date

JST bosh kotibi: “2026-yil O‘zbekistonning a’zoligini nishonlaymiz”

JST bosh kotibi: “2026-yil O‘zbekistonning a’zoligini nishonlaymiz”

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH tashrifi chog‘ida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh kotibi Ngozi-Okonjo Iveala bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat asosiy mavzusi – O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlari va jarayonning qay tarzda kechayotgani haqida bo‘ldi.

Uchrashuvdan so‘ng Iveala juda ijobiy fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi islohotlar va Prezident tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘llab-quvvatlash ishlari jarayonni keskin tezlashtirgan.

“O‘zbekistonning iqtisodiyoti yiliga deyarli 6 foiz o‘smoqda. Bu ko‘rsatkich jahon miqyosidagi 3 foizlik o‘sish sur’atidan ikki baravar yuqori. Bu natijalar mamlakatda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning samarasini ko‘rsatadi”, – dedi bosh kotib.

Unga ko‘ra, muzokaralar juda faol olib borilyapti va jarayon deyarli yakunlanish arafasida. Noyabr oyida ishchi guruh yig‘ilishi belgilangan bo‘lib, martga qadar asosiy bosqichlarni tugatish rejalashtirilmoqda. Agar barchasi rejaga mos kechsa, O‘zbekiston 2026-yilda JSTning to‘liq a’zosi sifatida rasman qabul qilinishi mumkin.

Iveala shuningdek, O‘zbekiston muzokarachilari jamoasiga yuqori baho berdi. “Jamoa juda qattiq mehnat qilmoqda. Prezident Mirziyoyevning yetakchiligi va Saida Mirziyoyeva xonimning qo‘llab-quvvatlashi jarayonni yanada kuchaytirayapti”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, bosh kotib jarayonning oson kechmayotganini ham tan oldi. Unga ko‘ra, deyarli barcha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan bo‘lsa-da, AQSH bilan bog‘liq masalalar hali ham ochiq qolmoqda. “Bu eng muhim va jiddiy yo‘nalishlardan biri, lekin harakatlar davom etadi. Biz yaxshi niyatdamiz”, – dedi Iveala.

Shu tariqa, O‘zbekistonning ko‘p yillik intiq orzusi bo‘lgan JSTga a’zolik masalasi yaqin kelajakda amalga oshishi mumkinligi yanada aniq ko‘rinib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » JST bosh kotibi: “2026-yil O‘zbekistonning a’zoligini nishonlaymiz”