13:43 / 19.08.2017
5 772

Tirikchilikmi, tirriqchilik?! Yoxud svetoforning «to‘rtinchi chirog‘i»

Tirikchilikmi, tirriqchilik?! Yoxud svetoforning «to‘rtinchi chirog‘i»
Yurtimizning har bir go‘shasi kundan kun chiroy ochayotgani, ayniqsa, ko‘chalarimiz qiyofasi go‘zallashib borayotgani barchamizni birdek xursand etadi. Bunday keng va ravon yo‘llardan avtoulovlarni eldirib borarkanmiz, musaffo osmon ostida, obod yurtda yashayotganimizdan dilda shukronalik hissi jo‘sh uradi.

Faqat jamiyat yuziga tushgan dog‘ kabi ko‘rinayotgan bir jihat xususida gapirmaslikning sira iloji yo‘q. U ham bo‘lsa ko‘cha va jamoat joylarida tilanchilik qilayotgan odamlar, xususan, yosh bola, qiz-juvonlarning sezilarli darajada ko‘zga tashlanayotganidir. Har kuni ko‘chaga chiqqanimizda ularga duch kelayotgan ekanmiz, bunga panja orasidan qarab bo‘lmaydi. Svetoforning «to‘rtinchi chirog‘i» deya istehzoli nomlangan bunday odamlar orasida haqiqatda shunga majbur bo‘lgan, ish topolmay, noilojlik ko‘chasiga kirib qolganlar ozchilikni tashkil etadi. Nega deganda, ma’lum bir nuqtani egallagan yoxud aniq bir yo‘nalishda ikki bekat u yoqqa, uch bekat bu yoqqa yurib tilanchilik qiladigan, «hasratli» so‘zlari haydovchi va yo‘lovchilarga yod bo‘lib ketganlar talaygina. Bu poytaxtimiz ko‘chalarida ko‘zga tashlanadi. Misollar istagancha topiladi.

— Sirg‘ali tumani O‘zgarish dahasidan necha yildan beri avtobusda shahar markazidagi ishxonamga qatnayman, — deydi D.Xudoyqulova. — Bir yosh yigitni bilaman. Kunora avtobusga chiqadi. Quruq, hissiz ovozda «Otam o‘lgan, onam tashlab ketgan, ikkita singlim bor…» deb boshlagan «tavallosi» hammaning asabini buzadi. Albatta, unga achinib, pul beruvchilar topiladi. Yo‘qsa, u bu ishini yillar davomida bajarmasdi. Yaqinda shu yigit chiptachi bilan dahanaki urishib ketsa deng. Chiptachi yaqindan bilarkan, shekilli, uni yolg‘onchilikda aybladi va chipta sotib olishini talab qildi. Bekatda tushib qolgan tilanchi zo‘ravonga aylanib, avtobusga, hozirgina unga rahmi kelib pul uzatgan odamlarga qarata tosh otdi…

Taassufki, bundan battar holatlar ham bor. Yana bir opaga qo‘l cho‘zib turgan gadoy ayolning sumkachasidan mayda pulini izlab qolganiga toqat qilolmay: «Bo‘laqol-ey, vaqtim ziq», degani ham haqiqat. To‘g‘ri, ba’zan tilanchilik qilishga majbur bo‘lib qolganlar ham bo‘ladi. Lekin bugungi zamonda izlagan imkon topadi-ku. Qolaversa, chorrahada mashinalar to‘xtar-to‘xtamas jonini xatarga qo‘yib, chopa-chopa pul terayotgan bolalar ertaga kim bo‘lib etishadi?!

— Poytaxtga kelib, chorrahalardan birida to‘xtashim bilan o‘n yoshlardagi bola yugurib keldi, — deydi qarshilik bir haydovchi. — Mashinaning davlat raqamiga ham qarab oldi. Qo‘lida mix bor va agar pul bermasam yurishim bilan mashinamga mix bilan chizib yuborguday. Tushib quvib yuboraymi yo mayda-chaqa berib tinchgina ketaymi — bilmay qoldim. Pul beraqoldim. Boshimni og‘ritib yuramanmi, dedim…

Hamkasblar davrasida shu mavzudan gap ochganimda navbatma-navbat ko‘rgan-kechirganlarini so‘zlay ketishdi. Biriga juda po‘rim kiyingan yoshi katta kishi o‘zini «professor» deb tanishtirib, uyiga ketishga puli tugab qolgani, boshqasiga so‘nggi rusumda kiyingan qizlar uchrab, metroga tushishga puli etmay qolganini aytib yordam so‘ragani, tag‘in kimgadir sadaqa bermasa tuflash bilan po‘pisa qilganlar ro‘baro‘ kelgani, qizig‘i, ularni boshqalar ham uchratgani o‘rtaga chiqdi. Shuning­dek, opichlab olingan yosh go‘daklar nega ko‘pincha karaxt yo uxlayotgan bo‘lishi xususida so‘z bordi. Ba’zilar bola tinch turishi va sulaygan holda odamlarning rahmini keltirishi uchun spirtli ichimlik yo shunga o‘xshash narsa ichirishdan ham tap tortmas ekan…

— Gadoylar haqida gap ketsa, Artur Konan ­Doylning Sherlok Xolms ishtirokidagi hikoyalaridan biri esga tushadi, — deydi IIV YHX xodimi A.Yunusov. — Unda yo‘qolib qolgan yozuvchini topishda Xolmsdan yordam so‘raladi. U esa to‘g‘ri ko‘chaga chiqib, bir tilanchini etaklab kiradi. Yuzi yuvilib, janda kiyimi almashtirilgach, qidirganlar yozuvchini tanishadi. Qisqasi, gadoylar hayoti haqida yozish uchun ularning ichiga kirgan adib bora-bora mo‘may daromad topgani uchun bu ishni kasbga aylantirgan bo‘ladi. Demoqchimanki, tepaga chiqishdan pastga tushish oson bo‘lgani kabi, ishyoqmas, yuz terisi qattiq odamlar tilanchilikni kasb qilib oladi.

Mana, siz yo boshqa bir kasb egasi o‘qib-o‘rganib, intilib, qiyinchiliklarni engib, kamolotga etayapsiz. Tilanishni esa tasavvur ham qilolmaysiz. Shuning o‘zi bu ishning qanchalik jirkanch ekanligini ang­latmaydimi?! Masalaning yana bir tomoni esa, qo‘li ochiq xalqmiz-da, uchragan tilanchini quruq qo‘ymaymiz. Bu bilan esa tanballar soni ortishiga hissa qo‘shayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Holbuki, aksariyat to‘rt muchasi sog‘ tilanuvchilarga izlasa, albatta, loyiq ish topiladi. Ularning yo‘llar chetida turib olishini (agar belgilangan yo‘l harakati qoidasini buzmasa) cheklash esa boshqa masala…

Bu ishning yanada hadisini olganlar bor ekan. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda turli usullar bilan hisob-raqami yoki telefon raqamiga pul tashlatib olishni ham eplasharkan. Bir tanishimning aytishicha, shundaylardan biri sakkiz yildan beri «tog‘dan tusholmaydi», ya’ni dovonda qolib ketgan, mashinada kasal onasi bor… Duch kelgan telefon raqamiga SMS yozib «paynet» qilib yuborishini so‘raydi. O‘tgan vaqt mobaynida so‘raladigan summa miqdori ham ko‘payib borayotganmish. SMSni ko‘rib yoqa ushlaysan, kishi. Ilk bora «rostdan ham shunday bo‘lsa-chi», degan xulosaga kelish ham mumkin-da…

Mamlakatimizga turli o‘lkalardan sayyohlar, mehmonlar keladi. Yuzaga kelayotgan mazkur holatlar esa ularning yurtimiz va yurtdoshlarimiz haqida noto‘g‘ri xulosa chiqarishiga sabab bo‘lmaydi, deb aytolmaymiz.

Din nima deydi?

Bunday olib qaraganda xayr-ehson qilish muqaddas islom dinimiz ko‘rsatmasiga, qolaversa, milliy qadriyatlarimizga borib taqaladi. Shunday ekan, shariatda uni amalga oshirish tartibi xususida nima deyilgan?!

— Ibodatning turi ko‘p — ma’naviy, jismoniy, moliyaviy ibodatlar bor, — deydi Yunusobod tumanidagi «Mirza Yusuf» jome’ masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov. — Binobarin, moliya­viy ibodatning ma’nosi shuki, inson o‘ziga Alloh taolo ato etgan moddiy ne’matlardan U Zotning roziligi yo‘lida sarflashi lozim. U to‘g‘ri bo‘lishi uchun, eng avvalo, mablag‘ halol kasbdan, halol yo‘l bilan topilgan bo‘lishi shartdir. Bu asosiy masala.

Keyingi muhim masala mablag‘ni halol yo‘lga, shar’iy maqsadlarga sarflashdir. Ammo Allohning sinovi kelib, o‘z mehnati bilan o‘zini, ahli oilasini ta’minlay olmagan odam qanday yo‘l tutishi kerak? Islom ezgulik, yaxshilik, mehr-muruvvat, xayru saxovat dinidir. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, birodarining ehtiyojini o‘zinikidan ustun ko‘rish dinimizda eng yuksak qadrlanadigan, barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan fazilat hisoblanadi. Ulamolarimiz aytadilarki, dinimizda sadaqa yoki yordam so‘rab kelgan odamni, ya’ni soilni jerkimaslikka, uni imkon qadar quruq qaytarmaslikka buyurilgan. Ammo soil ham soillik qilishga haqli bo‘lishi lozim. Gap shundaki, musulmon kishiga tilanchilik qilish mumkin emas.

Faqatgina nogiron yoki bir kunlik taomi ham yo‘q yoxud katta qarzga botgan kishigina birovlardan narsa so‘rab, ehtiyojini qondirishi mumkin. To‘rt muchasi sog‘lom, hech bo‘lmasa hammollik bilan ham tirikchilik qila oladigan kishiga birovlardan narsa tilanish joiz emas. Boylik orttirish maqsadida tilanish esa mutlaqo mumkin emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ansorlardan biri soillik qilib keldi. Uning to‘rt muchasi sog‘ edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga uyidagi bor narsasini pullab, bu mablag‘ga arqon va bolta xarid qilish va o‘tin terib kelib sotishni buyurdilar. Haligi odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga amal qilib, hech qancha vaqt o‘tmay, tirikchiligi yaxshilanganini aytib, u zotga minnatdorlik bildirdi.

Demak, sadaqa va xayru ehsonga kimlar haqli ekanini bilib olish kerak. Buning uchun Qur’oni Karim oyatlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini o‘rganish lozim. Umumiy qoida shuki, Alloh imkon bergan odamlar jiddiy, uzrli sabab bilan o‘z-o‘zini ta’minlay olmayotgan, haqiqatan muhtoj bo‘lib qolgan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishi kerak. Odatda bunday insonlar iffatlari, uyatlari kuchli bo‘lganidan o‘zlarining hojatmand ekanini yashiradi. Asl holni bilmagan odam sirtdan ularni boy deb o‘ylaydi.

Nafaqani, xayr-ehsonni ana shunday toifadagi insonlarga qilish kerak. Ammo ular andisha qilib, o‘z holatlarini yashirsa, xiralik qilib, odamlardan tilanmasa, sadaqa beraman deb, bunday kishilarning his-tuyg‘ularini oyoqosti qilib qo‘ymaslik kerak. Ehson Alloh uchun qilinayotgan bo‘lsa, imkon qadar maxfiy tarzda qilingani ma’qul. Ixlos bilan, Alloh taoloning roziligini ko‘zlab sadaqa qilavering, u yog‘ini Alloh taoloning O‘zi biladi.

Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda aytiladiki, Nabiy alayhissalom: «Kim o‘zida etarli narsa bo‘laturib odamlardan tilansa, qiyomat kuni yuzi tirnalgan holda keladi», dedilar… Shu va shu mazmundagi boshqa shar’iy dalillar asosida etarli narsasi bor odamga tilanchilik qilish harom, degan hukm chiqarilgan.

Tilanchilik ko‘ngilni g‘ash qiladigan noxush ishdir. Shariatda yashashi nihoyatda qiyinlashib, tang ahvolda qolgandagina, o‘zini halokatdan qutqarish uchungina tilanchilik kilishga ruxsat berilgan. Lekin umr bo‘yi tilanchilikni kasb qilib olish, o‘zi sog‘-salomat bo‘lsa ham, ishlamasdan, halol mehnat qilmasdan, balki mehnatdan qochib, boylik to‘plash uchun yoki umuman umrini tilanchilik orqali o‘tkazish uchun tilanchilik qilish shariatga to‘g‘ri kelmaydigan narsadir.

Afsuski, hozirgi kunda ko‘cha, masjid, mahalla va boshqa joylarda ham tilanishni odat qilib olgan kimsalar ko‘payib bormoqda. Bunday jirkanch ishni kasb qilib olganlarga biron narsa bermagan odam aslo gunohkor bo‘lmaydi, aksincha, sadaqaning asl mohiyatini to‘g‘ri tushunib olsak, uni faqat haqiqiy muhtojlarga bersak, jamiyatdagi tilanchilik illati ham asta-sekin yo‘qolib boradi. Bunga qarshi kurashish hammamizning burchimizdir.

Abdulatif Abdullaev


Manba: tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tirikchilikmi, tirriqchilik?! Yoxud svetoforning «to‘rtinchi chirog‘i»