date

“Bank va ma’rifat” forumida moliyaviy bilim va kitobxonlikka yangi sur’at berildi

“Bank va ma’rifat” forumida moliyaviy bilim va kitobxonlikka yangi sur’at berildi

2025-yil 24–26-sentyabr kunlari poytaxtdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida aholi moliyaviy savodxonligini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan yirik tadbir – “Bank va ma’rifat” forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum Markaziy bank tashabbusi bilan tijorat banklari, nashriyotlar, Noshirlar assotsiatsiyasi va qator tashkilotlar hamkorligida amalga oshirildi. Unda moliya va ma’rifat sohalari kesishgan nuqtalarda aholining bilimlarini oshirishga yo‘naltirilgan tashabbuslar muhokama qilindi.

Forum doirasida banklar va nashriyotlar o‘rtasida 9 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Xususan, Xalq banki – Asaxiy Books, Mikrokreditbank – “IjodNashr”, Sanoatqurilishbank – “Mutolaa” loyihasi, Turonbank – Gutenberg, Aloqabank – Tingla AI va Cosmos Books, TBC bank – Asian Book House, Milliy bank – “Akademnashr”, InFinBank – “Yangi asr avlodi”, Anorbank – Farengeyt Press bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Tadbirning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – mahalla kutubxonalari loyihasi bo‘ldi. Bu tashabbus “Kutubxonachi qiz” Telegram-kanali asoschisi Shahnoza Navro‘zovaning Buxoro viloyatida ochgan ilk mahalla kutubxonasi tajribasidan ilhomlanib, 2024-yilda Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

O‘tgan yilning may oyida Toshkent shahrida 109 ta mahallada kutubxonalar ochilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni butun mamlakat bo‘ylab 116 taga yetdi. Loyihada 17 ta tijorat banki ishtirok etdi. Masalan, Milliy bank – 16 ta, Xalq banki – 12 ta, Ipak yo‘li banki – 9 ta, Turonbank – 7 ta mahalla kutubxonasi tashkil qilishda homiylik qildi.

Har bir kutubxonaga mingtadan kitob taqdim etilib, aholining bilim olish va kitobxonlik imkoniyatlari yanada kengaytirildi.

“Bank va ma’rifat” forumi orqali moliyaviy savodxonlik va ma’naviyatni birlashtirish orqali jamiyatda yangi qadamlar qo‘yildi. Moliya salohiyati bilan ma’rifatni uyg‘unlashtirish – kelajak avlod uchun mustahkam asos yaratishi ta’kidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Bank va ma’rifat” forumida moliyaviy bilim va kitobxonlikka yangi sur’at berildi