Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan suhbatda mamlakat hududida ikkinchi atom elektr stansiyasi (AES) barpo etish taklifini bildirdi. Uning aytishicha, bu loyiha Ukrainaning Rossiya nazoratidagi hududlariga elektr yetkazib berish maqsadida amalga oshirilishi mumkin. Kreml sayti 26 sentyabr kuni uchrashuv bayonnomasini e’lon qildi.
Lukashenko izoh berishicha, yangi stansiya Belarusning sharqiy qismida qurilishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, bu orqali Xerson, Zaporijjiya, Luxansk va Donesk kabi Rossiya o‘ziniki deb hisoblayotgan viloyatlarga energiya uzatish ko‘zda tutilgan.
«“Rosatom” allaqachon atom energetikasi sohasini kengaytirish imkoniyatlarini ishlab chiqqan. Moliyaviy masalalar haqida omma oldida to‘xtalmayman, lekin bizda turli variantlar mavjud. Agar zarurat tug‘ilsa, yangi blok yoki butun boshli stansiya qurishga darhol kirishish mumkin», — dedi Lukashenko.
Rossiya prezidenti esa taklifga ehtiyotkorona munosabat bildirdi: «Agar elektr energiyasini olib, belgilangan ta’rif bo‘yicha to‘laydigan iste’molchi bo‘lsa, bu umuman muammo emas», — dedi Putin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!