biri edi. Uning haqiqiy ismi Zoya Ribkina bo‘lib, tashqi razvedka sohasida “Irina” josuslik laqabi bilan 25 yil xizmat qilgan. U maxsus topshiriqlar bilan ikki yil Xarbinda bo‘lgan, Germaniya, Avstriyada yashagan, Rigada baronessa niqobi ostida xizmatni o‘tagan. Keyinchalik u Moskvada tashqi razvedka ishlari bo‘yicha tahliliy-nazoratchi bo‘lib xizmat qilgan. Yozuvchilik faoliyatini esa, Zoya Ribkina, nafaqaga chiqqanidan keyin boshlagan.
Shuni ta’kidlash joizki, sobiq ittifoq davri Davlat xavfsizligi qo‘mitasi xizmati safida ayollar tergovchi vazifasida ishlamagan. Ammo 80-yillarda Xavfsizlik qo‘mitasi bo‘linmalaridan birini Galina Smirnova boshqarib, polkovnik unvoniga erishgan.
“Go‘zal ayol har qanday odamning e’tiborini tortadi”, deydi bir film qahramoni. Sobiq ittifoq DXQ xizmati razvedka boshqarmasi kadrlar bo‘limi mas’ullari uchun esa bu so‘zlar shior misol edi. Josuslik xizmatiga faqat eng chiroyli va sarvqomat ayollarni qabul qilganlar. Nomzod ayolning tashqi ko‘rinishi bir necha kishidan iborat komissiya a’zolari muhokamasidan o‘tar edi.
Yangi xizmatchilarga josuslik vazifalaridan tashqari, ayollik latofatini ishga solish, erkaklar ruhiyatini oldindan seza bilish qobiliyatlari singdirilar edi.
DXQ josus ayollari uchun tashqi go‘zallik asosiy quroldir. Ular bu “qurol”ni ishga solib, dushman sirlaridan voqif bo‘lishi, maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Ana shunday ishvago‘y josus ayollardan biri aktrisa Olga Chexova 1932 yilda Germaniyaga maxfiy topshiriq bilan jo‘natilib, u erda reyxsmarshal Gering bilan yaqindan tanishib olishga muvaffaq bo‘lgan. Josus ayol Germaniya davlat boshqaruvi siyosatida Gitlerdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi bu shaxsdan bilib olgan barcha ma’lumotlarni vataniga yuborib turgan. Olganing chiroyi va aktrisalik mahorati yaxshi “ish berib”, u nafaqat Gering bilan balki boshqa amaldorlar bilan ham yaqin shaxsiy munosabatlar o‘rnata olgan.
Shuningdek, Irina Alimova ham ajoyib iste’dodlarga boy josus ayollardan edi. O‘tgan asrning eng mashhur josusi Rixard Zorge josus ayollarni qanchalik yomon ko‘rmasin, uning faoliyatini aynan josus ayol Irina Alimova davom ettirgan. Irina Yaponiyada sovet rezidenti sifatida faoliyat olib borib, imperatorning rafiqasiga yaqin dugona bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lgan. Aynan Irina orqali sobiq ittifoq rahbarlari Amerika harbiy bazalari joylashgan Yaponiya hududlari haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritganlar.
DXQ tashqi va ichki tazvedka xizmatida “tungi kapalak” josuslari ham bo‘lgan. Razvedka boshqarmasining bu bo‘limiga shijoatkor komsomol qizlarni ishvali, ammo o‘ta sovuqqon qilib Qozon shahri yaqinida tashkil etilgan maxsus maktab tarbiyalab berar edi. Maxsus maktabda qizlarga turli shahvoniy filmlar yordamida “o‘ta nozik ish” sirlari o‘rgatilar edi. Sobiq ittifoq davrida bunaqangi “ko‘rpaosti” mashg‘ulotlar u yoqda tursin, hatto bu haqda gapirish ham taqiqlanar edi. Ammo ruslar ta’biri bilan aytganda: jangda g‘olib bo‘lish uchun har qanday vosita yaxshi! Shu maqsadda DXQ “ko‘cha xonimlari”ni ham yollab ishlatgan holatlar mavjud. Umuman olganda, Qozondagi maxsus maktabda faqatgina qizlar emas, balki “nozikta’b” yigitchalar ham tahsil olgan.
Hatto eng oilaparvar erkakni ham rom eta oladigan josuslar nima uchun kerak bo‘lgan, degan haqli savol tug‘iladi. Kompromat, ya’ni qarshi ma’lumot yig‘ish uchun, albatta. DXQning qora ro‘yxatiga tushgan shaxs o‘zining badxulqi yoki ko‘ngilchanligi sabab, tez va osongina qarmoqqa ilingan. Bunda maxsus o‘rgatilgan “tungi kapalak” ob’ekt e’tiboriga tushib, oxir-oqibat visol uchrashuviga erishadi. Ob’ektning tashabbusi bilan amalga oshgan visol uchrashuvi aslida uyushtiriladi. Uchrashuv joyi go‘yoki tasodifan tanlangan xona esa aslida maxsus jihozlangan bo‘lib, hodisa tasviri va ovozi yozib olinadi. Natijada DXQ ob’ektga nisbatan bosim o‘tkaza olishi uchun dalil, ya’ni kompromatga ega bo‘ladi. Albatta, ob’ekt o‘zi haqidagi sharmandali ma’lumotlarni ommalashib ketishidan qo‘rqib, DXQga yollanadi yoki ularning talabini bajarishga majbur bo‘ladi.
Sobiq ittifoq davrida DXQning bu “nayrangi” o‘tmay qolgan holat ham kuzatilgan. Masalan, Indoneziyaning prezidenti Ahmad Sukarno (1945—1967 yillar) eng sifatli amerika kinoplyonkasiga yozib olingan “visol uchrashuvi”ni ko‘rib, SSSR davlat rahbarlarining kutilmagan bu “sovg‘a”sidan g‘oyat mamnun bo‘lgan. Buning ustiga, Indoneziya prezidenti bir emas, bir necha nozaninlar bilan uchrashgan holati tasvirlangan plyonkani ko‘paytirib berishlarini so‘ragan.
Kutilmagan bu holatdan so‘ng sobiq ittifoq davlat rahbarlari Indoneziya prezidentidan “umidini uzgan”i aniq. Ammo Ahmad Sukarnoning o‘ziga qarshi dalillarga bildirgan munosabati xanuzgacha jumboqligicha qolmoqda: bu yo taktika, yo soddalik!
DXQ xizmatida ayollar uchun maqbul lavozimlar ham bo‘lgan. 1979 yilda Yuriy Andropov eshitish moslamalaridan foydalanishni joriy etganidan so‘ng joylarga maxsus apparatlar, aniqrog‘i eshitish nuqtalari o‘rnatila boshlandi. Eshitish punktlari operatorligi lavozimlariga ayollarni afzal bilishdi. Operator ayollarga o‘ta qat’iy talablar qo‘yilar edi. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra ular 50 dan ortiq ovozlarni bir-biridan ajratishi, xorijiy tillarni mukammal bilishi shart edi. Operator ayollar magnitafon tasmasiga yozilgan so‘zlashuvlarni stenografiya usulida qog‘ozga tushirish bilan shug‘ullangan.
Aytish joizki, bugungi kun maxsus xizmatlarida ham ayollar faoliyati beqiyosdir. Texnika va kommunikasiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi josuslik xizmatida ayollarning ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo eng maxfiy ma’lumotlar saqlanadigan ob’ektlarda faqat ayollar xizmat qiladi.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar